Futbol boʻyicha 2028-yilgi Yevropa chempionati, keng tarqalgan nomi UEFAYevro 2028 (UEFA Euro 2028) yoki qisqacha Yevro 2028 (Euro 2028) — UEFA tomonidan to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan 18-xalqaro futbol turniri. Musobaqaga Angliya, Shotlandiya, Uels va Irlandiya Respublikasi hamkorlikda mezbonlik qiladi[1] va 2028-yil 9-iyundan 9-iyulgacha oʻtkaziladi[2].
O‘sha vaqtdagi Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak (markazda), Angliya terma jamoasi sardori Harry Kane (chapda) va o‘sha vaqtdagi Angliya bosh murabbiyi Gareth Southgate (o‘ngda). 2023-yil oktabr. St George’s Park.
2022-yil 23-mart kuni UEFA musobaqani mezbonlik qilish bo‘yicha uchta taklif kelib tushganini e’lon qildi: biri Rossiya, biri Turkiya va biri esa Britaniya orollari tarkibiga kiruvchi 5 ta UEFA a’zolari tomonidan birgalikda taqdim etilgan takliflar edi[3]. Rossiya va Turkiya, shuningdek, 2032-yilgi musobaqa mezbonligi uchun ham ariza topshirgan edi.
Rossiya UEFA tomonidan mamlakatning Ukrainaga bosqini sababli rus klublari va milliy jamoalariga qo‘yilgan taqiq davom etayotganiga qaramay[4][5][6][7][8], mezbonlik uchun ariza topshirdi, biroq 2022-yil may oyida uning 2028- va 2032-yilgi musobaqalari uchun topshirilgan arizalari nomaqbul deb topildi[9][10][11]. 2023-yil oktabr oyining boshlarida esa Turkiya Yevro 2032 musobaqasiga Italiya bilan birgalikda ariza topshirish maqsadida 2028-yilgi musobaqa mezbonligi uchun nomzodlikdan voz kechdi[12].
Shunday qilib, Britaniya arizasiga qarshi raqobatchilar qolmadi va 2023-yil 10-oktabr kuni ariza Shveysariyaning Nyon shahrida bir ovoz bilan maʼqullanib, turnir Irlandiya Respublikasi va futbolning to‘rt vatani hisoblanmish Angliya, Shimoliy Irlandiya, Shotlandiya va Uels tomonidan tashkil etilishi belgilandi[13]. 2024-yil oxiriga kelib, Belfastdagi Casement Park stadioni mezbonlikdan chiqarildi va Shimoliy Irlandiya dastlab rejalashtirilganidek biror o‘yinni o‘tkazmasligi, shuningdek, avtomatik tarzda asosiy musobaqada qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi tasdiqlandi[14][15].
Yevro 2028 turniri 2000-yildan beri bir nechta davlatlarda o‘tkaziladigan beshinchi va ikkitadan ortiq davlat mezbonlik qiladigan ikkinchi musobaqa bo‘ladi. Angliya turnirga uchinchi marta mezbonlik qiladi; ilgari u Yevro 1996 musobaqasiga va Yevro 2020 turnirining sakkizta o‘yiniga (finalga ham) mezbonlik qilgan edi. Shotlandiya esa ikkinchi marta mezbonlik qiladi; unda ham Yevro 2020 musobaqasi, faqat to‘rtta o‘yinini o‘tkazilgan edi. Musobaqa tarixida birinchi marta o‘yinlar Irlandiya Respublikasi va Uelsda bo‘lib o‘tadi. Irlandiya Respublikasi dastlab Yevro 2020 o‘yinlarini mezbonlik qilish uchun tanlangan, biroq COVID-19 cheklovlari tufayli u mezbonlikdan chiqarilgan, chunki mamlakat tomoshabinlar ishtirokini kafolatlay olmagan[16].
UEFAning mezbonlik arizalariga oid qoidalariga ko‘ra, mezbon jamoalarning avtomatik saralash orqali turnirga kirishi faqat ikki mezbon assotsiatsiya uchun kafolatlanadi[17]. Shu sababli, UEFA qaror qilganidek, to‘rt mezbon jamoa — Angliya, Irlandiya Respublikasi, Shotlandiya va Uels saralash bosqichida qatnashadi, ikki avtomatik o‘rin esa guruh bosqichi orqali saralashdan oʻta olmagan mezbonlar uchun ajratiladi. Agar ikkitadan ortiq mezbonlar saralash bosqichidan o‘ta olmasa, qolgan o‘rinlar saralashdagi reyting asosida belgilanadi[18].
UEFA Ijroiya qo‘mitasi 2023-yil yanvarda saralash tizimining yangilangan formatini tasdiqladi[19], u oldingi sikldan biroz farq qilishi maʼlum qilindi, aniq format esa 2025-yil may oyida tasdiqlandi. Saralashning guruh bosqichida to‘rt yoki besh jamoadan iborat o‘n ikki guruh bo‘ladi. Har bir guruh g‘olibi Yevropa chempionatiga yo‘llanma oladi, shuningdek, eng yuqori reytingga ega sakkizta ikkinchi o‘rindagi jamoa ham turnirga yo‘llanma oladi. Qolgan to‘rtta ikkinchi o‘rindagi jamoa, shuningdek, Millatlar ligasi jamoalari, pley-off bosqichiga chiqadi. Pley-offning aniq formati mezbonlar uchun ishlatiladigan avtomatik o‘rinlar soniga bog‘liq bo‘ladi[18]. Saralashning guruh bosqichi qurʼasi 2026-yil 6-dekabrda Shimoliy Irlandiyaning Belfast shahrida o‘tkaziladi[20].
2023-yil 12-aprelda Yevro 2028 mezbonligi uchun tanlangan o‘nta stadion e’lon qilindi, ro‘yxat esa 2023-yil 10-oktabrda UEFA tomonidan tasdiqlandi[21][22]. E’tiborga molik chiqarib tashlangan stadionlar orasida LiverpuldagiAnfield bor; uning maydon o‘lchamlari UEFA talablariga mos kelmagani sababli o‘yinlarni mezbonlik qilishi mumkin emas edi. Shuningdek, ManchesterdagiOld Trafford stadioni ham tanlamadi, chunki Manchester United jamoasi stadionning o‘sha vaqtda tayyor bo‘lishini kafolatlay olmagan[23]. Sunderlanddagi Stadium of Light, Londondagi London Stadium, Glazgodagi Celtic Park va Ibrox Stadium, Edinburgdagi Murrayfield Stadium hamda Dublindagi Croke Park ham shortlistga kiritilgan, ammo tanlanmagan[24][25]. Birmingemdagi Villa Park stadionini musobaqa uchun qayta qurib, stadionning sig‘imini 42,785 oʻrindan 52,500 oʻringacha oshirish ko‘zda tutilgan edi[26]. 2023-yil dekabrda ushbu reja nomaʼlum muddatga qoldirildi[27]. Biroq, 2025-yil aprel oyida Villa Parkning Shimoliy tribunasini qayta qurish va turnirgacha sig‘imini 50,000 oʻrindan oshirish bo‘yicha yangilangan reja e’lon qilindi[28][29].
Belfastdagi Casement Park ham arizaga Shimoliy Irlandiya milliy stadioni Windsor Park o‘rniga mezbon sifatida kiritilgan edi, chunki Windsor Park Yevropa chempionati o‘yinlarini mezbonlik qilish uchun talab qilinadigan sig‘imga ega emas edi[30][31][32]. Casement Parkni qayta qurish ishlari kechikishi va byudjetning oshib ketishi ortidan u mezbon stadionlikdan chiqarib tashlandi va shu sababli turnirda jami to‘qqizta stadion bo‘ladi[14].
UEFA turnir taqvimini 2025-yil 12-noyabrda e’lon qildi, biroq unda o‘yinlarning boshlanish vaqtlari ko‘rsatilmagan edi. Barcha o‘yinlar mahalliy vaqt bilan 14:00, 17:00 va 20:00 da boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, aniq vaqtlar qurʼa yakunlanganidan so‘ng tasdiqlanadi[33][34].
Turnirning ochilish o‘yini 2028-yil 9-iyun kuni Kardiffdagi Millennium Stadiumda o‘tkaziladi va unda mezbon Uels jamoasi ishtirok etadi (agar ular saralashdan o‘tsa). Stadionlarning har birida kamida ikki xil guruh o‘yinlari o‘tkaziladi, bu mahalliy muxlislar o‘z shahrida turli jamoalarning bahslarini tomosha qilish imkonini berish uchun mo‘ljallangan. Nimchorak final bosqichi (Wembleydan tashqari) barcha mezbon stadionlarda o‘tkaziladi, har bir mezbon davlatda esa chorak final o‘yini bo‘ladi. Sport adolatini ta’minlash maqsadida nimchorak final bosqichi g‘oliblari chorak final o‘yinlarini boshqa stadionda o‘tkazadi. Yarimfinal o‘yinlari (4–5-iyul) hamda final (9-iyul) Londondagi Wembley stadionida bo‘lib o‘tadi[33].
Har bir guruhning jadvalidagi birinchi joy „guruh rahbari“ uchun ajratilgan bo‘lib, ularning guruh bosqichidagi o‘yinlari oldindan tanlangan bir yoki bir nechta stadionlarda o‘tkaziladi. To‘rt mezbon davlat va Shimoliy Irlandiya uchun „guruh rahbari“ joyi kafolatlangan, agar ular asosiy musobaqa uchun saralashdan o‘tsa. Qolgan „guruh rahbari“ joylari qurʼada 1-savatchadagi jamoalarga tasodifiy tarzda taqsimlanadi. Kafolatlangan „guruh rahbari“ joylari quyidagicha taqsimlangan[33]:
Uels: A guruhi (uchta o‘yinning barchasi Kardiffdagi Millennium Stadiumda).
B guruhidan boshqa guruhlarda, „guruh rahbari“ birinchi oʻrinni egallasa, u guruh bosqichining uchinchi oʻyini oʻtkazilgan stadionda 1/8 final bahsini oʻtkazadi. Agar B guruhi „rahbari“ (Angliya uchun ajratilgan) guruhda gʻalaba qozonsa, uning 1/8 final uchrashuvi NewcastledagiSt James' Parkda boʻlib oʻtadi va keyingi oʻyinlari yana Wembleyda boʻlib oʻtadi. Agar A, E yoki F guruhlari „rahbarlari“ (mos ravishda Uels, Irlandiya Respublikasi va Shotlandiya uchun ajratilgan) oʻz guruhlarida ikkinchi oʻrinni egallashsa, ularning chorak final oʻyinlari guruh oʻyinlari o'tkazilgan stadionlarda oʻtkaziladi[34].
Guruh g‘oliblari, ikkinchi o‘rin egallagan jamoalar va to‘rtta eng yaxshi uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar nimchorak final bosqichiga yo‘llanma oladi.
Rasmiy logotip 2025-yil 12-noyabrda Buyuk Britaniya va Irlandiyada o‘tkazilgan mahalliy tadbirlarda taqdim etildi. Tadbirlar doirasida logotip Piccadilly Circus ekranlarida mahalliy vaqt bilan 20:28 da namoyish qilindi. Portugaliyaning VML Branding agentligi tomonidan yaratilgan logotipda Henri Delaunay kubogi tasvirlangan, kubok atrofida katta harflar bilan „UEFA Euro 28“ va UK & „Ireland“ yozuvi joylashgan bo‘lib, u “mezbon davlatlardan ilhomlangan yorqin ranglar” bilan bezatilgan[35]. To‘rt mezbon davlat va sakkiz mezbon shaharlardan har birining o‘ziga xos logotipi mavjud bo‘lib, valliy va irland tillaridagi mahalliy variantlar ham bor. Shahar logotiplari quyidagi mahalliy diqqatga sazovor joylarni o‘zida aks ettiradi[36]: