Foydalanuvchi:Progint/sandbox/Ozarbayjon kinosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ozarbayjon filmlari soni
3000+ [1]
Ozarbayjon filmlari roʻyxati (ozar.)
1890-yillar
1900-yillar
1910-yillar
1920-yillar
1930-yillar
1940-yillar
1950-yillar
1960-yillar
1970-yillar
1980-yillar
1990-yillar
2000-yillar
2010-yillar

Ozarbayjon kinematografiyasi — Ozarbayjonda suratga olingan filmlardan iborat.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ovozsiz davr[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aleksandr Mishon tomonidan suratga olingan „Bibihaybatda neft fontani yong‘ini“ filmidan kadr
Birinchi Ozarbayjon sovet filmi Qiz minorasi afsonasi (1924)
Barat Shekinskaya

Ozarbayjon kinematografiyasi tarixi 1898-yil 2-avgustdan boshlanadi. Ilk filmlar Aleksandr Mishon tomonidan suratga olingan xronika syujetlari („Bibihaybatda neft fontani yong‘ini“, „Balaxanida neft fontani“, „Shahar bog‘ida xalq hordig‘i“, „Kavkaz raqsi“ va b.) va „Ilashding“ badiiy kinosyujetdan iborat edi.[2][3]

1915-yilda Kavkazda Pirone aka-ukalari ochgan aksiyadorlik jamiyatlari (savdo uylari) tomonidan Boku, Tbilisi, Irevan shaharlarida prokat kontorlari ochildi. 1915-yilda ushbu jamiyat neft sanoatchilarining mablag‘i bilan Ibrohimbey Musabeyovning „Neft va millionlar saltanatida“ romani asosida shu nomdagi ilk Ozarbayjon badiiy filmini suratga olishni boshladi. Filmni suratga olish uchun Sankt-Peterburgdan rejissyor Boris Svetlov taklif qilindi. Tabiat manzaralari Bokuda va chekka qishloqlarda, pavilyonga tegishli sahnalar esa Tbilisida suratga olinar edi. Filmda Lutfalibey rolini Husayn Arablinskiy o‘ynadi. 1916-yilda Bokuda Uzeyir Hojibeyovning „Arshin mol oluvchi“ operettasi asosida ilk Ozarbayjon kinokomediyasi suratga olindi. 1919-yilda esa „Ozarbayjon mustaqilligi yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan tantana“ nomli to‘liq metrajli film ekranlarda namoyish qilindi.[2][4]

1923-yilda Ozarbayjon Foto-Kino Idorasi taʼsis etildi. AFKI alohida aksiyadorlarning foto, kinoteatr va prokat kontorlarining milliylashtirilishi va birlashtirilishi chora-tadbirlarini amalga oshirar edi. O‘sha vaqtlar AFKI qoshida Bokuda „Tayyora“, „Edison“, „Milyon“, „Ladya“, „Maʼdanchi“ va boshqa kinoteatrlar ham bor edi. 1924-yilda AFKI ikki seriyali „Qiz qal’asi afsonasi“ nomli badiiy filmi ekranlarga chiqardi. Etnografik jihatdan qiziqarli bo‘lgan bu filmda mualliflar Sharq ekzotikasini chetlab o‘ta olmagandilar.[2]

Ozarbayjonda milliy rejissyor va aktyor kadrlarni tayyorlash uchun 1925-yilda Shamil Mahmudbeyov tashabbusi bilan AFKI qoshida studiya tashkil etildi. Jafar Jabborli, Mikayil Mikayilov va boshqalar shu yerda tahsil oldilar. Filmlarning badiiy kayfiyatini oshirish, milliy kadrlarning rivojlanishiga yordam maqsadida Bokuga Vsevolod Pudovkin, Nikolay Shengelaya, Mixail Chiaureli kabi mashhur kinorejissyorlar, shuningdek, Aleksandr Galperin, Ivan Frolov, Dmitriy Feldman, Leonid Kosmatov, Yevgeni Shneyder va boshqa kinooperatorlar taklif qilindi, Jafar Jabborli, Abbos Mirza Sharifzoda va boshqalar kino ishiga jalb etildi.[2]

AFKI keyinchalik „Azdavlatkino“ (1926-1930), „Azerkino“ (1930-1933), „Azfilm“ (1933), „Azdavlatsanoati“ (1934), „Azerfilm“ (1935-1940), „Boku kinostudiyasi“ (1941-1959) kabi nomlarda faoliyat yuritdi, 1961-yildan J. Jabborli nomidagi „Ozarbayjonfilm“ kinostudiyasi deb nomlandi.[2]

Xurofot va jaholatga qarshi kurash, inqilob, ayol ozodligi 1920-yillarda Ozarbayjon kinosining asosiy mavzusi edi. „Bismillah“, „Vulqon ustidagi uy“, „Hoji Qora“ kabi kinoasarlari, shuningdek, o‘z ozodligi yo‘lida kurash olib borgan Ozarbayjon ayoli obrazini badiiy va real jihatdan ifoda qiluvchi „Sevil“ o‘sha davrda yaratilgan muvaffaqiyatli filmlardan hisoblanadi. XX asrning 20-yillarida Bokuda mahalliy operatorlar va xorijiy kino shirkatlarining namoyandalari tomonidan shahar hayotidan, neft maʼdanlaridan hikoya qiluvchi kinoxronikalar va hujjatli filmlar suratga olindi. 1920-yilda „Bokuda 9 oltin Qo‘shinning rasmiy chorrahasi“ nomli ilk xronik kinojurnal suratga olindi. Shu yili „Sharq xalqlarining birinchi qurultoyi“ xronika filmi ham namoyish qilindi. Keyingi yillarda muayyan hodisalar bilan bog‘liq kinoreportajlar tayyorlandi: „Sovet Ozarbayjonining 3-yubileyi“, „Suraxani neft maʼdanlarida yong‘in“, „Narimon Narimonov janozasi“, „Frunze ishtiroki bilan Oltin Qo‘shin manevri“ va boshqa hujjatli filmlar bilan birga ilmiy-ommabop filmlarning ham suratga olinishi boshlandi.[2]

1925-yilda rejissyor Abbos Mirza Sharifzoda respublikaning madaniy va iqtisodiy hayotini hikoya qiluvchi „Ozarbayjonga sayohat“ filmini yakunladi. 1920-yillarda Ozarbayjon kinosida tarixiy-hujjatli filmlar bilan birga, tomoshabinlarni yosh respublikaning xo‘jalik va madaniy hayotidagi o‘zgarishlar bilan tanishtiruvchi „Ozarbayjon ekrani“ kinojurnali (yilda 4-5 nomer) chop etila boshlandi. Bu yillar Ozarbayjon hujjatli filmida Mikayil Mikayilov, Aleksandr Makovskiy, Aleksandr Litvinov kabi tajribali rejissorlar, Yakov Tolchan, Ivan Tartakovskiy kabi operatorlar faoliyat ko‘rsatardi.[2]

1930-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1932 yilda „Sevil“ filmi.
1935 yilda „Sevgi oʻyinlari“ filmi.
1947 yilda „Fatali Xon“ filmi.

1930-yillarda Ozarbayjon kinematografiyasida Sayfulla Badalov, Vladimir Yeremeyev, Alaskar Alakbarov va boshqalari faoliyat ko‘rsata boshladilar. Bu sanʼatkorlarning filmlarida ilk besh yilliklarda respublikaning hayoti, kolxozning tashkil etilishi, madaniyat sohasidagi muvaffaqiyatlar, Ozarbayjonda neft sanoatining yangi texnika bilan jihozlanishi o‘z aksini topgandi. Hujjatli filmning imkoniyatlari bilan birga dardli inson obrazini jonlantirish sohasidagi urinishlar o‘sha davrning badiiy yutuqlaridan biridir.[2]

1930-yillar boshlarida mavzusi zamonaviy hayotdan olingan, maishiy hayot badiiy shaklda tasvirlangan, shuningdek, tarixiy-inqilobiy mavzularda filmlar suratga olinardi: „Latif“, „Ismat“, „Olmos“ va „Yangi gorizont“, „Bokuliklar“, „Viloyatliklar“ va b.[2]

1935-yilda Azerfilmning Moskvadagi Mejraypromfilm kinostudiyasi bilan birga ishlangan „Moviy dengiz sohilida“ badiiy filmi bilan Ozarbayjonda ovozli kino asarlari ishlab chiqarila boshlandi. Filmdagi bosh rollarda mashhur sovet kinoaktyorlari Lev Sverdlin, Nikolay Kryuchkov, Yelena Kuzmina va boshqalar ishtirok etdilar. 1936-1941-yillarda ekranlarda 10 dan ortiq ovozli film namoyish etildi. 1930-yillarda ovozli kinoning yaratilishi bilan hujjatli kinoning ham ijodiy imkonlari kengaydi. „Shuhratli Ozarbayjon“ bir qismli hujjatli xronika kinosaylanmasida ilk bora diktor matni ocherk qahramonlarining chiqishi bilan sinxron berildi. 1939-yildan „Ozarbayjon ekrani“ kinojurnali „Ordenli Ozarbayjon“ (yilda 36 raqam) nomi ostida chiqa boshladi, 1930-yillarning ovozsiz filmlaridan to‘liqmetrajli „Sharqqa yo‘l“, „Ozarbayjon sanʼati“ filmlari eʼtiborga molikdir.[2][5]

1940-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1940-yilda rejissorlar Mikayil Mikayilov va Vladimir Yeremeyev Ozarbayjonda Sovet hokimiyati tashkil topganining 20 yilligi munosabati bilan „Yigirmanchi bahor“ hujjatli filmini yaratdilar.[5]

Ikkinchi jahon urushi yillarida qahramon jangchilar Kamol Qosimov va Baxtiyor Karimovga bag‘ishlangan „Vatan o‘g‘li“ va „Baxtiyor“ kinonovellalari, Mirza Fatali Axundovning hayot va faoliyatiga tegishli „Sabuhi“, bir-biriga syujetlar bilan bog‘langan uch kinonovelladan iborat „Bir oila“, urush davrida dengizchilarning ko‘rsatgan jasoratlariga bag‘ishlangan „Suvosti kemasi T-9“ badiiy filmlari suratga olindi.[5]

Ikkinchi jahon urushi paytida Ozarbayjon hujjatli kinosining bir guruh kino rejissorlari va operatorlari jang maydoniga borib, askarlarning qahramonliklarini suratga oldi. O‘sha materiallar xususiy ko‘rsatuv sifatida askarlarga ko‘rsatish uchun turli frontlarga jo‘natildi. Bu davrda Ozarbayjon xalqining orqa frontdagi xizmatini aks ettirgan kinojurnallar, kinoocherklar ham yaratildi. „Vatan yo‘lida“, „Qayg‘u“, „Maktubga javob“ va b. 1944-yilda Boku kinostudiyasi Moskva Hujjatli Filmlar Studiyasi bilan birga Kaspiy dengizchilarining qahramonligidan hikoya qilgan „Kaspiyliklar“ to‘liq metrajli hujjatli filmni suratga oldilar.[5]

1945-yilda Ozarbayjonda Sovet hokimiyati tuzilishining 25 yilligiga bag‘ishlab rejissor Husayn Sayidzoda „Abadiy o‘tlar diyori“ to‘liq metrajli hujjatli filmni suratga oldi. Shu yili Uzeyir Hojibeyovning „Arshin mol oluvchi“ musiqali komediyasi qaytadan sahnalashtirildi. Rejissorlar Rizo Tahmasb va Nikolay Leshshenko milliy koloritdagi xalq yumorini saqlab qolish bilan porloq realist kinokomediya yarata oldilar. Film SSSR da, shuningdek, dunyoning bir necha mamlakatida muvaffaqiyat qozondi. „Arshin mol oluvchi“ filmi uchun rejissorlar Riza Tahmasb va Nikolay Leshshenko, bastakor Uzeyir Hojibeyov, aktyorlardan Rashid Behbudov, Laylo Badrbeyli, Odila Husaynzoda, Munavvar Kalantarli va Lutfali Abdullayev 1946-yilda SSSR Davlat mukofotiga loyiq ko‘rildi.[5]

Urushdan keyingi yillarda „Sovet Ozarbayjoni“ (Yilda 36 son, „Ordenli Ozarbayjon“ kinojurnalining yangi nomi) bilan birga „Yosh nasl“ (yilda 4 son) kinojurnali ham efirga uzatila boshlandi. 1945-50-yillarda hujjatli kino sohasida ssenaristlar Imron Abbasov, Adham Qulubeyov, rejissyorlar Zaynab Kazimova, Latif Safarov, operator Arif Narimonboyev, bastakorlar Qora Qorqayev, Tofiq Quliyev va boshqalar faoliyat ko‘rsata boshladilar. Janubiy Ozarbayjon xalqining 1945-1946-yillardagi ozodlik kurashini hikoya qiluvchi „Arazning narigi tomonida“ to‘liq metrajli filmi diqqatga sazovor bo‘ldi.[5]

1950-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hokuma Gurbanova
Marziyya Davudova
Ahmed Aghdamski
Abbos Mirza Sharifzoda
Rza Tahmasib

1940-yillar oxiri — 1950-yillar boshlarida Boku kinostudiyasining asosiy eʼtibori badiiy-hujjatli va publitsistik filmlarni suratga olishga yo‘naltirildi, bu davrda faqat „Fatalixon“ va „Boku chiroqlari“ badiiy filmlari suratga olindi. Ozarbayjon kinosining yangi taraqqiyot bosqichi 1950-yillar o‘rtalaridan boshlanadi. Bu davrda milliy ssenarist, rejissyor, operator, rassom kadrlari yetishib chiqdi. Ularning ko‘pchiligi Umumittifoq Davlat Kinematografiya Institutida taʼlim olganlar. Shu yillarda badiiy filmlar sonining ko‘payishi ularning mavzu doirasining kengayishiga sabab bo‘ldi. Ekranda ishchi va kolxozchilarning, turli kasb egalarining xizmati va hayoti o‘z aksini topdi: „Qizigan quyosh ostida“, „Qora toshlar“, „Soyalar poymol bo‘lar“, „Uning keng ko‘ngli“, „Uni kechirish mumkinmi?“, „Bizning ko‘cha“, „Katta tayoq“, „Telefonchi qiz“, „O‘gay ona“. [5]

Ozarbayjonda Sovet hokimiyati g‘alabasining 30 yilligi munosabati bilan 1950-yilda „Sovet Ozarbayjoni“ rangli to‘liq metrajli hujjatli film yaratildi. Film 1951-yilda Kann kinofestivalining maxsus mukofotiga loyiq ko‘rildi. Keyingi yillarda zamonaviylik mavzusi xalq maishiy hayoti, mehnat yutuqlari hujjatli kino ustalarining ijodkorligida alohida joy olgandi: „S.M.Kirov nomidagi ko‘rfazda“, „Ozarbayjon fani“, „Bizning Ozarbayjon“.[5]

„Boku va bokuliklar“, „Ozarbayjon madaniyati bahori“, „150 yil. Mirza Fatali Axundov“ va boshqa sovet kinosi sanʼatining taniqli namoyandalaridan hisoblangan „Kaspiy dengizchilari haqida doston“ va „Dengizni fath etganlar“ filmlarini rejissor Roman Karmen Boku kinostudiyasida suratga olgan. O‘sha yillarda dengiz neftchilarining fidokor xizmati va hayoti aks etgan. Bu filmlarga ko‘ra rejissyor Roman Karmen, operatorlar Javanshir Mammadov va Sergey Medinskiy Lenin mukofotiga loyiq ko‘rildilar.[5]

Boku kinostudiyasida turli mavzularda filmlar suratga olingan. 1957-yilda suratga olingan „Bir mahallali ikki yigit“ filmi Sharq mamlakatlaridan birida xalqning ozodlik va demokratiya yo‘lidagi kurashidan hikoya qiladi. Partisan Mehdi Husaynzodaga bag‘ishlangan „Uzoq sohillarda“ filmi esa Ozarbayjonning, shuningdek, sobiq sovet kinosi yutuqlaridandir. Dinamik, ziddiyatli hodisalar, aniq berilgan xarakterlar, operator va rejissyor ishining yuksak saviyasi filmga katta shuhrat keltirgan.[5]

1960-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1960-yillar boshlaridan Ozarbayjonda rangli filmlarning suratga olinishi kengayib bordi. „Go‘ro‘g‘li“ badiiy filmi Ozarbayjon katta ekranli rangli kinosining ilk namunasidir. „Sahar“ filmi Bokuda 1905-1907-yillar inqilob hodisalaridan hikoya qiladi. „Qo‘shiq shunday yaraladi“ filmi Dog‘iston xalq shoiri Sulaymon Stalskiyga bag‘ishlangan. „Muhabbat dostoni“ „Layli va Majnun“ mavzulari asosida suratga olingan.[5]

„Arshin mol oluvchi“ filmidan eʼtiboran Ozarbayjon kinosida musiqali komediya janriga qiziqish kuchaydi. „Ko‘rish“, „U bo‘lmasin, bu bo‘lsin“, „Romeo mening qo‘shnim“, „Ahmad qayerda?“, „Arshin mol oluvchi“, „Qaynana“ va boshqa filmlarda bu anʼana davom ettirilgan.[5]

XX asrning 60-70-yillari kinematografiyaga yoshlarning katta guruhining kelishi bilan alohida ahamiyat kasb etgan. Ularning o‘rta va katta naslga mansub xodimlar bilan hamkorligi Ozarbayjon kinosining professional saviyaga ko‘tarilishiga, milliy o‘ziga xoslik, g‘oya chuqurligi bilan farqlangan filmlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgandi. Masalan, „Bir janub shahrida“ filmi markazida yangilik va eskilik kurashi, insonning eskirgan odatlari asoratidan xalos bo‘lish jarayoni turadi. 1966-yilda Ozarbayjonfilmda rassom va rejissyor-multiplikator kurslari ochildi. 1969-yilda Ozarbayjonfilmda yaratilgan multiplikatsiya sexida Alla Axundovaning Ozarbayjon xalq ertaklari asosida yozgan ssenariy asosida bir qismli rangli „Mitti“ multfilmi suratga olindi.[5]

Ozarbayjon badiiy televideniye filmlaridan „Tug‘ilgan kun“ alohida farqlanadi. „Dantening yubileyi“, „Yolg‘iz orolni o‘zing bilan olib borolmaysan“, „O‘tgan yilning so‘nggi kechasi“ va boshqa badiiy filmlar ham Ozarbayjon televideniyesi mahsulotidir. „Uzeyir umri“ televideniye filmi keng arxiv materiallari asosida yaratilgan.[5]

1960-yillarning hujjatli kinosida Oqtay Mirqasimov, Yalchin Afandiyev, Ruslan Shahmaliyev, Teymur Bakrzoda, Nijat Bakrzoda kabi yoshlar o‘z faoliyatini boshladi.[5] Oqtay Mirqasimovning „Dengiz“, „Qobuston“, „Bu haqiqat ovozidir. Bastakor Qora Qorayev“, „Bastakor Qora Qorayev. Opus-78“ filmlarida 1960-yillarning ikkinchi yarmida hujjatli kino uslubidagi turli o‘zgarishlar (diktor matnlarining bo‘lmasligi, poetik ruhiyat, aniq montaj) o‘zini ko‘rsatadi. O‘sha filmlarga ko‘ra 1967-yilda Oqtay Mirqasimov Ozarbayjon Lenin Komsomoli mukofotiga loyiq ko‘rildi. Bu bilan birga „Samad Vurgun“ filmi rejissyori Yalchin Afandiyevga, ssenariy muallifi Ismoil Shixliga, operator Z.Mammadovga, Jafar Jabborli xotirasiga bag‘ishlangan „So‘lmaz bahor kabi“ filmi rejissyori Jahongir Zeynalliga Ozarbayjon Lenin Komsomoli mukofoti topshirildi.[5]

1970-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1970-yillarning baʼzi filmlarida Ikkinchi dunyo urushi mavzusi aks etgan: „Bizning Jabish muallim“, „Boku shamollarga asir“, „O‘rdak sasi“ va „Sherikli non“ filmida urushning so‘nggi oylaridagi Boku hayoti o‘zgacha samimiylik bilan tasvirlangan. O‘sha davr filmlarida maʼnaviy-axloqiy muammolar, zamonaviy hayotga turli qarashlar, inson xarakterlari tahlili, yosh naslning shakllanishi va boshqa mavzular asosiy o‘rin egallagan: „Bolalikning so‘nggi kechasi“, „Kun o‘tdi“, „Eng vojib intervyu“, „Balli, qizlar…“, „Hayot bizni sinaydi“, „Baxt qayg‘ulari“ va boshqa filmlarni keltirish mumkin.[5]

1970-yildan Ozarbayjonfilm kinostudiyasida „Tanqidchi“ satiric kinojurnali chop etila boshlandi. Kinojurnalda jamiyatning antipodlari, kundalik hayotda va xo‘jalikda uchraydigan kamchilik va nuqsonlar tanqid ostiga olingandi.[6]

1970-80-yillarda tarixiy-inqilobiy janrda bir qator qiziqarli, original filmlar suratga olindi. Mosfilm kinostudiyasi bilan birgalikda yaratilgan Narimon Narimonovning faoliyatini hikoya qiluvchi „Yulduzlar so‘nmaydi“ filmi bu jihatdan diqqatga sazovordir. Samad Vurgunning „Komsomol poemasi“ motivlari asosida suratga olingan „Yetti o‘g‘il istayman…“ filmi 1920-yillarning komsomolchilariga bag‘ishlangandi. Yuksak g‘oya, vatandoshlik motivlari bilan kinematografiya ifoda vositalarining mosligi, ajoyib aktyor roli bu filmning muhim yutuqlaridandir. „Mahalla shamoli“ filmi Ozarbayjon kinosi tarixida xorijiy mamlakat (Chexoslovakiya) studiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan ilk asardir, „So‘nggi o‘tish“, „Qatir Mammad“ filmlarida sovet hokimiyatining ilk yillarida Ozarbayjon qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan sinfiy kurashni tasvirlaydi. „Sevinch buxtasi“, „Otlarni egarlang“, „Ishorani dengizdan kuting“ filmlari ham tarixiy mavzulardadir.[5]

„Nasimiy“ filmida feodal dunyo nohaqliklariga qarshi chiqqan shoir hayoti va u davrninh ijtimoiy va axloqiy muammolari aks etgan. „Dada Qo‘rqud“ filmi esa poetikligi bilan farqlanadi. „Babek“ filmida IX asr sarkardasi Babek boshchiligida Xalifalikka qarshi xalq kurashi tasvirlangan. „Nizomiy“ filmida Nizomiy Ganjaviyning, „G‘am panjarasi“ filmida esa Jalil Mammadqulizoda obrazi jonlantirilgan.[5]

1970-yillarda „Fitna“, „Tulki hajga ketmoqda“, „Mittivoyning yangi sarguzashtlari“, „Shoqol bolasi shoqol“ va boshqa multfilmlar ishlab chiqarila boshlandi. Rejissor Vaqif Behbudovning „Ilhom“, „Go‘zal Fatma“ va „Mo‘jizalar oroli“ multfilmlari Umumittifoq televideniye filmlari festivalida mukofotga loyiq ko‘rildi. O‘sha davrda Ozarbayjonfilm kinostudiyasi ovozli (oq-qora, rangli), katta ekranli, panorama va katta formatli filmlarda ovozning stereoofonik yozilishini taʼminlangan yangi kino uskunalar bilan jihozlangan.[5]

O‘sha davrda Ozarbayjonfilm kinostudiyasida yilda tahminan 7 badiiy film, 20 hujjatli va ilmiy-ommaviy film ishlab chiqarildi. 7 va −21-Umumittifoq kinofestivallari (1974, 1988), kinohavaskorlarining 40-xalqaro festivali (UNIKA-78) Bokuda o‘tkazildi.[5]

1980-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1970-yillar oxirida va 1980-yillarda Ozarbayjon kinosida maʼnaviy-axloqiy muammolarga eʼtibor yana-da ortgan. Ssenarist Rustam Ibrohimbeyov bilan rejissyor Rasim Ojagov filmlarida murakkab psixologik vaziyatlar, asl insoniy layoqat bilan bog‘liq mushohadalar, xudbinlik, zolimlik, marhamatsizlikka qarshi eʼtiroz singari mavzularga mayl kuchlidir: „Tergov“, „Yopiq eshik“, „Park“, „Boshqa umr“, „O‘lsam…kechir“. O‘sha mavzular „Sevaman, deb ayt“, „Bizni kechiring“, „Kumush furgon“, „Shayton ko‘z oldida“, „daromadli safar“, „Bog‘ mavsumi“, „Iliq dengizdagi muz parchasi“, „Kumushko‘l afsonasi“, „Egri“, „Provokatsiya“ filmlarida yangi ko‘rinishda aks etgan. „Shumtaka“ filmida xarakter deformatsiyasi zamonaviy badiiy ifoda vositalari, satiric bo‘yoqlar bilan tasvirlangan. Film Ozarbayjonda va xorijda katta qiziqish uyg‘otgan.[5]

1980-yillarda Ozarbayjon kinematografiyasida bolalar filmlari ishlab chiqarilishiga ham ahamiyat berilgan: „Bir qal’a siri“, „Sehrli xalat“, „G‘arib jinlar diyorida“, „Men qo‘shiq aytaman“, „Azobli yo‘llar bilan“, „Musiqa muallimi“, „Kema soati siri“. 1989-yilda ilk fantastik badiiy film „Aloqa“ suratga olindi.[5]

O‘sha davrda qiziqarli ilmiy-ommaviy kino namunalari yaratilgan: „Naqshlar xotirasi“, „Oltin baliq“, „Qayerdasan, yashil sohilim“, „Eskulap piyolasining siri“, „Uyg‘onish“, „Tuproq qarzi“ va b. Ozarbayjon hujjatli kinoda aktual mavzularning tanlanishi va tadqiq etilishi uchun yangi yo‘llar izlanar, syomka metodi, montaj, ovoz berishning qo‘shimcha imkoniyatlari tajribada sinaldi. Bu jihatdan rejissyor Teymur Bakrzodaning „Dissonans“, „Absheron qal’alari“, Zaur Maharramovning „Bahor bilan birga“, „Ko‘chish“, Jahongir Zeynallining „Intizor“, Rauf Nagiyevning „O‘lik zona“ filmlari diqqatga sazovordir.[5]

1990-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1991-yilda Ozarbayjon mustaqillikka erishishi jamiyat oldiga yangi maqsad va vazifalarni qo‘yishiga turtki berdi. Ozarbayjonda milliy ideologiya va jamiyatning yangi taraqqiyot modellari tuzilishi va boshqa bu kabi ijtimoiy muammolar gumanitar fanlarning ilg‘or tadqiqot yo‘nalishlariga aylandi. Bu davrda Ozarbayjon kinematografiyasida suratga olingan filmlar soni oldingi yillarga nisbatan oz bo‘lgan. Ozarbayjon kinematografiyachilari katta ahamiyatga ega, hayotiy mavzularga murojaat qilib, estetik talablarga javob bera oladigan filmlarni suratga oldilar: „Ko‘rshapalak“, „Boshqa vaqt“, „Fransuz“, „Yapon“ va yaponiyalik" [7]

1990-yillarda Ozarbayjonfilm kinostudiyasi o‘zining yetakchilik rolini saqlab qolgandi va bu vaqtda Ozarbayjon xalqi dardi va boshiga tushgan fojia mohiyati bilan, Vatan sevgisi bilan, badiiy shakldagi vatanparvarlik ruhida suratga olingan Jayhun Mirzayevning „Faryod“, Anvar Ablujning „Oq otli yigit“, Gulbeniz Azimzodaning „Umid“ filmlari tomoshabinlarning rag‘batini qozondi. [8]

1996-yilda Husayn Mehdiyevning „Boshqa vaqt“ filmi I Xalqaro Madrid kinofestivalida „Eng yaxshi rejissyor“ va „Eng yaxshi yosh aktrisa“ nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi va „Oltin Sibilla“ va „Kumush Sibilla“ mukofotlariga loyiq ko‘rildi. Bu film 30-dan ortiq davlatda festivallarda namoyish etildi. 1998-yilda esa Yaver Rizayevning „Sari gelin“ filmi Karlovo Varida o‘tkazilgan Xalqaro kinofestivalda Amerika taʼsis etgan „Ozodlik“ mukofotini va Rossiyaning „Kinoshok“ festivalida „Eng yaxshi ssenariy“ nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.[8]

2000-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

2005-yilda Oqtay Mirqasimovning „Afsungar“ filmi Qozonda o‘tkazilgan „Oltin minbar“ I Xalqaro Islom Kino Festivalida eng yuksak mukofotga „Gran-pri“ga loyiq ko‘rildi. Eldar Quliyevning „Asir“ filmi esa 2005-yilda Shvetsiyada Geteborq Ekzayl Film Festivalida, 2006-yilda Misrda Qohira xalqaro kinofestivalida, 2007-yilda Chexiyada „Karlova Vari“ Xalqaro kinofestivalida va 2008-yilda Polshaning Varshava va Krakov shaharlarida namoyish etilgan va mukofotlarga loyiq ko‘rilgan.[8]

2007-yil 23-fevralda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev „Ozarbayjonda kini sanʼatini rivojlantirish to‘g‘risida“ hujjat imzoladi.[9]

2010-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

2013-yilda Bokuda Madaniyat va Turizm vazirligining teatr, musiqa, tasviriy sanʼat va kino sohasida taʼsis etgan „Cho‘qqi“ mukofotini VI topshirish marosimida „To‘la“ filmining ijodkorlari mukofotlandi.[10] 2014-yilda Elchin Musoo‘g‘lining „Nabat“ filmi 63-Mannheym-Heydelberg xalqaro film festivalida 3 mukofotga loyiq ko‘rildi. [11]

2015-yilda „Xotira“ hujjatli filmlar studiyasi tomonidan „Ozarbayjon milliy qahramonlari“ silsilasidan III qism — 15 hujjatli film topshirildi. „Oqim bilan pastga“ badiiy filmi aprel-may oylarida AQShning Los-Anjeles shahrida o‘tkazilgan „SEEfest“ festivalida „Eng yaxshi to‘liq metrajli debyut film“ mukofotiga sazovor bo‘ldi.[12]

Festivallar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nom Yil Shahar Tur Izoh Vebsayt
"Sharq-G‘arb" Xalqaro Boku kinofestivali 1996- Boku Xalqaro
Audiovizual Festival 2001- Boku Xalqaro Yosh kinematograflar video filmlari
"START" Yoshlar Xalqaro Film festivali 2005-2012 Boku Xalqaro
Boku Xalqaro Turizm Filmlari festivali 2013- Boku Xalqaro Festival maqsadi turizmning turli sohalariga bag‘ishlangan, mahalliy va xalqaro turizm taraqqiyotiga sharoit yaratishdir.[13] Rasmiy sayti

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „“Bu günədək Azərbaycanda 3 mindən artıq film istehsal olunub”“. www.bizimyol.info. www.bizimyol.info. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 „AZƏRBAYCANDA KİNO SƏNƏTİNİN YARANMA TARİXİ. SƏSSİZ DÖVR (1920-1935)“. www.azerbaijan.az. www.azerbaijan.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  3. „Azerbaijan marks National Cinema Day“. news.az. news.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  4. „Aydın Kazımzadə: “Azərbaycan kinosunun tarixi üç dəfə dəyişib.”“. 1905.az. 1905.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  5. 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 5,10 5,11 5,12 5,13 5,14 5,15 5,16 5,17 5,18 5,19 5,20 5,21 5,22 5,23 „AZƏRBAYCAN KİNOSU 1935-1988-Cİ İLLƏRDƏ. SƏSLİ DÖVR“. www.azerbaijan.az. www.azerbaijan.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  6. „AT THE TOP OF HIS GAME YASHAR NURI – ACTOR, DIRECTOR, NATIONAL TREASURE“. www.visions.az. www.visions.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  7. „AZƏRBAYCAN KİNOSU MÜSTƏQİLLİK DÖVRÜNDƏ“. www.azerbaijan.az. www.azerbaijan.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  8. 8,0 8,1 8,2 „“Azərbaycanfilm”in qısa tarixi“. www.azerbaijanfilm.az. www.azerbaijanfilm.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  9. „Azərbaycanda kino sənətinin inkişaf etdirilməsi haqqında sərəncam imzalanıb“. www.azadliq.org. www.azadliq.org. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  10. „“Dolu“ filmi mükafata layiq görüldü“. www.aznews.az. www.aznews.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  11. „“Nabat” filmi 3 beynəlxalq mükafat aldı“. news.lent.az. news.lent.az. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  12. „Bu gün Azərbaycan Kinosu Günüdür“. virtualaz.org. virtualaz.org. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.
  13. „I Bakı Beynəlxalq Turizm Filmləri Festivalı keçiriləcək“. www.azadliq.org. www.azadliq.org. 3 sentyabr 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 sentyabr 2016.