Kontent qismiga oʻtish

Gidrogeologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gidrogeologiya (gidro... va geologiya) — yer osti suvlari haqidagi fan. Yer osti suvlarining tarkibi, xossasi, kelib chiqishi, harakati qonuniyatlari va tarqalishini, xoʻjalikka foydasi va zararini oʻrganadi, ulardan foydalanish yoʻllarini aniqlaydi, texnik tadbirlarni ishlab chiqadi. Yer osti suvlarini qidirish, miqdori va isteʼmol uchun yaroqliligini aniqlash, sugʻorish, sanoat korxonalari ehtiyojlarini qondirishda ulardan foydalanish, melioratsiya, botqoq yerlarni quritish va har xil muhandislik inshootlarini qurish kabi amaliy masalalarni ham hal etadi. G. gidrologiya, geologiya (shu jumladan muhandislik geologiyasi), gidravlika, geofizika, geokimyo, gidrokimyo, iqlimshunoslik, meteorologiya, tuproqshunoslik kabi fan sohalari bilan chambarchas bogʻlangan; mat., fizika, kimyo fanlari maʼlumotlariga asoslanadi, shu fanlarning tadqiqot metodlaridan foydalanadi.

Yer osti suvlari haqidagi bilimlar qadim zamonlardan boshlab toʻplanib kelgan. Shaharlar bunyodga kelishi va obikor dehqonchilik rasm boʻlishi bilan G. tez rivojlandi. Miloddan 2—3 ming yil avval hozirgi Oʻrta Osiyo va Ozarbayjon, Misr, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar hududida 100 m gacha chuqur quduqlardan suv olinganligi maʼlum. Oʻsha davrdayoq odamlar mineral suvlar bilan davolangan.. Beruniyning "Otilib chiqayotgan suvlarning tabiati toʻgʻrisida" risolasi G. ga oid dastlabki ilmiy asar hisoblanadi. Asarda Ustyurt, Sultonsanjar, Sariqamish, Sulton Uvaysdagi buloqlardan chiqayotgan suvlarning tabiati toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Uygʻonish davrida yer osti suvlari bilan Gʻarbiy yevropalik olimlaridan Agrikola, Palissi, Steno va b. shugʻullandilar. 19-asr oxiri — 20-asrning boshlarida grunt suvlarining tarqalish qonuniyatlari aniqlandi. 19-asrning oʻrtalarigacha G. geologiyaning tarkibiy qismi boʻlib rivojlandi, keyinroq alohida fan boʻlib ajraldi. G.ning rivojlanishiga fransuzlardan L. Darsi, J. Dyupyui, nemis olimlaridan E. Prins, K. Keylhaq, X. Xafyor, amerikalik olimlardan A. Xazen, O. Maynser, A. Leyn, rus geologlaridan S. P. Nikitin, I. V. Mushketov va b., 20-asrning 20-yillaridan V. P. Savarenskiy va O. Konge salmoqli hissa qoʻshdilar. 1925 yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetida Oʻrta Osiyoda yagona G. kafedrasi tashkil etildi. Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston hududlarida gidrogeologik tadqiqot ishlari olib borildi. 1930 yilda kafedra qoshida yer osti suvlari byurosi va bu byuro asosida 1931 yilda Oʻzbekistan yer osti suvlari instituti tashkil qilindi. Oʻrta Osiyo, ayniqsa, Oʻzbekiston hududida keng miqyosda gidrogeologik tadqiqotlar oʻtkazildi va Oʻzbekistan hududining birinchi gidrogeologik haritasi tuzildi. 1934 yilda Yer osti suvlari instituti Oʻzbekistonning yagona gidrometeorologik xizmati tarkibiga qoʻshildi.

1957 yilda Oʻzbekistonda G. tresti tashkil etildi. Keyingi yillarda bir necha gidrogeologik muassasalar barpo etildi. 1960 yilda Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti tashkil qilindi. 1960—63 yillarda G.ning meliorativ gidrokimyo, grunt suvlari rejimi va balansi, regional yer osti suvlarining resurslari, umumiy G. sohasi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi.

G. kompleks tadkikrtlar olib boruvchi fan boʻlib quyidagi tarmoqlarni oʻz ichiga oladi:Umumiy G. — yer osti suvlarining hosil boʻlishi, ularning fizik va kimyoviy xossalari va togʻ jinslari bilan oʻzaro aloqasini oʻrganadi. 20-asr ning 30—40-yillarida umumiy G.ning yangi sohasi paleogidrogeologiya (qad. geologik davrlardagi yer osti suvlari haqidagi taʼlimot) vujudga keddi; yer osti suvlari dinamikasi — tabiiy va sunʼiy omillar taʼsirida yer osti suvlarining harakatini oʻrganib, miqdorini aniqlaydi; yer osti suvlari tartibi va balansi haqidagi taʼlimot yer osti suvlaridagi oʻzgarishlar (sathi, temperaturasi, kimyoviy tarkibi, harakati)ga oiddir; gidrokimyo — yer osti suvlari kimyoviy tarkibining vujudga kelish jarayonlari va ulardagi kimyoviy elementlarning migratsiya qonunlarini oʻrganadi. 1950-yillarda mustaqil yoʻnalish olgan radiogidrogeologiya — yer osti suvlarida radioaktiv elementlarning migratsiyasini tadqiq qiladi (A. P. Vinogradov, A. N. Tokarev, A. V. Shcherbakov);mineral sanoat suvlari va termal suvlar toʻgʻrisidagi taʼlimot — mineral suvlarning paydo boʻlishi va kimyoviy tarkibini aniqlaydi, ularning asosiy genetik turlarini tasniflaydi, mineral suvlar manbaini topib, ulardan foydalanish yoʻllarini oʻrganadi; yer osti suvlarini qidirish va razvedka qilish — sugʻorish va suv bilan taʼminlashni tashkil qilish, yer osti suvlarini topish borasida ish olib boradi; meliorativ G. — sugʻoriladigan va quritiladigan hududlardan qishloq xoʻjaligida ratsional foydalanish maqsadida ularning gidrogeologik sharoitlarni yaxshilash metodlarini ishlab chikadi. Sugʻorish meʼyorlarini aniqlash, qishloq xoʻjaligini suv bilan taʼminlash, yer osti suvlari tartibini bashoratlash, tuproqning shoʻrlanishiga qarshi kurashishda meliorativ G.ning ahamiyati katta.

Oʻzbekistonda meliorativ G.ning taraqqiyotiga M. A. Shmidt, O. K. Lange, N. N. Hojiboyev, M. M. Krilov, Q. Gʻ. Gʻaniyev va b. muhim hissa qoʻshdilar; foydali qazilma konlarining G.si — yer osti suvlarining sanoat ahamiyatini aniqlash, oʻrganish, oʻzlashtirish, ishga tushirish bilan shugʻullanadi; regional G. — yer osti suvlarining turli tabiiy sharoitlarda tarqalish qonuniyatlarini geologik strukturalar bilan bogʻliq holda oʻrganadi. Regional G. geologik sʼyemkaga asoslanadi. G. sanoat suvlaridan yod, brom, bor, stronsiy, litiy, radiy va b. elementlarni ajratib olish, termal va oʻta issiq suv konlarini kidirish va razvedka qilish, bu suvlardan shahar hamda aholi yashaydigan joylarni isitish bilan ham shugʻullanadi. Gidrogeologik tadqiqotlarni Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, UzMU, ToshTU ning G. kafedralari olib boradi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil