Uyurma toklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Fuko toklaridan yoʻnaltirildi)

Uyurma toklar, Fuko toklari — oʻzgaruvchan magnit maydonida harakatlanayotgan massiv metall oʻtkazgichlarda hosil boʻladigan yopiq elektr induksion toklar (rasmga q.). Uyurma toklar transformatorlarning oʻzagida, elektr mashinalarning turli qismlari va boshqalarda hosil boʻladi.

Uyurma toklar magnit maydoni oqimining oʻzgarishiga bogʻliq. Oqim qancha tez oʻzgarsa Uyurma toklar shuncha katta boʻladi. Oʻtkazgichdan maʼlum yoʻl boʻyicha oʻtayotgan elektr tokidan farqli ravishda Uyurma toklar oʻtkazgichning oʻzida tutashadi va uyurma konturlar hosil qiladi. Bu tok konturlari ularni hosil qilgan magnit oqimiga taʼsir koʻrsatadi. Lens qoidasiga binoan, Uyurma toklar ning magnit maydoni shu tokni hosil qilgan magnit oqimining oʻzgarishiga qarshilik koʻrsatadi.

Joul — Lens qonuniga muvofiq, Uyurma toklar hosil boʻlganda oʻtkazgichlar qizib, energiyaning yoʻqolishiga va oqibatda mashinalarning F.I.K. pasayishiga sabab boʻladi. Bularni kamaytirish uchun oʻzgaruvchan tokda ishlaydigan mashina va apparatlarning magnit oʻzagini yaxlit ferromagnetiklar (elektrotexnika poʻlati) dan emas, balki bir-biridan izolyatsiyalangan (mas, maxsus loklar bn) plastinalardan tayyorlanadi. Uyurma toklar metallarni eritish, ularning yuzasini toblash va boshqalarda qoʻllanadi.