Gialoplazma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gialoplazma (yun. hyalos — shisha va plazma), asosiy modda — hayvon va oʻsimlik hujayrasi sitoplazmasining yorugʻlik mikroskopida koʻrinadigan strukturaga ega boʻlmagan qismi. Elektron mikroskopda Gialoplazmaning ultrastrukturasi — membranalari, ribosomalari koʻrinadi. Bu strukturalar oraligʻida matriks, baʼzan G. deb ataladigan gomogen sitoplazma boʻladi. Gialoplazmaning bu qismi tarkibiga oqsillar, RNK, polisaharidlar, lipidlar va b. kiradi. Elektron mikroskop ostida gialoplazma gomogen va mayda donador tuzilishga ega. Sitoplazmaning fizik-ximik xususiyatlarini o‘rganish gialoplazmaning murakkab kolloid sistema ekanligini tasdiqlaydi. Gialoplazmada turli biopolimerlar: oqsil, nuklein kislota, polisaxaridlar va boshqa moddalar bo‘ladi. Bu sistema zol (suyuq) holatdan gel holatiga yoki aksincha, gel holatdan zol holatga o‘tishi mumkin. Elektron mikroskopik tadqiqotlar gialoplazma tartibli joylashgan ko‘p tarkibli sistema ekanligini ko‘rsatdi. Gialoplazma tuzilmalarsiz modda ko‘rinsa ham unda fibrillyar, ipsimon oqsil molekulalar hosil bo‘lishi yoki parchalanishi mumkin. Masalan: oqsil tubulinlarning ayrim molekulalari gialoplazmada ma’lum sharoitda naysimon strukturaga aylanishi yoki parchalanishi aniqlangan. Gialoplazmada glikolitik fermentlar, karbonsuv metabolizmi fermentlari, oqsil va lipid metabolizmining fermentlari, RNK va turli ionlar uchraydi. Gialoplazma hujayraning turli tuzilmalarini o‘zaro bog‘laydi. Hujayra uchun zarur bo‘lgan moddalarnnig hammasi, xususan, aminokislotalar, yog‘ kislotlari, nukleotidlar, karbonsuv, turli ionlar, ATF hujayraning turli tuzilmalariga gialoplazma orqali yetkazib beriladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

[1]

  1. Gistalogiya. Ibn Sino — 57-58 bet. 12-dekabr 2022-yilda qaraldi.  (Wayback Machine saytida 2022-07-09 sanasida arxivlangan)