Gʻofur Rahimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gʻofur-Arslonbek Ahmedovich Rahimov
Gʻofur
Faoliyati turi: Tadbirkor
Tavallud sanasi: 22.07.1951
Tavallud joyi: Toshkent
Fuqaroligi: O‘zbekiston
Sayt: [www.gafurrakhimov.uz]

Gʻofur-Arslonbek Ahmedovich Rahimov — 1951-yil 22-iyulda Toshkentda, xizmatchi oilasida tavallud topgan. Oʻzbekiston Moliya Sanoat guruhlari rahbarlaridan biri. Oʻtgan asrning 80-90-yillarida Oʻzbekistonda taniqli „kriminal avtoritet“lardan biri boʻlib hisoblangan Gʻofur Rahimov, ayrim ommaviy axborot vositalari maʼlumotlarga koʻra, keyinchalik jinoyat olamidan yiroqlashib, legal tadbirkorlik bilan shugʻullana boshlagan.

Mustaqil Oʻzbekistonning dastlabki yillari Gʻofur Rahimov keng miqyosda va bozor iqtisodiyotini barcha ustunliklarini qoʻllab ishlaydigan bir qator tijorat kompanyalarini taʼsis etdi. Oʻsha yillari uning tijorat qiziqishlari doirasiga keng isteʼmol va kunlik ehtiyoj mollari bilan savdo qilish, xalqaro tijorat aloqalarini kengaytirish kabi masalalar kirar edi. Gʻ.A. Rahimov oʻzining ish operasiyalarini oʻzi prezident hisoblangan va asosiy aksiyalar egasi boʻlgan bir qancha kompaniyalar orqali amalga oshiradi. Aynan shu kompaniyalar yillar davomida mustahkam iqtisodiyot asosida Angliya, Avstraliya, Belgiya, Germaniya, Gollandiya, AQSH, Shveysariya, Fransiya kabi davlatlarning eng mashhur firmalari bilan sermahsul hamkorlik qilib kelmoqda. Gʻ.A. Rahimov firmalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida Oʻzbekistonga xalq isteʼmol mollari, kimyo, avtomobil va engil sanoati hom ashyolari keltiriladi. Bundan tashqari, Gʻ.A. Rahimov tomonidan turli davlat kompaniyalari bilan tashkil etilgan qoʻshma korxonalar juda samarali faoliyat koʻrsatmoqda.[1]

2007-yil boʻyicha madaniyat va sport sohasida erishilgan yutuqlar uchun Oʻzbekiston madaniyat va sport vazirligi tomonidan mukofotlanganlar orasida mamlakat prezidentining qizlari Gulnora va Lola Karimovalar bilan bir qatorda Gʻofur Rahimov hamda Oʻzbekistondagi yana bir „kriminal avtoritet“ Salim Abduvalievlar bor boʻlgan. Oʻshanda Gʻofur Rahimov „Sportning xalqaro miqyosdagi faol targʻibotchisi“ oʻlaroq taqdirlangangan.[2]

Mehnat faoliyati[tahrir]

  • 1958 y. — sport maktab-internatida oʻqish, mutaxassislik — boks.
  • 1968 y. — Sovet Armiyasi safida harbiy xizmat.
  • 1975 y. — Palmiro Tolyatti nomli Leningrad iqtisodiyot institutida oʻqish, mutaxassislik — muhandis-iqtisodchi.
  • 1975-1986-yillar. — Oʻzbekiston Savdo Vazirligida ish faoliyati, shu vaqtning oʻzida „Dinamo“ MSJ da boks boʻyicha murabbiy.
  • 1986-1990-yillar. — AKAMP (kooperativ, hissadorlik va kichik korxonalar uyushmasi) ijtimoiy harakatida ishtirok.
  • 1990-1993-yillar. — Evropa ishbilarmon hamkorlari bilan hamkorlikda eksport-import kompaniyasining tashkil topishi.
  • 1993-1998-yillar. — Oʻzbekiston Boks Federasiyasi vitse-prezidenti.
  • 1998-yildan — Xalqaro Havaskor Boks Federasiyasining (AIBA) Ijroqoʻm aʼzosi, AIBA Biznes-Komissiyasi Raisi.
  • 1999-yildan — Markaziy Osiyo Mintaqasidan Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) vitse-prezidenti.
  • 2001-yildan — Oʻzbekiston MOQ vitse-prezidenti, 2005-yili qayta saylangan.
  • 2002-yildan — Xalqaro Boks Federasiyasi (AIBA) vitse-prezidenti.
  • 2003-y. — Osiyo Olimpiya Kengashining Faxriy ordeni bilan taqdirlangan.
  • 2004-yildan — „Mehrjon-Sport“ Respublika Xayriya Jamoat Fondi Vasiylik Kengashi Raisi.
  • 2006-yildan — Xalqaro Boks Federatsiyasi Ijroiy vitse-prezidenti
  • 2007-yildan — Osiyo boks federatsiysi Prezidenti

Sportdagi homiylik[tahrir]

Sport Gʻofur Rahimov hayotida doimo asosiy oʻrin tutgan. Oʻsmirlik yillari Gʻofur Rahimov sport bilan jiddiy shugʻullangan, ayniqsa boksga qiziqqan. U shuningdek, tennis va futbolni yaxshi oʻynaydi. U Oʻzbekistonlik sportchilarni yirik xalqaro turnirlarda ishtirok etishlarida homiylik qilgan.

G’.A. Rahimov xalqaro sport harakatida ko`zga ko`ringan rolni o`ynaydi: Markaziy Osiyo Mintaqasidan Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) vitse-prezidenti, Xalqaro Boks Federasiyasining (AIBA) vitse-prezidenti, AIBA Biznes-Komissiyasi Raisi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Osiyo Olimpiya Kengashi Bosh Assambleyasi Ijroqo’mining 2003-yil yanvardagi qaroriga binoan OOK vitse-prezidenti G’.A. Rahimov Osiyo Olimpiya Kengashining “Olimpiya harakati rivojiga qo`shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlandi. [3]

Taʼziq va qora chizgilar[tahrir]

2010-yilda prezidentning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova bilan biznesdagi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga kirishganidan soʻng Gʻafur Rahimov hukumat marhamatidan mosuvo boʻlgan va Oʻzbekistondan chiqib ketgan. Hozirda, BAA ning Dubay shahrida istiqomat qilayotganligi haqida maʼlumotlar bor.[4]

23-fevral kuni AQSh Moliya vazirligi asosan postsovet hududi va Yaponiyada faol boʻlgan ikki yirik xalqaro jinoiy toʻdaga qarshi jiddiy amaliy hujumga oʻtdi — bu toʻdalarning AQSh banklaridagi hisoblarini muzlatdi va AQSh fuqarolarining ular bilan har qanday hamkorligini taqiqladi. Bu roʻyxatda Oʻzbekistonlik Gʻafur Rahimov ham kiritilgan. "Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan „Birodarlik xalqasi“ (Bratva) dagi belgilovchi shaxs boʻlgan Gʻafur Rahimov oʻzbek uyushgan jinoyat olami etakchilaridan biri va u Markaziy Osiëda narkotik moddalar ishlab chiqarish boʻyicha ixtisoslashgan. Rahimov dunëning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bogʻliq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deyiladi AQSh Moliya vazirligi oʻz rasmiy saytida eʼlon qilgan hujjat matnida.[5]

Sidneydagi Olimpiada oʻyinlarida Osiyo olimpiya kengashi rasmiysi sifatida qatnashishga borgan Gʻafur Rahimovni Avstraliya xavfsizlik idoralari „xalqaro narkobaron“ degan shubha bilan mamlakat hududiga kiritmagan va bu voqea xalqaro maydonda shov-shuvga sabab boʻlgan.[6]

2012-yil Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Gʻafur Rahimov fuqaroligini oʻzgartirgani sababli, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi nizomining (20.3.2-moddasi) talabiga muvofiq, Milliy Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti vakolatlarini muddatidan oldin toʻxtatish va uning qoʻmitaga aʼzolik maqomi oʻz kuchini yoʻqotgan, deb tan olish haqida qaror qabul qilgan.[7] 2012-yil 23-iyundan eʼtiboran, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ijroqo‘mi qaroriga ko‘ra uning MOQ aʼzosi sifatidagi statusi o‘z kuchini yo‘qotdi. [8] Oʻzbekiston Boks federatsiyasida ham bir oy oldin Gʻafur Rahimovga nisbatan shunday qaror qabul qilingan.

2013-yil 13-fevral kuni Gʻofur Rahimovga nisbatan jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 52 yoshli Rahimov Gʻafur-Arslonbek Ahmedovich Oʻzbekiston jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 228-moddasi (Davlat proba tamgʻalarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) boʻyicha ochilgan jinoyt ishi doirasida qidiruvga berilgan.[9]

Manbalar[tahrir]

  1. Rasmiy sayt. Tarjimai hol
  2. Ғофур Раҳимов ООК вице-президентлигига қайта сайланди
  3. Sport faoliyati
  4. „Gʻafur Rahimov hukumat bilan kelisholmay qoldi“
  5. Gʻafur Rahimov AQSh sanksiyasiga tortildi
  6. „Gʻafur Rahimov lavozimlarini saqlab qolmoqda“
  7. Informatsionnoe soobщenie olympic.uz
  8. Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti o‘z vakolatini tugatdi
  9. "Криминал авторитет" Ғафур Раҳимов қидирувга берилди

Havolalar[tahrir]