Kontent qismiga oʻtish

Gipertoniya kasalligi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Gipertoniya kasalligi
KXK-10 I10
KXK-9 401
eMedicine med/

Gipertoniya kasalligi (birlamchi (essensial) arterial gipertoniya, idiopatik arterial gipertoniya) — odamlarda koʻp uchraydigan (75% gacha) arterial qon bosimining oshishi. Sabablari koʻp boʻlib, asosan, turli oʻtkir yoki surunkali ruhiy (emotsional) iztiroblar, irsiy yoki kasbiy omillar, ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik, semizlik va boshqalar.

Gipertoniya kasalligi klinik kechishiga qarab ikki xil boʻladi: Birinchisi sokin, uzoq muddat davom etadigan va ikkinchisi shiddatli, tez rivojlanadigan hamda qisqa vaqt ichida bosh miya, buyrak yetishmovchiligi hamda koʻrishning keskin pasayishiga olib keladigan shakl.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan 1978-yilda qabul qilingan gipertoniya kasalligining tasnifi quyidagi bosqichlardan iborat: I bosqich qon bosimi oshishining koʻrsatkichi 140/90 mm simob ustunidan yuqori boʻlib (masalan, 150—180/90-* 105) markaziy nerv sistemasi, yurak-tomir va buyrak sistemasining zararlanishi belgilarisiz kechadi, uzoq muddat davom etmaydi va bemor iztirobdan qutilgandan soʻng hamda qon bosimini tushiruvchi, tinchlantiruvchi dorilar ichilgandan va organizmga maʼlum muddat dam berilgandan keyin uning ahvoli yaxshilanadi va arterial bosim koʻrsatkichlari tez orada moʻtadillashadi.

II bosqichda arterial bosimning sistolik koʻrsatkichi 160–179 mm simob ustuniga, diastolik koʻrsatkich esa 100–109 mm simob ustuniga teng boʻlishi va undan ham yuqoriga koʻtarilishi mumkin. Bu bosqichda patologik oʻzgarish asosan yurakning chap qorinchasi gipertrofiyasi bilan belgilanadi, shuningdek, toʻr parda tomirlarining yoyilgan yoki fokal torayishi, mikroalbuminuriya, yaʼni siydikda oqsil moddasi va qon plazmasida keratinin konsentratsiyasining qisman oshishi (1,2—2,0 mg/dl) kuzatiladi. Ultratovush tekshiruvi yoki angiografiya (son arteriyalarida, aortada, yonbosh va son arteriyalarida oʻtkazilgan) orqali aterosklerotik oʻzgarishlar (pilakchalar) ni aniqlash mumkin. Klinik shikoyatlari tez-tez bosh ogʻrishi, bosh aylanishi (gipertonik krizlar), yurak sohasida ogʻriq, noxushliklar, umumiy holatning yomonlashuvidan iborat.

III bosqichda bemorlarda qon bosimi koʻrsatkichlari yanada yuqori (sistolik-180—209 mm, diastolik esa 110–119 mm simob ustuniga teng va undan ham yuqori) va doimiy boʻladi. Bu bosqichning klinik manzarasi rang-barang boʻlib, nafaqat yurak-tomir sistemasida (stenokardiya, miokard infarkti), balki bosh miya qon tomirlarida ham patologik oʻzgarishlar (gemorragik insult, ensefalopatiya), buyrak yetishmovchiligi (nefroangioskleroz) hamda koʻz toʻr pardasiga qon quyilishi kuzatiladi. Bunday ogʻir asoratlar sodir boʻlgan paytlarda qon bosimi koʻrsatkichlari pasayishi, hatto normallashishi ham mumkin.

Gipertoniya kasalligiga toʻgʻri tashxis qoʻyish bemorda ikkilamchi arterial gipertenziya sabablarini bartaraf etishga bogʻliq. Gipertoniya kasalligini davolash murakkab va uzoq, davom etadigan jarayon boʻlib, bemordan vrach koʻrsatmalarini qatʼiy bajarishni talab etadi. Avvalo bemor oʻzining hayot faoliyati, ovqatlanish, ishlash va dam olish rejimlarini oʻzgartirishi, zararli odatlar, masalan, spirtli ichimlik ichish va chekishdan voz kechishi, shoʻr, yogʻliq ovqatlarni kam isteʼmol qilishi, semirishga yoʻl qoʻymasligi, kam suyuqlik ichishi, yengil jismoniy mashqlar qilishi: bir oz yurishi, sekin yugurishi (puls oʻlchanishi lozim), changʻida yurishi, velotrenajordan foydalanishi, dam olish kunlarini unumli oʻtkazishi (shahardan chetga chiqish, toza havodan nafas olish, tiniqib uxlash), autotrening bilan shugʻullanish, turli asabiy-ruhiy his-hayajonlardan uzoqroq boʻlishga harakat qilishi kerak. Shuningdek, psixoterapiya, giperbarik oksigenatsiya, elektruyqu, akupunktura va massaj usullaridan foydalanish lozim.

Doridarmonlar bilan davolanish oilaviy vrach yoki kardiologning koʻrsatmasi asosida olib boriladi. Hozirda qon bosimini tushiradigan preparatlarning turlari va son-sanogʻi juda koʻp. Davolovchi vrach gipertoniya kasalligining bosqichini hisobga olib, bir yoki bir necha gipotenziv preparatlarni bemor mizojini eʼtiborga olgan holda maʼlum muddatga tavsiya etadi va davo natijasini muntazam nazorat qilib boradi.