Gʻuzor tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(G‘uzor tumanidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search
Gʻuzor tumani
Гузарский район
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Gʻuzor
Suyunov Bekzod Olimovich hokim
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi
207 600
(2021 % )
Dinlar tarkibi musulmonlar
Gʻuzor tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5

Gʻuzor tumani - Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Shimolidan Qamashi, Chiroqchi, sharqdan Dehqonobod, gʻarbdan Qarshi va Nishon tumanlari, janubida 25 km masofada Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 2,62 ming km2. Aholisi 207,6 ming kishi (2021). Tumanda 1 ta shahar (Gʻuzor), 12 qishloq fuqarolari yigʻini (Batosh, Boʻston, Guliston, Gulshan,Mehnatobod, Pachkamar,Qorapul, Qoʻshtepa Xalqobod, Shakarbuloq, Sherali, Zarbdor) bor. Markazi — Gʻuzor shahri.[1]

Tabiati[tahrir]

Gʻuzor tumani Qashqadaryo viloyatining janubi-sharqida, Qashqadaryo daryosining oʻrta oqimida, Gʻuzordaryo havzasi, Gʻuzor adirlari va togʻ oldi qiya tekisliklarida joylashgan. Hisor togʻlarining eng chekka janubi-gʻarbidagi tarmoqlari boʻlgan Langar — Qorael togʻlarining oʻrtacha balandligi 800– 850 m. Pachkamar suv ombori sohillaridagi bu past togʻlar shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga yoʻnalgan, yon bagʻirlari yassi boʻlib, mutlaq balandligi 430–750 m boʻlgan Gʻuzor adirlariga tutashib ketgan. Adirlar zamini toʻrtlamchi davr loysimon jinslari bilan qoplangan, osti shagʻal va konglomerat qatlamlaridan tashkil topgan.

Gʻuzor tumani va unga tutash Qamashi, Qarshi va Nishon tumanlari doirasida katta zaxiraga ega boʻlgan gazli va gaz kondensatli yotqiziqlar Oʻzbekistondagi 5 ta neft-gazli regionning eng boy Hisor oldi hududini tashkil etadi.

Shoʻrtan gaz ishlab chiqarish va "Shoʻrtangazkimyo" majmualarining barpo etilishi bilan ularni sel xavfidan muhofaza etish maqsadida tumanning janubi-gʻarbida ixotazorlar, 10 ming ga yerda "Shoʻrtangazkimyo" ga qarashli maxsus oʻrmon xoʻjaligi tashkil qilingan. Iqlimi kontinental. Oʻrtacha yillik harorat 16°. Yanvarning oʻrtacha harorati 1,9°, eng past harorat —23°. Iyulning oʻrtacha harorati 26,6°, eng yuqori harorati 46°. Oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 285 mm. Yogʻinning asosiy qismi bahor va qish fasllarida yogʻadi. Vegetatsiya davri 272 kun. Tumanning shimoliy chekkasidan Qashqadaryo oqib oʻtadi. Shuningdek, Gʻuzordaryo va uning irmoqlari — Katta Oʻradaryo va Kichik Oʻradaryodir. Tuman hududida Pachkamar suv ombori qurilgan. Tuproqlari och va tipik boʻz tuproklar. Yovvoyi oʻsimliklardan tekisliklarda, asosan, qoramashoq, qoʻngʻirbosh, qorashoʻra, chalov, noʻxatak, istaran, kovrak, yantoq, yulgʻun, togʻli qismida naʼmatak, doʻlana va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, quyon, kiyik, chiyaboʻri, parrandalardan chumchuq, qargʻa, bedana, kaklik, chil, kalxat, burgut; kemiruvchilardan sichqon, kalamush; sudralib yuruvchilardan turli zaharli va zaharsiz ilonlar, echkemar, kaltakesaklar, suv havzalarida sazan, laqqa, qorabaliqlar uchraydi.

Aholisi[tahrir]

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tumandagi sanoat korxonalarining ko‘pligi sababli, tor doiradagi mutaxassislikka ega bo‘lgan bir qancha millatlar bu yerda yashab keladi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 56 kishi. Shahar aholisi 31,4 ming kishi, qishloq aholisi 176,46 ming kishi (2021).

Iqtisodiyoti[tahrir]

Tumanda 56 sanoat, qurilish korxonasi bor, shulardan yiriklari: paxta tozalash, taʼmirlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, taʼmirlash-qurilish, "Shoʻrtangaz" unitar-shoʻba, "Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi" sanoat korxonalaridir. Savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, avtovokzal, avtokemping, dehqon bozori bor. Gʻuzor tumanida 1500 ga yaqin fermer va dehqon xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda. Tuman qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilik, gʻallachilikka ixtisoslashgan, qoʻychilik (jumladan, qorakoʻl qoʻylari), qoramolchilik, parrandachilik ham rivojlangan. Yiliga qariyb 13 ming qorakoʻl teri tayyorlanadi. Tumandagi ekin maydonlarining 12,3 ming ga yeriga paxta, 26,7 ming ga yeriga don, shuningdek, sabzavot, kartoshka, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 32,9 ming qoramol, 259 ming qoʻy va echki, 55 ming parranda, 1,2 ming yilqi boqiladi (2003).

79 umumiy taʼlim maktabi (40 mingdan ziyod oʻquvchi), 3 litsey va 8 kasb-hunar kolleji (jami 1700 oʻquvchi) bor. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona, feldsher-akusherlik, qishloq vrachlik punktlari va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Tuman hududidan Toshguzar — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻl oʻtkazilgan. Qarshi — Kitob temir yoʻl, uning Shoʻrtanga boruvchi 15 km ga yaqin tarmogʻi, Toshkent — Termiz avtomagistralining (M-39) bir qismi, Qarshi — Gʻuzor, Shahrisabz — Qarshi va boshqa yoʻnalishlari boʻyicha avtomobil yoʻllari oʻtkazilgan. Gʻuzor shahridan Qarshi shahriga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.

Hokimlar[tahrir]

Tumanga mustaqillik yillaridan beri quyidagi shaxslar hokimlik qilib kelmoqda:

  • Yarash Nurillayev (1992-1996) Begimqul Eshqobilov (1996-1998)
  • Xo‘jam Qodirov
  • Xolbobo Bozorov
  • Shomurod Donayev (2007-2017)
  • Fozil Qulmatov (12.03.2017-08.02.2018)
  • Sadulla Boboqulov (27.08.2018-10.04.2020)
  • Suyunov Bekzod Olimovich (10.04.2020-hozirgi vaqtga qadar)

Manbalar[tahrir]

  1. Latif Erdonov, Abdulyaa Mamatov. "Gʻuzor tumani" OʻzME. Gʻ-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil