Gavda temperaturasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gavda temperaturasi - odam va issiq qonli hayvonlar haroratining koʻrsatkichi; organizmda issiqlik uzluksiz hosil boʻlishi va atrofga chiqarib turilishi tufayli G. t. doim bir xidda saqlanadi. Organizmning ichki muhit va teri temperaturasi farq qilinadi. Ichki aʼzolar temperaturasi unda kechadigan biokimyoviy jarayonlar jadalligiga qarab oʻzgarib turadi. Jigar harorati yuqori (39° gacha), teri temperaturasi ichki aʼzolar temperaturasiga nisbatan ancha past boʻladi. Odatda qoʻltiq, baʼzan ogʻiz boʻshligʻi, toʻgʻri ichak temperaturasi oʻlchanadi. Odamda G. t. qoʻltiqdan oʻlchanganda aksari 36—36,8° boʻladi (baʼzi kishilarda 36° dan sal past yoki 37°dan sal yuqori boʻlishi mumkin). Gavda sirtidagi harorat ichki aʼzolar temperaturasidan ancha past. G. t. toʻgʻri ichakdan oʻlchanganda qoʻltiqdagiga nisbatan 0,5—0,8° ortiq chiqishining sababi ham shu. G. t. kun boʻyi ozgina oʻzgarib turadi, ertalab kamroq, kunduzi soat 12—16 larda yuqoriroq boʻladi. Tashqi muhit sharoitlari no-qulay boʻlganida yoki kishi jismoniy zoʻriqqanda, shuningdek turli kasalliklarda yoki termoregulyatsiya buzilganda (gipertermiya) G. t. oʻzgaradi. Koʻpincha yalligʻlanish va yuqumli kasalliklar haroratning koʻtarilishi bilan kechadi (qarang Isitma), kasallikka tashhis qoʻyishda buning ahamiyati katta. Turli zaharlanishlar, tinkani quritadigan kasalliklarda G.t.ning pasayishi (gipotermiya) kuzatiladi. G.t. tibbiyot termometri bilan oʻlchanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil