Gʻayb

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(G'aybdan yoʻnaltirildi)

Gʻayb (arabcha: غيب — insondan goyib hodisalar) — inson sezgi aʼzolari bilan his eta olmaydigan, bilish imkonlari bilan idrok eta olmaydigan hodisa. Inson oʻzining nechogʻli bilimdonligi bilan gʻururlanmasin, uning bilganidan bilmagani koʻp boʻlib qolaveradi. Oʻsha gʻayb narsalarni bilishda insonning birdan-bir vositasi bor, u ham boʻlsa, ilohiy vahiydir. Qolgan barchasi taxmin va gumonlardan boshqa hech narsa emas.

Moʻmin-musulmonlar Gʻaybga iymon keltirish bilan boshqalardan ajralib turadilar. Chunki, aqida bobi, asosan, Gʻaybga, yaʼni, koʻzi bilan koʻrib, qoʻli bilan ushlamagan narsalarga ishonishdan iboratdir. Allohga imon keltirish ham gʻaybga imondir. Shuningdek, farishtalarga, ilohiy kitoblarga, Paygʻambarlarga, qiyomat kuniga, jannatga, doʻzaxga, yaxshi-yu yomon qadarning Allohdan boʻlishiga imon keltirish ham Gʻaybga ishonishdir. Ushbular va bundan tashqari insonni har tarafdan oʻrab turgan, oʻtmishni, hozirni va kelajakni ilohiy parda ortida tutib turgan son-sanoqsiz narsalar gʻaybiyotdir. Inson gʻaybni bilish borasvda gʻoyat ojizdi. U birinchi inson — Odamatoning qaerda va qachon paydo boʻlganini bilmaydi. Bilishi mumkin boʻlgan narsa — Qurʼoni karimdagi maʼlumotlar. Boshqa hammasi taxmin, gumon, faraz va hokazo. Inson hatto oʻz boshiga kelajakda qanday hodisalar kelishini bilmaydi. Oʻziga tegishli narsalarni bilmaganidan keyin, olamdagi boshqalarga aloqador narsalarni umuman bilmaydi. Alloh taolo esa, ularning hammasini bilguvchidir. Gʻaybning kalitlari Alloh taoloning Oʻzidaligi shundadir. Bu kalitni hatto Paygʻambarlar ham bilmaydilar. Kimki, gʻayb ilmini daʼvo qilsa, kofirlardan boʻladi.

Aqoid ilmida „gʻaybiyot“ deb nomlangan, iymon keltirish lozim boʻlgan narsalardan, Arshni, Kitobni va bilishni aytish mumkin.