Foydalanuvchi:Hulkaroy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
 Shavkat Miromonovich Mirziyoev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug'ilgan. Millati - o'zbek. Oliy ma'lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o'qituvchi, dotsent, o'quv ishlari bo'yicha prorektor lavozimlarida ishladi.1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko'rsatdi. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo'shdi. Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi. Sh.M. Mirziyoev 2003 yilda O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta - 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi. Sh.M. Mirziyoev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bordi. 2016-yil 19-oktabr kuni Oʻzbekiston Liberal Demokratik Partiyasining VIII sʼezdi boʻlib oʻtdi. Unda partiya siyosiy kengashi aʼzosi Sh.Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi. 2016-yil 4-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovi yakunlari boʻyicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.2016-yil 14-dekabrda rasman oʻz vazifasini bajarishga kirishdi. Hozirgi kunda ham yurtimizning yanada gullab yashnashi, xalq farovonligi, yurtimizning jahon miqyosida tan olinishi uchun sa'y-harakatlarni olib bormoqda.