Gidromodul boʻyicha rayonlashtirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gidromodul boʻyicha rayonlashtirish —sugʻoriladigan yerlar maydonini qishloq xoʻjaligi ekinlari suv talabligi, mexanik tarkibi, sizot suvlari sathi chuqurligiga qarab mintaqalarga ajratish. Gidromodul boʻyicha rayonlashtirish sugʻorish kanallarining hisob-kitoblari va suvdan foydalanishni rejalashtirish va boshqarish uchun zarur. Barcha sugʻorish va suv berish normalari, suv berish oraligʻidagi davr, yaʼni gidromodul ordinatalari egat bilan sugʻorish uchun belgilanadi. Tuproqning mexanik tarkibi yengil, grunt suvlari chuqur boʻlsa, sugʻorish normasi kattaroq belgilanadi, suv berish normasi esa kichik, ammo soni koʻproq (suv berish davri choʻzilgan) boʻladi. Tuproq mexanik tarkibining ogʻirlashuvchi va grunt suvlarining koʻtarilishi bilan sugʻorish normasi kamayadi va suv berish normasi ortadi. Har bir zonada tuproq mexanik tarkibiga qarab yengil (qumli, qumloqi), oʻrta (yengil va oʻrtacha qumoqli) va ogʻir (ogʻir qumoqli, gilli va qatlamli) turlarga boʻlinadi. Oʻrta Osiyoning sugʻorma dehqonchilik mintaqalari har bir tuproq turi tarqalgan maydonlar, sizot suvlari sathining chuqurligiga qarab quyidagi gidromodul rayonlari ajratiladi: grunt suvlari sathi 3 m dan chuqur; 2—3 m, 1—2 m va 1 m dan kam boʻlgan rayonlar. Grunt suvlari sathi chuqurligiga koʻra yengil tuproqlarda 1, II, III; oʻrtacha tuproqdarda IV, V va VI, ogʻir tuproqdarda VII, VIII va IX gidromodul rayonlari belgilangan. Grunt suvlari chuq. 1 m va undan yuza boʻlgan hollarda tuproqning hamma turlari X gidromodul rayonga kiritiladi.

Sugʻoriladigan maydonlarning kengayishi natijasida tuproq qatlami va suvfizik va kimyoviy tarkibi turlicha boʻlgan yerlar ekinzorlarga aylanmoqda. Bunday yerlarda ekinlarni oʻstirish tuproqning shoʻrlanish darajasi va tipiga, sugʻorish suvining sifati va tuproq qatlamining tuzilishiga koʻra turli miqdorda suv talab qiladi. Shuning uchun ilmiy va loyiha tashkilotlari agrolandshaft Gidromodul boʻyicha rayonlashtirish, meliorativ va shoʻr yuvish rejimini hisobga oluvchi Gidromodul boʻyicha rayonlashtirish, grunt suvlari hosil boʻlishi va sugʻorishning shoʻr yuvish rejimi sharoitlarini hisobga oluvchi Gidromodul boʻyicha rayonlashtirish usullarini yaratish yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Shreder V. R. i dr., Raschetnie znacheniya orositelnix norm selskoxozyaystvennix kultur v basseyne rek Sirdari i Amudari, T., 1970; Ahmedov X. A., Sugʻorish melioratsiyasi, T., 1977.

Masharip Baqoyev.