Foydalanuvchi:Ximik1991/Oʻzbegim (qasida)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Oʻzbegim (qasida)
Umumiy maʼlumotlar
Muallif Erkin Vohidov
Yaratilgan yili 1968-yil
Chop etilgan yili 1968-yil
Adabiy qism
Turi qasida
Vazni aruz
Hajmi 52 bayt
Qofiyasi aa-bb

Oʻzbegim qasidasi oʻz vaqtida xalq oʻrtasida ogʻizdan tushmaydigan boʻlib qolgan edi.[1] Bu qasida 60-yillar muallif sheʼriyatining eng avj pallasi hisoblanadi. Bu oʻrinda qasidani maxsus sharhlab oʻtirishga hojat yoʻq: u haqda koʻp yozildi. Asar darsliklardan joy olgan. Millatning shaʼni-gʻururi toptalgan, tarix darsliklarimizda xalqimizning shonli oʻtmishi qora boʻyoqlar bilan bulgʻangan, har tongda kuylanadigan davlat madhiyasi ulugʻ ogʻaga, partiyaga hamdu sanolar bilan boshlanadigan zamonlarda kechmishning shonli sahifalarini ulugʻlovchi „Oʻzbegim“ qasidasi gʻayrirasmiy milliy madhiyaga aylandi.[2] Qasida shoirni mashhur qilgan sara sheʼrlaridan biridir.[3]

Qasida haqida[tahrir]

„Oʻzbegim“ qasidasi haqida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov bilan boʻlib oʻtgan suhbatlarimizdan birida shunday degan edilar: "Haqiqiy ijodkor oʻz xalqining fidoyi va sodiq farzandi boʻladi. Bu hamma zamonlarga, hamma xalqlarga xos udum. Erkin Vohidovning talay asarlari bunga misol boʻla oladi. Birgina „Oʻzbegim“ni oling! Oʻz vaqtida shoirning boshiga koʻp savdolar solgan, „peshonasini gʻurra qilgan“ bu qasidani oʻzbekning gimni deyish mumkin. Ammo bu oddiy madhiya, faxriya emas. Hajmi kichik asarda xalqimizning ming yillik tarixi, quvonch va iztiroblari gʻoyat tabiiy, gʻoyat teran aks etgan. Bir maktabga borganimda butun sinf bolalari „Oʻzbegim“ni boshidan oxirigacha joʻr boʻlib yoddan oʻqiganini koʻrganman va xalqimizning shunday shoiri borligidan faxrlanganman…"[4]

Tarixi[tahrir]

Bu sheʼr yozilgan paytda odamlarda shunday soʻzga ehtiyoj katta boʻlgan. Chunki ona tilimiz nihoyatda orqaga surib qoʻyilgan, kamsitilgan til edi. Undan keyin oʻzbek xalqining tarixiga boʻlgan munosabat ham juda yomon edi. Goʻyoki, tariximiz faqat qorongʻilikdan iborat-u, biz oktabr inqilobi tufayli baxt, ilm topgandik. Ungacha masalan, savodlilar ikki foiz boʻlgan degan gaplar boʻlgan. Shuncha olimlarimiz, allomalarimiz qayoqqa ketgan? Rus alifbosini, tilini bilmaganlarni hisoblashgan, nazarimda. Balki, oʻsha paytda rus tilini bilganlar ikki foiz boʻlgandir? Tarixiy asar yozganlar oqlanmaydigan, sovet davrini ulugʻlab yozish lozim boʻlgan davr. Bu esa xalqning meʼdasiga tekkan edi. Chunki yolgʻon gap kimga ham yoqardi? Bizdan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino kabi olimu ulamolar chiqqan boʻlsa-yu, qanday qilib oʻzbek xalqini savodsiz, omi, ilmsiz deyish mumkin? Shuning uchun bu sheʼr xalqning dardiga malhamdek boʻlgan. Lekin u paytda „Oʻzbegim“ degan soʻzni baralla aytish oson emasdi. „Biz sovet halqimiz“, degan gap boʻrttirib gapirilar, „oʻzbekmiz“, „qozoqmiz“, „qirgʻizmiz“, deyish millatchilik hisoblanardi. Shu tufayli bu qasidani matbuotda chop ettirishim oson boʻlmagan. Olib borgan joyimda ham „oʻzbegim“ soʻzini „xalqimiz“ deb oʻzgartirib bering, deyishgandi. Bir qancha misralarini olib ham tashlashgan. Dastlabki kitobimga kirmagan baytlar ham bor:

Sen na zardusht, sen na buddiy
Senga na otash, sanam
Odamiylik dini birlan
Toza iymon, oʻzbegim.

Bu qasida uchun men juda koʻp soʻroqlar berganman. Avvalo organdagilar bu millatchilik ruhidagi sheʼrning paydo boʻlishiga nima sabab boʻldi, deya rosa siquvga olishgan. Nazarimda, bu Oʻzbekistondan ham tashqariga chiqib ketgandi. „Yuqori“ga — Moskvagacha etib borgan. Ideologlarni biroz choʻchitgan narsa sheʼrning xalq ichida juda ommalashgani boʻlgan. „Nega sheʼrda sovet tuzumida oʻzbek xalqining baxt-saodat topgani aks etmagan? Leninning nomi yoʻq! Moskva tilga olinmagan. Partiya, oktabr inqilobi yoʻq, shularni kiritib bering“, deyishgan menga. Men bunday deb yozolmasdim ham, kiritolmasdim ham. Eng yuqori dargohlardan ham shu talablar boʻlgan. Yana vaʼdalar ham boʻlganki, agar shu soʻzlarni qoʻshsam, kitobim juda katta „tiraj“da chiqadi, mukofotlar boʻladi… Ammo men bunday qilmadim. Taʼqiblardan bezganim uchun „Faust“ning tarjimasini bahona qilib nashriyotdan ishdan ketdim. Bunga muharririmiz ham rozi boʻldi. Chunki u kishiga ham anchagina tazyiqlar boʻlgan.[5] Oʻzbek sheʼriyatining hozirgi zamon buyuk shoirlaridan Erkin Vohidov ham 1968 yilda yozgan „Oʻzbegim“ nomli qasidasi uchun, bir necha bor KGBga chaqirilib soʻroq qilindi.[6]

Qiziqarli faktlar[tahrir]

Oʻzbegim qasidasiga yozilgan naziralar ham bor.[7]

Qasida matni[tahrir]

Oʻzbegim

Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon, oʻzbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, oʻzbegim.
Soʻylasin Afrosiyobu
Soʻylasin Oʻrxun xati,
Koʻhna tarix shodasida
Bitta marjon, oʻzbegim.
Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Forob avlodidan,
Asli nasli balki Oʻzluq,
Balki Tarxon, oʻzbegim.
Oʻtdilar shoʻrlik boshingdan
Oʻynatib shamshirlarin
Necha qoon, necha sulton,
Necha ming xon, oʻzbegim.
Togʻlaring tegrangda goʻyo
Boʻgʻma ajdar boʻldi-yu,
Ikki daryo — ikki chashming,
Chashmi giryon, oʻzbegim.
Qaysari Rum nayzasidan
Bagʻrida dogʻ uzra dogʻ,
Chingizu Botu tigʻiga
Koʻksi qalqon, oʻzbegim.
Yogʻdi toʻrt yondin asrlar
Boshingga tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, oʻzbegim.
Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen — Muqanna, sarbador — sen,
Erksevar qon, oʻzbegim.
Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, oʻzbegim.
Maʼrifatning shuʼlasiga
Talpinib zulmat aro,
Koʻzlaringdan oqdi tunlar
Kavkabiston, oʻzbegim.
Tuzdi-yu Mirzo Ulugʻbek
Koʻragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk —
Qoʻydi narvon oʻzbegim.
Mir Alisher naʼrasiga
Aks-sado berdi jahon,
Sheʼriyat mulkida boʻldi
Shohu sulton oʻzbegim.
Ilmu sheʼrda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
Oʻz elida chekdi gʻurbat,
Zoru nolon oʻzbegim.
Bobur — sen, figʻoning
Soldi olam uzra oʻt,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tugʻyon, oʻzbegim.
Sheʼriyatning gulshanida
Soʻldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi koʻz yosh,
Koʻmdi armon, oʻzbegim.
Yigʻladi furqatda Furqat
Ham muqimlikda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afgʻon
Qildi afgʻon, oʻzbegim.
Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, oʻzbegim.
Ortda qoldi koʻhna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, oʻzbegim.
Boʻldi osmoning charogʻon
Tole xurshidi bilan,
Boʻldi asriy tiyra shoming
Shuʼlaafshon, oʻzbegim.
Men Vatanni bogʻ deb aytsam,
Sensan unda bitta gul.
Men Vatanni koʻz deb aytsam,
Bitta mujgon oʻzbegim.
Faxr etarman, ona xalqim,
Koʻkragimni togʻ qilib,
Koʻkragida togʻ koʻtargan
Tanti dehqon oʻzbegim.
Oʻzbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
Oʻzligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, oʻzbegim.
Men buyuk yurt oʻgʻlidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga boʻlsam
Sodiq oʻgʻlon, oʻzbegim.
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Koʻksim osmon, oʻzbegim.
Qayga bormay, boshda doʻppim,
Gʻoz yurarman gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
Oʻzbekiston, oʻzbegim.
Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin oʻgʻlingman, qabul et,
Oʻzbegim, jon oʻzbegim.[8]

Manbalar[tahrir]