Gelioseysmologij

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gelioseysmologij (gedio..., seys-mo..., ... logiya) — Quyoshning ichki tuzilishini tadqiq qilishga qaratilgan zamonaviy astrofizika yoʻnalishi. G. deb atalishiga sabab bu soha ham seysmik toʻlqinlarni oʻrganish asosida Yerning ichki tuzilishini oʻrganuvchi fan — seysmologiya kabi akustik toʻlqinlarni oʻrganib, Quyoshning ichki tuzilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplashga imkon beradi. G.da Quyoshning ichki tuzilishini oʻrganish Dopler tezligini oʻlchash, Quyosh yorqinligi va diametrining oʻzgarishini qayd etishga asoslanadi. Quyosh yuzasi davriy ravishda koʻtarilib va pasayib (tebranib) turishi tufayli uning uzoqlashuvi va yaqinlashuvi yorugʻlik spektral chizigʻiga taʼsir koʻrsatadi. Quyosh gardishining turli qismlari spektral chiziqlarini tahlil qilib tezliklar taqsimotini Dopler effektita asosan topish usuli G.da keng qoʻllaniladi. Quyosh tebranishlarini qayd etishda spektral chiziqning nihoyatda tor (angstermning yuzdan bir ulushi) sohasini oʻtkaza oladigan filtrdan foydalaniladi. Tebranish davrini katta aniqlikda oʻlchash uchun uzoq vaqt (bir necha oy) davomida uzluksiz kuzatuvlar oʻtkazish kerak. Tunda va havo bulut boʻlgan paytdagi uzilishlarning oʻrnini qoplash uchun Quyoshni turli qitʼalardan turib kuzatish kerak. Shuning uchun ham G. sohasidagi tadqiqotlar xalqaro hamkorlik dasturlari doirasida bajariladi. Bunday dasturlardan biri — IRIS loyihasida Oʻzbekiston FA Astronomiya instituti ham ishtirok etadi. Toshkent viloyatining Qumbel togʻiga loyiha teleskopi oʻrnatilgan. Tebranishlarni kuzatishdan olingan maʼlumotlar asosida konvektiv zona chuqurligi va Quyoshning ichki aylanish tezligi, Quyosh qaʼrida tovushning tarqalish tezligi va Quyosh moddasining notiniqligi, bosim va t-raning radius boʻylab tar-qalishlari oʻrganiladi. G. usullari Quyosh yuzasidagi faol sohalarni ular hali paydo boʻlmasdanoq oʻrganishga, uning qaʼridagi geliy miqdorini aniqlashga hamda neytrino muammolarini yechishga yordam beradi.

Sobit Plyosov.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil