Gelmintosporiozlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gelmintosporiozlar - oʻsimliklarda Helminthosponum turkumiga mansub zamburugʻlar qoʻzgʻatadigan kasalliklar. Aksariyat gʻalla va texnika ekinlari zararlanadi. Kasallik gʻoʻza koʻsaklarining chanoqlarida ham uchrashi qayd etilgan. Arpa, bugʻdoy, suli, makkajoʻxori G. bilan kasallanganda oʻsimlik bargida qoʻngʻir dogʻlar paydo boʻlib, dogʻlar ostidagi toʻqimalar oʻladi. Kuchli zararlangan makkajoʻxori sovuq urganga oʻxshab qoladi. Sholi G. bilan kasallanganda unib chiqqan maysalari chiriydi, barglarida dogʻlar hosil boʻladi. Natijada ekin siyraklashib ketadi. Kasallangan maysaning ildiz boʻgʻzida zaytun yogʻi rangʻida gʻuborlar, barglarida esa mayda toʻq-qoʻngʻir dogʻlar paydo boʻladi. Arpa, sulining barglari, barg qini va doni toʻrsimon dogʻlanish koʻrinishini oladi, oʻsimlik bosh tortmaydi.

Kurash choralari: kuzgi shudgorni sifatli bajarish, yerga fosforli-kaliyli oʻgʻitlar solish, ekishni oʻz vaqtida qisqa muddatlarda oʻtkazish, maysalarni azotli oʻgʻitlar bilan oziqlantirish. Ekiladigan urugʻlikni raksil (1,5 kg/t) yoki derazali preparatlari (2 l/t) bilan dorilash kerak.

Latif Muhamedov.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil