Mahmudjon Gʻafurov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Gʻafurov Mahmudjondan yoʻnaltirildi)

Mahmudjon Gʻafurov (1917.20.10 — Toshkent — 2000.5.1) — xonanda (tenor), aktyor. Oʻzbekiston xalq artisti (1950). 1939-yildan Muqimiy teatrida aktyorxonanda. shuningdek, Navoiy teatri yakkaxon xonandasi (1951 — 53). Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan musiqali dramalarda Tohir (T.Jalilov, "Tohir va Zuhra"), Alpomish (T.Jalilov, "Alpomish"), Haydar (T.Jalilov, "Nurxon"), Subhonqul (S.Boboyev, "Vatan ishqi"), Tursunali (M.Leviyev, "Oltin kul") kabi bosh qahramonlar obrazlari Gʻ. ijrosida oʻzining hayotiy talqinini topgan. Navoiy teatrida Qodir (T.Sodiqov, R.Glier, "Gulsara"), Farhod (G.Mushel, Yu.Rajabiy "Farhod va Shirin"), Qays (T.Sodiqov, R.Glier, "Layli va Majnun"), Tohir (T.Jalilov, B.Brovsin, "Tohir va Zuhra") va boshqa partiyalarda muvaffaqiyat qozongan. Keng, toʻla ovoz sohibi Gʻ.ning xonandalik uslubi yuqori dramatik mahorat, his-tuygʻularga boy, yorqin ijro, yaxlit badiiy obrazlari bilan ajralib turadi. 1960—70 yillarda Gʻ. ijodining boshqa yangi qirralari Shayx (T. Toʻla; I.Akbarov, "Qizbuloq"), Hota.m Soliyev (Z.Fatxullin; I.Akbarov, "Kumush toʻy") kabi xarakterli rollarda namoyon boʻldi. Ayni paytda Gʻ. operetta ustasi sifatida ham tanilgan: Petro (N.Lisenko, "Poltavalik Natalka"), rajami (I.Kalman, "Bayadera") va boshqa Gʻafurov Navoiy, Mashrab, Muqimiy, Furqat, Maxtumquli gʻazallari bilan aytiladigan mumtoz qoʻshiqlarning mohir ijrochisi. "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan (1998).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil