Georgiy lentasi aksiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Bu maqola aksiya haqida. Rossiya Imperiyasi davridagi Avliyo Georgiy ordeni lentasi uchun Georgiy lentasi maqolasiga qarang.
Georgiy lentasi

Georgiy lentasi aksiyasi — fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalaba munosabati bilan ramziy lenta tarqatish ommaviy aksiyasi. Bu aksiyani ilk marotaba 2005-yil „RIA Novosti“ agentligi va „Studencheskaya obshina“ yoshlar tashkiloti oʻtkazgan.[1] Ayrim sobiq sovet respublikalarida bu aksiyaga yomon nazar bilan qaraladi.

Aksiya har yili 24-apreldan 12-maygacha shirkatlar va davlat budjeti hisobiga oʻtkaziladi. 2008-yilda Georgiy lentasi oʻttizdan oshiq mamlakatda tarqatildi. Hozirgi kungacha tarqatilgan lentalar soni 100 milliondan oshdi. Ushbu aksiya faol oʻtkaziladigan mamlakatlar qatorida Gretsiya, Ukraina, Estoniya, Latviya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy, Vyetnam va Afgʻoniston borligi aytiladi.[2]

Georgiy lentasining tashqi koʻrinishi va ranglari „1941-45 yil. Ulugʻ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun“ medali lentasiga mos keladi. Bu aksiya orqali tarqatiladigan lentalar Georgiy lentasi deb nomlansa-da, ayrimlar ular aslida Gvardiya lentasiga mos kelishini aytadi. Gvardiya lentalaridan fashistlar Germaniyasiga qarshi olib borilgan urushda erishilgan gʻalabaning ramzi sifatida foydalanilgan. Georgiy lentasi boʻlsa Yekaterina II davrida Avliyo Georgiy ordeni bilan birga yuzaga kelgan.

Aksiya „Bobom gʻalabasi — mening gʻalabam!“, „Boylab ol, agar unutmagan boʻlsang!“, „Unutganim yoʻq! Faxrlanaman!“, „Biz — buyuk gʻalaba avlodlari!“, „Gʻalaba uchun bobomga rahmat!“ kabi shiorlar ostida oʻtkaziladi.

2015-yil Oʻzbekistonda ayrimlar mamlakatda Georgiy lentasi tarqatilishiga qarshi chiqdi. Oʻzbekistonda lentaning tarqatilishiga qarshi chiqqanlar uning „Rossiya imperializmi timsoli“ ekanini aytishdi.[3] Aksiyani taqiqlash chaqiriqlari Qirgʻiziston va Qozogʻistonda ham kuchaydi. Ukraina boʻhroni ketidan Georgiy lentasi Ukraina sharqidagi ayirmachilarning ramzi sifatida koʻrila boshlandi.[4]

Manbalar[tahrir]

  1. Aksiya tarixi. Georgiy lentasi (ruscha). 30-aprel, 2015.
  2. Kubanda 300 mingdan oshiq Georgiy lentasi tarqatiladi. RIA Novosti (ruscha) (13-aprel, 2010). 30-aprel, 2015.
  3. Oʻzbekistonliklar Georgiy lentasiga qarshi aksiya boshladi. Ozodlik radiosi (19-aprel, 2015). 30-aprel, 2015.
  4. Qozogʻistonda Georgiy lentasini taqiqlash talab qilindi. Ozodlik radiosi (10-aprel, 2015). 30-aprel, 2015.

Havolalar[tahrir]