Geografik uzoq shakllarni duragaylash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Geografik uzoq shakllarni duragaylash — har xil geografik tur, turkum va ulardan yuqori taksonomik birliklarga mansub boʻlgan oʻsimliklarni chatishtirish; duragaylash turlaridan biri. G. u. sh. d. tur ichida, turlararo va turkumlararo duragaylashga boʻlinadi.Tur ichida G.u.sh.d. — bir tur miqyosida ekologik-geografik uzoq navlarni yoki turning madaniy va yovvoyi vakillarini chatishtirishdan iborat. Bu duragaylash kongruyent (ota-onalar bir xil genomga ega) chatishtirishga kiradi (nusxalarni chatishtirish oson boʻladi va olingan duragaylar nayel beradi). Bundam duragaylashdan qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasida navlarning kasalliklarga chidamli va b. qimmatli xoʻjalik belgilarini yaxshilash ishlarida foydalaniladi. Chunonchi bir yillik peru goʻzasini Perudan olingan koʻp yillik gʻoʻza bilan chatishtirib ingichka tolali gʻoʻzaning fuzarioz viltga chidamli navlari yaratilgan. Meksika gʻoʻzasi navlarini uning yovvoyi kenja turi — meksikanum nervozum bilan chatishtirib, vertitsillyoz viltga chidamli Toshkent navlari yaratilgan. Turlararo G. u. sh. d. har xil turga mansub oʻsimliklarni chatishtirish, yangi nusxalar olishda muhim manbadir. Bu usul madaniy oʻsimliklar seleksiyasida samarali qoʻllaniladi. Bugʻdoy, kungaboqar, kartoshka, tamaki, gʻoʻza va b. ekinlarning kuplab navlari shu usulda yaratilgan. Turlararo duragaylash inkongruyent (ota-ona nusxalar xromosomalari yigʻindisining mos kelmasligi, ular sonining har xilligi yoki sitoplazmaga bogʻliq boʻlgan tafovutlar mavjudligi) chatishtirishlar guruhiga kiradi va bunday duragaylashda (genetik va fiziologik nomutanosiblik tufayli) urugʻ kam hosil boʻladi. Bu hodisa negizida koʻpayish organlari tuzilishidagi nomuvofiqliklar tufayli chang naychalari bilan urugʻchi tumshuqchasi toʻqimasining nomutanosibligi, turlarning taraqqiyoti jarayonida xromosomalar strukturasining oʻzgarishi va genetik nomutanosiblikning kelib chiqishi, rivojlanishining turli bosqichlarida murtakning nobud boʻlishi singari turli-tuman sabablar yotadi.

Turkumlararo G. u. sh. d. — bir oilaga mansub ayrim turkumlar vakillari chatishtiriladi. Duragay uruglar olish usullari ishlab chiqilmagani sababli G. u. sh. d.ning bu xili oʻsimliklar seleksiyasida qoʻllanilmaydi (qarang Duragaylash).

Sultonmurod Norimov.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil