Furqat koʻchasi
| Nomi berilgan shaxs/joy | oʻzbek shoiri Furqat |
|---|---|
| Uzunligi | 2 km |
| Joylashuvi | Toshkent, Oʻzbekiston |
| Tuman(lar) | Shayxontohur tumani |
| Yaqin metro bekatlari | Xalqlar doʻstligi (metro bekati) |
| Diqqatga sazovor joylari | Oʻzbekiston milliy bogʻi, Xalqlar doʻstligi saroyi, „Yagona buyurtmachi injiniring“ kompaniyasi, „Ipoteka bank“ va „Ravnaqbank“, Oʻquvchilar saroyi, Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi |
Furqat koʻchasi – Toshkent shahrining Shayxontohur tumanini Chilonzor va Yakkasaroy tumanlari bilan bogʻlab turuvchi asosiy koʻchalardan biri. Poytaxtning qadimiy koʻchalaridan biri. Hadra maydoni va Beshyogʻoch maydoni hududidagi Boʻrijar kanali koʻprigi oraligʻida. Uzunligi 2 km atrofida. Oʻrta asrlarda Hadradan „Qoratosh“ mahallasiga boriladigan asosiy koʻcha boʻlgan. 20-asrning 1-yarmida koʻchaning bir qismida rekonstruksiya ishlari olib borilgan. Yangidan tashkil topgan koʻchaga 1955-yil 30-dekabrda maʼrifatparvar oʻzbek shoiri Furqat nomi berilgan. Yoʻnalishidagi binolar 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan jiddiy zarar koʻrgan. Oʻzbekiston mustaqilligi davrida koʻchada keng kamrovli rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan, koʻchaning eni kengaytirilib, Hadra maydonidan Oʻzbekiston koʻchasigacha boʻlgan qismida ikkita yoʻl qurilib foydalanishga topshirildi. Hadra maydoni va Oʻzbekiston koʻchasidan oʻtish uchun zamonaviy texnologiyalar asosida yer osti yoʻllari bunyod etildi. Koʻchaning Chilonzor tumani qismi, yaʼni Oʻzbekiston va Bobur koʻchalari oraligʻida ham keng kamrovli qayta qurish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Yoʻnalishida Navroʻz majmuasi, Oʻzbekiston milliy bogʻi, Xalqlar doʻstligi saroyi, „Yagona buyurtmachi injiniring“ kompaniyasi, „Ipoteka bank“ va „Ravnaqbank“, Oʻquvchilar saroyi, Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi, „Olmazor“, „Chaqar“, „Oʻqchi“ va „Beshyogʻoch“ mahallalari, mebel savdo majmualari, avtosalon, „Xalqlar doʻstligi“ metro bekati, „Navroʻz“ restorani, „Fayoz“ kafesi, qurilish tashkilotlari, xorijiy korxonalar, „Davlatdojiota“ choyxonasi, savdo va umumiy ovqatlanish majmualari va shoxobchalari, shaxsiy hamda koʻp qavatli turar joy binolari joylashgan. Yoʻnalishida Islom Karimov, Bobur, Navoiy, Zarqaynar va Turob Toʻla koʻchalari bilan tutashgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Toshkent. Ensiklopediya, 2009-yil.