Fuchik Yulius
Fuchik Yulius (1903.23.2, Praga 1943.8.9, Berlin) — chex yozuvchisi, tanqidchi va jurnalist. CHSSR Milliy qahramoni. Plzendagi real gimnaziyani tugatgach (1921), Praga universitetining falsafa fakultetida oʻqigan. 1922-yildan adabiyot va teatr masalalariga oid maqolalar chop eta boshlagan. "Kmen" ("Stvol", 1927—29) va "Tvorba" ("Ijod", 1927—28) jur.lariga muharrirlik qilgan paytida barcha ilgʻor kuchlarni yagona front atrofida birlashtirishga uringan. 1930 va 1934—36 yillarda SSSRda boʻlib, safar taassurotlari asosida "Ertangi kunimiz kechagi kun boʻlib qolgan mamlakatda" (1932) kitobini yozgan. SSSRga qilgan 2safari vaqtida Oʻzbekistonda birmuncha vaqg yashab, mamlakatimizda roʻy bergan oʻzgarishlarni kuzatgan va oʻzbek xotinqizlari hayotiga bagʻishlangan "Tojixon Shodiyeva tarixi", "Roziyaxon Mirsoatova" singari ocherklar yozgan. F. Oʻrta Osiyo xalqlari hayotiga doir 24 ta ocherk va maqola eʼlon qilgan. Fuchikning 30-yillar soʻngidagi adabiytanqidiy faoliyatida umuminsoniy qadriyatlarni fashizm xavfidan saqlab qolish gʻoyalari ustuvorlik qiladi. 1942-yil aprel da Chexoslovakiya kompartiyasining yashirin nashrlariga rahbarlik qilgani uchun gestapo tomonidan hibsga olingan va 1943-yilning yozida Germaniyaga olib ketilib, qatl etilgan. F. Pragadagi Pankrats qamoqxonasida "Dor ostidagi soʻz" (1942) kitobini yozgan. Koʻpgina tillarga tarjima etilgan ushbu kitob fashizmga qarshi mardona kurash olib borgan kishilar, shu jumladan, F. ning oʻzi haqidagi, ularning matonati va jasorati haqidagi hujjatli qissadir.
F. Tinchliktarafdorlarining 2butunjahon kongressida Xalqaro tinchlik mukofoti bilan takdirlangan(1950). Asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻrta Osiyo haqida, T., 1961; Dor ostidagi soʻz, T., 1975; Izbrannoye, kn. 1—2, M., 1982.
Ad..Fuchikova G., Vospominaniya o Yu. Fuchike, M., 1973.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |