Gipertrofiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gipertrofiya (giper... va yun. trophe — oziqlanish) — aʼzoning toʻqima elementlari (hujayralar, muskul tolalari) oʻsishi oqibatida shu aʼzo yoki uning biror qismining kattalashib ketishi. G.ga asosan aʼzoning zoʻr berib ishlashi sabab boʻladi. Chin va soxta, fiziologik va patologik G. farq qilinadi. Chin G. aʼzo parenximasi hisobiga roʻy bersa, soxta G. aʼzoda oraliq va yogʻ toʻqima vujudga kelishiga bogʻliq. Soxta G.da aʼzo funksiyasi kuchaymay, balki susayadi. Mas, jismoniy ish bilan shugʻullanuvchi sogʻlom kishilarda, shuningdek, sportchilarda doimiy zoʻriqish taʼsirida skelet va yurak muskullari kattalashib ketadi (fiziologik G.). Baʼzi patologik G. (kasallik oqibatida kelib chiqadigan G.) ham yuqoridagiga oʻxshash roʻy beradi. Yurak-tomir sistemasi (yurak poroklari, gipertoniya kasalligi) va baʼzi oʻpka kasalliklarida patologik G. kuzatiladi. Juft aʼzolar (mas, buyrak) ning bittasi olib tashlansa ikkinchisi kattalashib, uning vazifasini bajara boshlaydi, yaʼni G. boshlanadi (qoplama G.). Neyroendokrin buzilishlar ham patologik G.ga sabab boʻladi (qarang Akromegamiya, Girsutizm).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil