Foydalanuvchi:Bahromova Nasiba
KOREYa RESPUBLIKASINING TARIXIY QADAMJOYLARI VA MADANIY YoDGORLIKLARI Koreya Respublikasi va uning yuksak madaniyati haqida 845 yili bir arab savdogari ajoyib fikr bildirgan edi: «Dengizning u tarafida, Xitoyning ortida, tog‘li va oltinga boy «Silla» davlati qad rostlagan. Ko‘plab musulmonlar bu yerga tashrif buyurib, bir umrga qolib ketishgan, yoki ularni mamlakat chiroyi o‘ziga maftun qilgan». Qadimgi xitoy matnlarida Koreya «Ipakka tikilgan daryolar va tog‘lar» va «Sharq millati axloqi» deb yodga olinadi. Asrlar osha koreys xalqi qismatiga bitilgan barcha qiynchiliklarga qaramay, mamlakat madaniy boyliklarini ko‘paytirdi va saqlab qoldi. Koreyaning tarixiy qadamjoylari – bu muhim tarixiy voqealar yuz bergan, qadimiy qurilish va inshootlar mavjud yerlar hisoblanadi.
Koreya Respublikasining tarixiy qadamjoylari ro‘yxatiga 490 joy nomlari kiritilgan, ular qatorida: ibodatxonalar, uy joylari, kurash maydonlari, sag‘analar, qamoqhona hududlari, kulolchilik ustaxonalari, qal’alar va boshqalar mavjud.
Quyida biz eng asosiylarini ko‘rib chiqamiz. Chonmyo chere: koreys davlatlari ajdodlarini xotiralash marosimi Chonmyo – bu Koreyada eng qadimiy va nisbatan yaxshi saqlanib qolgan qirollikning konfusiychilik ibodatxonasi. Bu koreys uslubida qurilgan ulkan inshoot Seulning markazida rassomchilik xiyobonida joylashgan. XVI srning boshlarida Choson sulolasi asoschisiga bag‘ishlab qurilgan ibodatxona o‘zining asl holida turibdi. Bu yerda sobiq qirol oilasi a’zolari saboq olgan kichkina taxtachalar mavjud. Chonmyo ibodatxonasi qurilishi yangi davlat poytaxtini Keson shahridan Xan’yan (hozirgi Seul) shahriga ko‘chirish haqida qaror qabul qilinganidan so‘ng 1394 yili boshlangan. O‘sha davrdagi shahar qurilishi qonunlariga ko‘ra oilaviy ibodatxona qirol asosiy saroyining chap tomonida joylashtirilish lozim bo‘lgan. Shuning uchun ham ibodatxona Kyonbokkun saroyidan sharqqa tomon qarab qurilgan. Chonmyo ibodatxonasi qurilishi poyoniga yetgach, bu yerga yangi sulola – birinchi Tejo qiroli ajdodlarining to‘rt avlodi xotira taxtasi keltirib qo‘yilgan. Ibodatxona kompleksi bir qancha binolardan iborat bo‘lib, Chonjon va Yonnyonjon asosiy binolar hisoblanadi. Ammo Imjin urushi davrida (1592–1598 yy.) bu binolar xonavayron qilingan. 1608 yili Kvanxegun van davrida bu binolar qayta tiklangan. Keyinchalik ibodaxonaning umumiy arxitektur ko‘rinishiga biroz qo‘shimchalar kiritilgan, shundan so‘ng u o‘z holicha qoldirildi, boshqa o‘zgarishlarga uchramadi. Shuning uchun ham Chonmyo ibodatxonasining hozirgi ko‘rinishi dastlabki ko‘rinishidan deyarli farq qilmaydi. Hozirgi kunda Chonjon binosida o‘n ikkita o‘rtacha kattalikdagi zal mavjud bo‘lib, bu zallarga Choson sulolasi qirol va qirolichalari, shuningdek, Tejo van xotira taxtachasi qo‘yilgan Yonnyonjon binosida shunga o‘xshash o‘n oltita zal mavjud. Bu yerda Tejo van ajdodlarining to‘rtta avlodi xotira taxtalari qo‘yilgan, ularga abadiy qirollik nasliy in’om berilgan. Ilgari ibodatxona faqat qirol va uning ajdodlari xotira taxtalarini saqlaydigan bino hisoblanmagan. Bu yerda qirol ajdodlari xotirasini yod olish hamda ruhlarga qurbonlik keltirish marosimlari o‘tkazilgan. Marosim Chonmyo chere deb nomlangan va ilk vujudga kelgan kunidan boshlab Choson davri davlat miqyosida o‘tkaziladigan muhim urf-odat hisoblangan. Chonmyo chere marosimi bugungi kunda ham Koreya uchun o‘zining madaniy va tarixiy muhimligini yo‘qotmagan. Ajdodlarni xotiralash g‘oyasi neokonfusiychilikning eng muhim asosi bo‘lib, Choson (Li) sulolasi davrining davlat mafkurasi uchun xizmat qilgan. Marosimning asosiy maqsadi o‘tib ketgan ajdodlarning qilgan xizmatlarini madh etish hisoblangan. Choson sulolasi davrida Chonmyo chere marosimi bir yilda bir necha marotaba o‘tkazilgan. Ajdodlar ruhiga bag‘ishlab doimiy qurbonlik keltirish marosimlari yilning birinchi oyida va davlatning barcha asosiy bayramlari chusok, hosil bayrami va solnal (oy kalendari bo‘yicha yilning birinchi kuni)da o‘tkazilgan.
Bundan tashqari bu marosim boshqa vaqtda, xususan, mamlakat uchun qiyin davrlarda ajdodlar ruhidan madad so‘rash uchun ham o‘tkazilgan.
Yapon kolonial boshqaruvi davrida Chonmyo chere an’anaviy marosimi o‘tkazilishi qisqartilgan, 1946 yildan boshlab esa batamom to‘xtatilgan. 1969 yili Chonmyo chere marosimini o‘tkazish qayta tiklandi, 1971 yildan boshlab esa marosim doimiy ravishda yilda bir marotaba may oyining birinchi yakshanba kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi. An’anaviy marosim vanning merosxo‘ri va aka-ukalari, shuningdek, qirol oilasining boshqa vakillari (faqat erkaklar) tomonidan o‘tkazilgan. Ularga saroyda yuqori mavqega ega bo‘lgan amaldorlar yordam berishgan. Hozirgi vaqtda marosim Chonjudagi Li qirolining avlodlari tomonidan o‘tkaziladi. Marosim bir nechta bosqichdan iborat. Marosim boshlanishidan uch kun oldin barcha ishtirokchilar tana va qalblarini tozalashlari lozim. Buning uchun ular nafaqat ko‘ngilxushliklardan voz kechishlari lozim bo‘lgan. Hatto davlat xizmati, davlat miqyosidagi boshqa tadbirlarda ishtirok etishlari ham taqiqlangan. Marosim o‘tkaziladigan kuni barcha ishtirokchilar o‘zlariga ajratilgan joylarni egallashadi, keyin esa bir necha bosqichdan iborat marosim boshlanishi e’lon qilinadi. Birinchi bosqichda – Singvalle – ishtirokchilar ruhlar bilan so‘rashishadi. Boshqa olamdan ruhlarni chaqirish uchun xotira taxtasi oldida o‘t yoqiladi, maxsus tuynuk orqali an’anaviy guruch va shafrandan tayyorlangan vino ulchxanju quyiladi. So‘ng Chxonjore ajdodlari ruhiga bag‘ishlab qurbonlik keltirish marosimi boshlanadi. Bug‘doy yog‘ va qurbonlik keltirilgan jonzot (odatda sigir yoki cho‘chqa) qoni bilan aralashtiriladi va yoqiladi. Aynan shu usul orqali ruhlar qurbonlik taomi mazasini tuyushadi va qabul qilishadi, deb hisoblashgan. Shunday marosim yordamida ruhlardan keyingi yil mo‘l hosil olish so‘ralgan. Marosimning keyingi bosqichi – Chxoxolle – ruhlarga birinchi idishda may uzatish. Alohida duolar o‘qish orqali o‘tib ketgan qirollar madh etiladi. Duolar o‘qib bo‘lingach, marosimning barcha ishtirokchilari ajdodlarga ta’zim qilishadi, o‘z minnatdorchiligi va hurmatini bajo keltirishadi. Keyin qirol ajdodlari ruhlariga ikkinchi, uchinchi va so‘nggi idishdagi may keltiriladi. Marosim yakunida duo matnlari va madh so‘zlari yozilgan barcha o‘rog‘liq qog‘ozlar yoqib yuboriladi. Marosim o‘tkazib bo‘lgach, barcha ishtirokchilar ibodatxonining chekkasida o‘tirishadi hamda ajdodlar va ularning ruhlariga to‘rt marotaba chuqur ta’zim bajo keltirishadi. Chonmyo chere marosimi ikki qism – potxepxyon va chondeopdan iborat Chonmyo chereak musiqasi asari ostida o‘tkaziladi. Har bir qism o‘z navbatida 11 ta banddan iborat. Musiqaning birinchi qismida o‘tib ketgan qirollarning fuqarolik xizmatlari va erishgan muvaffaqiyatlari, ikkinchi qismida ular ko‘rsatgan qahramonliklar kuylanadi. Chonmyo chereak musiqasiga buyuk van Ulug‘ Sejon tomonidan asos solingan va keyinsalik Sejo van tomonidan qayta ishlangan. Shundan so‘ng Chonmyo chereak kompozisiyasiga hech qanday o‘zgarishlar kiritilmadi, bugungi kunga mazkur musiqa olti asr oldin yaratilgan holida yetib keldi. Chonmyo chereakni ikki musiqa guruhi ijro etadi: birinchisi – tinga – bevosita ibodatxonaning yuqori qismida joylashadi, ikkinchisi – xonga – ibodatxonaning etagidan joy egallaydi. Xonga ajdodlar bilan so‘rashish vaqti, ya’ni ularga marosim taomini keltirish va ular bilan xayrlashish jarayonida ijro etiladi. Tinga ruhlarga ta’zim jarayoni, birinchi idishdagi mayni keltirish vaqtida ijro etiladi. Marosim ishtirokchilari marosim idishlarini olib ketishayotganida musiqa ijro etilmaydi. Chonmyo chereak koreys an’anaviy musiqa asboblari: ikki torli kamonchali xegim va yetti torli sitra cholg‘u asbobi achjen; puflab chalinadigan – katta fleyta tegim, sibizg‘a (burg‘u) tanpxiri va klarnet (surnayga o‘xshash musiqa asbobi) txepxyonso; urib chalinadigan – bronzali qo‘ng‘iroqchalar pxyonchjon, pxyongyon va panxyan, gong chin, chingo barabanlari va chango jo‘rligida ijro etiladi. Shuningdek, ko‘rinishidan yelpig‘ichni yodga soladigan va yog‘och shaqildoqqa o‘xshash pak musiqa asbobidan ham foydalaniladi. Pak tovushi odatda musiqa asarining boshlanishi va yakunlanishi anglatadi. Chonmyo chereak – Koreya saroy marosimlarining noyob namunasi, saroy an’anaviy koreys musiqasining barcha xususiyatlariga ega: u bir tekis, shoshmasdan ijro etiladi, chuqur ulug‘vor jaranglashi bilan ajralib turadi. 1964 yil 7 dekabrdan boshlab mazkur musiqa Koreyaning eng asosiy nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, davlat tomonidan qo‘riqlanadi, har tomonlama o‘rganiladi va keyingi avlodga yetkazib berilmoqda. Chonmyo chere marosimida nafaqat musiqa, balki bir vaqtning o‘zida ikkita raqs ijro etiladi. Birinchi raqs – munmu – potxepxyon musiqasi ostida ijro etiladi. Har bir raqqosaning o‘ng qo‘lida yupqa tustovuq patli koreys fleytasi bor. Ikkinchi raqs – mumu – yog‘och qilichlar, nayzalar va kamonlar bilan birga chondeop musiqasi ostida ijro etiladi. Raqslarda bir tomondan ikkinchi tomonga o‘tish va burilishlar yengil harakatlar bilan ijro etiladi. Odatda, raqqosalar kvadrat shaklida qatorga turishadi. Hozirgi vaqtda mazkur raqsda har bir qatorda sakkiz raqqosadan iborat 64 ijrochi ishtirok etadi. Chonmyo chere marosimi chuqur an’anaviy, katta tarixiy va badiiy qiymatga ega. Har yili may oyining birinchi yakshanba kuni Chonmyo ibodatxonasida noyob marosim Chonmyo cherening o‘tkazilishiga guvoh bo‘lish mumkin, shuningdek, Chonmyo chereak marosim musiqasini ham tinglash imkoniyati mavjud. Marosimning go‘zalligi va tarixiy ahamiyati, shuningdek, Chonmyo qirollik avlodi ibodatxonasining o‘zi ham nafaqat Koreyada, balki xorijiy davlatlarda ham tan olingan. 2001 yili 18 mayda bu noyob yodgorliklar YuNESKO jahon merosi, 2008 yili esa butunjahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Chxongechxon daryosi Seul qoq markazida oqib o‘tuvchi Chxongechxon sayoz daryo-irmoq, katta Xangan daryosidan oqib tushadi. Monarxiya boshqaruv davrida Chxongechxon daryosi siyosiy markaz, odamlar uchun hayot manbai bo‘lgan, Choson sulolasi boshqaruvi davrida maxsus voqealar nishonlangan. Daryo Seul hayotida muhim rol o‘ynagan: XV qirol buyrug‘iga ko‘ra bu yerda Chxongechxon o‘zanini chuqurlashtirish maqsadida katta ishlar olib borilgan. Choson sulolasi davrida daryo Kechxon, ya’ni «irmoqlarni kovlash» deb nomlangan. Dastlab bu Seul markaziga tog‘lardan oqib tushuvchi oddiy havza edi. Kuchli yomg‘irlar vaqtida suv havzasidan tashqariga toshib, atrofdagi uylarni suv bosib ketardi, oqibatda katta zarar yetkazardi. Bu rayonda muntazam ravishda yuzaga kelgan suv toshqinlari sabab Choson sulolasining uchinchi qiroli Tejon, irmoqqa asosiy o‘zan berish haqida buyruq berdi. Uning izdoshi qirol Buyuk Sejon daryoning oqib kelishini izga solishga qaratilgan ishlarni olib bordi. Kechxon daryosiga oqib keluvchi barcha mayda irmoqlar atrofida qurilish ishlari olib borildi: daryoning o‘zida esa suv darajasini o‘lchash uchun ustun o‘rnatildi. Yonjo qiroli buyrug‘iga ko‘ra daryoning qirg‘oqlari va o‘zani o‘zgaradigan joylariga toshlardan to‘siq qo‘yib chiqildi. Yapon kolonial boshqaruvi davrida Yaponiya 1914 yili barcha daryolar nomiga o‘zgartirish kiritganida daryoga Chxongechxon «sof oqim» nomi berildi. 1950–1953 yillardagi Koreya urushi vaqtida daryo atrofidaga barcha hududlar vayron qilindi, qochqinlar va uy-joyini yo‘qotgan aholi daryo qirg‘og‘i bo‘yida o‘zlarining yog‘och kulbalarini qurib, joylasha boshladi. Daryo juda ham iflos holga keldi: Chxongechxonga chiqindilar to‘kilardi va u badbo‘y axlat oqadigan yer osti kanali, ya’ni eng jiddiy iflos manbaga aylandi. 1960 yillarning oxirida hukumat aholi va xarob kulbalarni ko‘chirish orqali antisanitar holatga qarshi kurash boshladi, 1970 yili irmoq o‘rniga ikki yarusli tezyurar avtomagistral qurildi. Chxongechxon Janubiy Koreya davlatining industrial taraqqiyot ramziga aylandi. Vaqt o‘tishi bilan rejadan tashqari trafika tufayli yangi qurilgan yo‘l eskirdi, yo‘l chekkasiga qurilgan binolar, binolarning birinchi qavatida joylashgan do‘konlar ko‘rimsiz holga kelib qoldi. 2003 yili Chxongechxon daryosini qayta tiklash ishlari olib borildi. Rejaga ko‘ra daryo ustiga qurilgan avtomagistral to‘liq olib tashlanishi, daryo o‘zani ochilib, tozalanishi va tartibga keltirilishi, unga toza suv keltirish muammolari hal etilishi lozim edi. Bu loyihaning Bosh tashabbuskori poytaxt meri, keyinchalik Koreya Respublikasi prezidenti bo‘lgan Li Myon Bak edi. Loyiha shahar merining qurilish ishlari bo‘yicha Kengashi tomonidan tasdiqlandi, ammo aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Ko‘pchilik Seul markazida sun’iy daryo qurilishi uchun katta mablag‘ kerakligini ta’kidlashdi. Ammo 2005 yil 1 oktyabrda Chxongechxon daryosi ochilgandan so‘ng, mahalliy aholiga daryoning turistik, ya’ni Seulning qoq markazida dam olish hududiga aylantirilgan yangi ko‘rinishi ma’qul keldi. Yangi Chxongechxon shaharning markazida bir liniyali landshaft parkiga aylantirildi, bu yerda daryo bo‘ylab sayr qilish, toshlarda o‘tirib, suvni tomosha qilish mumkin, turli xil favvoralar esa ko‘zni quvontiradi. Chxongechxon daryosi buloq suvi kabi tiniq, endi u atrofiga bambuk o‘tqazilgan, yo‘lovchilar yuradigan ko‘prikchalar va avtomobil estakadalari o‘rnatilgan granitli qirg‘oqlar bo‘ylab oqadi. Daryoni to‘ldirish uchun har kuni Xangan daryosidan 120 tonna suv keltiriladi. Daryo boshida bir qancha: shamchiroq shaklida yoritib turuvchi uch rangli fontan, sirkulyar favvora-feyerverk va har kuni 65 tonna suv aylanadigan katta ikki yarusli favvora bor. Oqimning quyi qismida yer osti favvorasi bo‘lib, bu yerda suv 5 metr balandlikda 42 tuynuk orqali oqib tushadi va sayr qiluvchi xiyobonda besh-o‘n metrli arkani yuzaga keltiradi. Yana mashhur ritmik favvora ham mavjud, bu yerda suv mramor devor bo‘ylab oqadi. Ayniqsa, favvoralar kechki chiroqlar ostida yanada jozibali ko‘rinadi. Daryo uzunligi – taxminan 10 kilometr. Unda 22 ko‘prik qurilgan. Shaharda eng katta ko‘priklardan biri Tejon (Choson sulolasining uchinchi qiroli) qirolligining o‘ninchi yilida qurilgan Kvantxongyo hisoblanadi. Bu ko‘prik qirol oilasi va vazirlar uchun asosiy tantana eshigi bo‘lgan. Daryoning bir qancha devorlari mavjud. Dunyodagi eng katta «keramik devor»i Panchxado rassomlar chizishi bo‘yicha, Kvangyo va Samilgyo ko‘priklari o‘rtasidagi qirg‘oqbo‘yini bezatib turadi. Dastavval devor Choson sulolasi 22-qirolining ota-onasi qabrlariga sakkiz kunlik ziyorati haqida hujjatli hisobotni namoyon qilgan. Devorning 192-metr balandligida qirol mulozimlaridan 1779 kishi va 7779 ot rasmi tushirilgan, qirollikdagi kundalik va bayram liboslaridan parchalar ko‘rsatilgan.
«Umid devori» daryoning ikki qirg‘og‘ini bezab turadi va o‘zida Koreyaning ikkiga bo‘linishi fojeasi va og‘riqlarini aks ettirib, ularning birlashishiga umid ma’nosini anglatadi. U keramik plitkalar bilan qoplangan, bu devorlarda Seul, KXDR va xorijda istiqomat qiladigan 20 mingdan ortiq koreys xalqi o‘zining dastxatini qoldirgan. Dastxatlar ikki davlatning birlashishiga umid ma’nosida qoldirilgan.
«Madaniyat devori» daryoning yuqori qismi Ogansumun darvozasiga yaqinida joylashgan. Devor zamonaviy beshta rassomning «Kelajakka yo‘l» uyg‘un mavzusida chizgan ishlari bilan bezatilgan. Chxongechxon daryosi bo‘yida qayta ta’mirlash ishlari olib borildi. Hozirgi kunda Chxongechxon – bu Seuldagi eng go‘zal joylardan biridir. Uning qirg‘oq bo‘ylarida landshaft arxitektura asosida maydon va xiyobonlar, favvoralar qurilgan, kechki payt daryoga alohida go‘zallik baxsh etuvchi maxsus yoritgichlar o‘rnatilgan.
Chxongechxon daryosi qirg‘oqlarida kechki payt turli xil madaniy tadbirlar, jumladan, lazerli shoular uyushtiriladi, turli xil festivallar o‘tkaziladi. Har yili noyabr oyida Chxongechxon daryosining Chxonge va Supxyogyo ko‘priklari oralig‘idagi 1,2 km masofada Seul chiroq festivali o‘tkaziladi. Shunga o‘xshash festival birinchi marotaba 2009 yili o‘tkazildi, 2014 yildan boshlab tadbir «Seul chiroq festivali» deb nomlandi. Joriy yilda festival o‘zining 10-yilligini «Yorug‘likka bag‘ishlangan Seul orzusi » nomi ostida nishonlaydi, tadbir doirasida Chxongechxon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab yonib turuvchi turli xil chiroqlar o‘rnatiladi.
Chxongechxon daryosi tarixi – barcha uchun o‘rnakdir.
Chxongechxon daryosini taklash bo‘yicha loyiha Venesiyada o‘tkazilgan 9- Xalqaro bennal arxitektura maxsus sovriniga sazovor bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida, Seul shahrida atrof-muhitga e’tiborli bo‘lish hissini kuchaytirdi va poytaxtni «eko-shahar»ga aylantirishda qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ldi.
Mana shu loyiha sabab, megapolis hududidan oqib o‘tuvchi Sonbukchxon, Chonninchxon va Xonchjuchxon daryolari ham qayta ta’mirlandi. Hozirgi kunda Seulda 17 daryo qayta ta’mirlandi. Bunday loyihalar boshqa davlat shaharlari, xususan, Tokio va Osaka shaharlari uchun ham maqbul keldi.
Koreys buddizmi beshigi – Pulguksa ibodatxonasi Mamlakatning janubi-sharqiy qismida joylashgan Kyonju shahrida qadimgi yodgorliklarning ko‘p qismi saqlanib qolgan. Kyonju o‘zining taraqqiyoti davrida, avval Silla qirolligining keyin esa Uch podsholikning poytaxti, dunyoda eng buyuk va go‘zal shaharlardan biri bo‘lgan. 1979 yili YuNESKO Kyonju shahrini dunyodagi eng muhim tarixiy joylar o‘ntaligi qatoriga kiritdi. Koreys xalqining o‘zi esa shaharni haqli ravishda «Devorsiz muzey» deb atashadi. Bu yerda ko‘plab yaxshi saqlangan tarixiy inshootlar, ibodatxonalar, madaniy yodgorliklar va qirol saroylari mavjud. Kyonju asosiy shahar bo‘lmasa-da, urushlar va istilolarga qaramasdan, bu zaminda koreys madaniy merosini asrab qolgan joy hisoblanadi. Kyonju shahrida eng mashhur mehmondo‘st joy Txoxamsan tog‘lari etagidagi Kyonsanpukto provinsiyasida joylashgan Pulguksa ibodatxonasi hisoblanadi. Pulguksa «Baxtli o‘lka» ma’nosini anglatib, bu Silla davlatining boy, rivojlanayotgan davlat bo‘lganiga ishora qiladi. Pulguksani Zamindagi Budda deb ham nomlashadi hamda u ko‘p sonli zal, ikkita cherkovdan iborat Sokguram grot (dengiz qirg‘og‘idagi tik qoyalarda hosil bo‘ladigan g‘or va shunga o‘xshash sun’iy g‘orlar) uyi kabi mashhurdir. Buddaviy ibodatxona 751 yili Kyon’dok-van qirolligi davrida Birlashgan Sillaning birinchi vaziri Kim De Son tomonidan qurdirilgan. U 24 yil davomida qurilishni boshqargan, ammo bevaqt o‘lim (774 yili) ishni yakunlashga imkoniyat bermagan. Ibodatxonani qurish oradan 30 yil o‘tib 780 yili tugatildi. Dastlab ibodatxona 80 ta yog‘och uylardan iborat bo‘lgan, Koryo va Choson sulolalari boshqaruvi davrida konfusiychilik ta’limotini targ‘ib qilish kuchaygandan so‘ng, ular soni kamaygan. Sonjo qiroli boshqaruvi yillarida boshlangan Imjin urushi (1593 yili) vaqtida ibodatxonaga o‘t qo‘yilishi oqibati u batamom yonib ketgan. Pulguksa ibolatxonasi tiklash ishlari sust olib borilgan, uning hududida olib borilgan qazilma ishlari natijasida u yana o‘zining oldingi mashhurligini qayta tikladi. Hozirgi kunda XX asrning 70-yillari boshida ibodatxonani tiklash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasini ko‘rish mumkin: 1969 «Pulguksani tiklash bo‘yicha kengash» tashkil etilgan va 1970 yil fevral oyi boshlangan qayta tiklash ishlari 1973 yil iyun oyida yakunlangan. Ibodatxonaning yaratilish tarixi haqida ma’lumotlar muallifi buddaviy rohib bo‘lgan Kim Iryonning «Samguk yusa» («Uch davlat tarixiga qo‘shimchalar») o‘rta asr yodgorligida uchraydi. Yodgorlikda keltirilgan afsonaga ko‘ra, ibodatxona qurilishi buddaviylikning qayta tug‘ilish konsepsiyasiga asosan Kim De Sonning ikki hayoti bilan bog‘liq. Afsonada aytilishicha, oddiy dehqon Kim De Son beva onasi va o‘zining qornini to‘ydirish uchun mashaqqatli mehnat qilgan. Tinimsiz qilingan mehnatlari evaziga kichik yer sotib olgan. Ammo qishloqqa rohib qurbonlik to‘plash uchun tashrif buyurganida Kim De Son o‘z yerini ibodatxona qurilishi uchun hadya qilgan. Ibodatxonaga qilingan ehson tufayli o‘limidan so‘ng u yuqori mavqega ega amaldor Kim Mun Ryan o‘g‘li tarzida dunyoga qayta kelgan. Voyaga yetish davrida bola bilan bog‘liq ajoyib hodisalar ro‘y bergan. Shulardan bittasi u ayiqni o‘ldirgan, keyin ayiq ruhi undan o‘ch olmoqchi bo‘lgan. Shunda Kim De Son ayiqqa atab ibodatxona qurishga va’da bergan. De Son va’dasining ustidan chiqdi. Ibodatxonani qurgach, u ibodatxona qurish bo‘yicha tajribaga ega bo‘ldi. Keyinchalik orttirilgan tajribalar asosida ikkita: ota-onasiga atab Pulguksa ibodatxonasi va ota-onasining xotirasiga bag‘ishlab Sokkuram ibotadxonasini qurdi. Shunday qilib, bir-biridan uzoq joylashmagan ikkita ibodatxona kompleksi o‘g‘ilning ota-onaga hurmati va muhabbati ramzi sifatida qad rostladi. YuNESKOga kiritilgan noyob meroslar qatorida har ikkita ibodatxona bitta punktda qayd etilgan. Pulguksa va Sokkuram ibodatxonalari Koreya Respublikasida insoniyat zakovati bilan yaratilgan durdonalar ro‘yxatga kiritilgan. Ibodatxonalar kompleksini dunyoning asosiy tomonlari: janub, shimol, g‘arb va sharqqa mas’ul – ochiq rangda bo‘yalgan yog‘och To‘rtta Darvoza qo‘riqchilari yil davomida «qo‘riqlab turishadi». Ibodatxonani qo‘riqlash va iblislar bilan kurashish ularning asosiy vazifalari hisoblanadi. Har bir qo‘riqchi qo‘lida qilich va qalqon, ajdar va cherkovni ushlab turibdi. Darvoza ortida daryo bo‘lib, daryo ustidan ko‘prik o‘tgan. Buddaviylikka ko‘ra, bu insonlar hayoti va Budda o‘rtasidagi aloqa ramzi hisobladi.
1995 yili dekabr oyida YuNESKO Pulguksa ibodatxonasini buddaviylik arxitekturasining durdonasi deb tan oldi va uni butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritdi.
Pulguksa ibodatxonasi kompleksi ichida ikkita In (Sokkatxap cherkovi) va Yan (Tabotxap cherkovi) ramzi bo‘lgan qadimiy cherkovlar mavjud. Tabotxap va Sokkatxap cherkovlarining nozik go‘zalligi va ramzida Silla qirolligi aholisining estetik qarashlari va falsafasi aks ettirilgan. Ular arxitekturadan buddaviylikka bo‘lgan chuqur e’tiqodlari, e’tiqod qiluvchilarni haqiqat va forig‘lanishga chaqiruvchi badiiy vosita sifatida foydalanishgan.
Tabotxap ChERKOVI (KO‘P BOYLIKLAR ChERKOVI) Uch qavatli, balandligi 10, 4 metr, och rang granitdan yasalgan Tabotxap cherkovi juda ham murakkab, noyob shaklga ega. O‘z davrining boshqa me’morchilik ishlaridan keskin farq qiladi, Tabotxap «qimmatbaho baraka» yoki «ko‘p sonli xazina» cherkovi ma’nosini anglatadi. Sokkatxap (Shakyamuni)ChERKOVI Sokkatxap («Shakyamuni Buddasi qoldiqlar» ma’nosini anglatadi) och rangli granitdan qurilgan, balandligi 8, 2 metr. Bu cherkov yana «soyasi yo‘q» deb ham tarjima qilinadi. Sokkatxap cherkovi sodda konstruksiyaga ega, ortiqcha dabdabalarsiz qurilgan, boy bezakli Tabotxap cherkoviga nisbatan oddiy ko‘rinishga ega. Tabotxap dekoratsiyasi dunyoning murakkabligi ramzi, Sokkatxap cherkovi esa sodda ko‘rinishi bilan ichki ma’naviy kuchlilikni ifodalaydi va bu forig‘lanishga qaratilgan buddaviylikka xosdir.
Sokkuram g‘ori ibodatxonasi Toshga bitilgan diniy hissiyot va g‘ayrat.
Sokkuram g‘ori ibodatxonasi Silla davri buddaviylik madaniyatining eng ulkan yutug‘i, dunyodagi Buddaviylik ibodatxonalari orasida eng chiroylisi hisoblanadi.
Sokkuram Txoxamsan tog‘ining sharqiy qiyaligida joylashgan, 742–764 yillarda qurilgan. Bu granitli ibodatxona Silla qirolligi davri odamlarining benuqson mehnati mahsuli va o‘sha davr arxitekturasining yutug‘i hisoblanadi. Ibodatxona diniy san’atning kamyob asaridir. Sokkuram yodgorligining rasmiy nomi Sokkul (Budda tosh ibodatxonasining toshli g‘ori)dir. Sokkuramning noyobligi shundaki, u to‘liq san’at inshooti hisoblanadi. U granitli bloklardan qurilgan, bloklar ustiga g‘or ko‘rinishida qalin qilib grunt sochilgan. Sokkuram – oq granitli g‘orli ibodatxona. Aylana shaklidagi zal markazida postament (haykal o‘rnatiladigan maxsus supa) qo‘yilgan va unga Budda Sokkamoni (Shakyamuni) haykali o‘rnatilgan. Buddaning yuzi Sharq dengiziga qaratilgan, atrofi bodisatva tasviri va ilohiy-himoyachilar bilan qurshalgan. Doira shaklidagi zalda bo‘rttirib ishlangan rasmlar ichida Avalokiteshvar ilohi haykali alohida ajralib turadi. Zallarni bir-biriga bog‘lovchi birinchi to‘g‘riburchakli zal va dahlizning ikki tomoniga darvozalarni qo‘riqlovchi sakkizta invansan va Silla to‘rtta qo‘riqchisi sachxonvan (To‘rt Osmon xudosi) rasmlari joylashtirilgan. Sokkuram – Sharqiy Osiyoda asosiy haykal zal markaziga joylashtirilgan yagona g‘orli ibodatxona hisoblanadi. Ibodatxona haykallari arxitektura va haykaltaroshlik sintezidan iborat. Budda haykali buddaviylik qonunlarining barcha talablariga javob beruvchi o‘zining sodda, qat’iy mutanosibligi bilan ajralib turadi. Haykaltarosh Buddaning yuz ifodasida ichki uyg‘unlik, osudalik va atrof-muhitdan batamom uzlatlanganlik holatini bera olgan. Buddaning to‘liq yuzi – yarim ochiq qisiq ko‘zlar, baland do‘g‘a qoshlar, kichkina burun va qattiq qimtilgan lablar, yumshoq dumaloq shakldagi gavda, atrofida tashqi ko‘rinishiga iftixor tuyg‘usini beradigan, uning ulug‘vorligi va ma’naviy kuchini kuchaytiradigan katta doira hosil qiluvchi nilufar gul yaproqchalari – VIII asrda koreys budda haykaltaroshligining murakkabligidan, boshqa davlatlarda bunday yangi tipga o‘xshash chehraning yo‘qligidan guvohlik beradi. Budda tashqi ko‘rinishi bilan koreys haykaltaroshligining o‘ziga xosligi, ya’ni qo‘nimsiz mayin chiziqlar, haykalning ravonligi, olijanob vazminlik va shaklning umulashmasini ko‘rsatadi. Sokkuramning granitli gumbazi konstruksiyasi – bu haqiqatan qadimgi arxitekturlarning ajoyib yutug‘idir. 1995 yili Sokkuram groti butunjahon madaniy merosi yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan.
ChOMSONDE OBSERVATORIYaSI Chomsonde – bu Sharqiy Osiyoda saqlanib qolgan eng qadimgi astronomik observatoriya va Yer yuzidagi qadimgi ilmiy inshootlardan biri hisoblanadi. Inshoot VII asrda poytaxti Kyonju shahri bo‘lgan Birlashgan Silla davriga taalluqlidir. 1962 yili 20 dekabrda Chomsonde mamlakatning milliy xazinasi ro‘yxatiga kiritildi. Chomsonde koreys tilidan tarjima qilinganda «yulduzlarni kuzatish uchun minora» ma’nosini anglatadi. Sondok (632-647 yy.) qirolligi davrida qurilgan. Undan ob-havoni oldindan bilish uchun yulduzlarni kuzatishda foydalanilgan. Observatoriya shisha shaklida toshdan yetti qavatli qilib qurilgan, granit palaxsalardan yo‘nilgan va 27 qator qilib bir-biriga joylashtirilgan 362 toshdan iborat. Minoraning tepasi torayib, dunyo tomonlariga qat’iy yo‘naltirilgan kvadrat maydon shaklida tugallanadi. Chamasi, bu maydon astronomik jihozlarni o‘rnatish uchun xizmat qilgan (balki, osmon yoritqichlari koordinatini aniqlash uchun ekvator yoki ekliptik armillyar sohalar uchun qo‘llanilgan). Shuningdek, minora gnomon uchun xizmat qilgan, astronomik choshgoh, shimolga yo‘nalish va tushgan soya uzunligiga qarab joy kengligini aniqlash imkonini bergan. O‘sha davrda aynan Chomsonde observatoriyasidan masofa o‘lchangan. Odatda, tadqiqotchilar e’tiborni Chomsonde minorasi konstruksiyasi ramziga qaratadilar. Demak, u 362 toshdan iborat, bu esa oy kalendari bo‘yicha bir yilda kunlar sonini anglatadi. Minoraning shakli esa dunyo yaralishi nazariyasini tasvirlaydi – dumaloq osmon va kvadrat shaklidagi yer. Toshlar qatlamining to‘liq soni asosiy tosh bilan birga 28 – bu o‘sha davrdagi tasavvurlarga ko‘ra osmondagi yulduzlar soniga ishora qiladi. Shuningdek, oy kalendari bo‘yicha kunlar sonini anglatadi. 12 soni (oynadan past va yuqori tosh qatlamlari soni) – bir yildagi oylar sonidir. Minora o‘rnatilgan kvadrat sokol ham 12 toshdan iborat. Bu to‘g‘ri chiziq va burchaklar kombinatsiyalaridan iborat tosh arxitektura 1962 yili dekabr oyida Milliy xazina ro‘yxatiga kiritilgan.
KOREYS URUShI BO‘LIB O‘TGAN JOY Pxanmunchjom – koreys millatining bo‘linish ramzi. Qurolsizlantirilgan (demilitarizatsiya qilingan) hudud – Koreya yarimorolini taxminan 38-parallel chizig‘i bo‘yicha ikki – shimoliy (Koreys Xalq Demokratik Respublikasi) va janubiy (Koreya Respublikasi)ga bo‘lib turuvchi hudud. Bu hudud millionlab koreys xalqi mamlakatining hududiy bo‘linishi, mafkuraviy va harbiy ro‘para turishi, og‘riq va azob-uqubatlar ramzidir. U 1953 yili Seul shahridan 50 kilometr va Shimoliy Koreyaning Keson shahridan taxminan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan Pxanmuchjom posyolkasida qarama-qarshi kuchlar o‘rtasida yarashuv haqida Bitim tuzilgandan so‘ng tashkil etilgan. Qurolsizlantirilgan (demilitarizatsiya qilingan) hudud 250 kilometr uzunlikdagi to‘rt kilometrga teng hududni tashkil etadi, u Koreya yarimoroli sharqiy qirg‘oqbo‘yidan (Koson portidan Kanvondo provinsiyasigacha) Sariq dengizning g‘arbiy qirg‘oqbo‘yi Imjingan daryosigacha bo‘lgan hududni qamrab oladi. U shimol va janub, ya’ni «harbiy demarkatsiya (chegara) chizig‘i»dan 2 km masofada joylashgan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi betaraf mintaqa uzunligi 545 km bo‘lib, «tinchlik va hayot yo‘li» ramziga aylangan, urush yillari xotiralarini yodda saqlaydi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi betaraf hudud – ikki davlat uchun ham kirish taqiqlangan urush to‘xtatilgan hudud. Koreys millati yuragi va ongida qonli jarohat izlarini qoldirgan, tarang dushmanlik harakatlari ehtimoli hududi, Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasida pardalangan raqobat maydoni, shu bilan birga «sovuq urush»ning so‘nggi izlari ramzidir. 50 yildan ortiq vaqt bu yerga inson qadami tegmadi. Hozirgi vaqtda bu hudud qo‘riqxonaga aylantirilgan, bu yerda tabiat o‘zining asl holatini asrab qolgan. Inson qadami yetmagan bir davrda bu yerda tabiat gullab-yashnadi, insonlar aralashmaganligi sababli o‘simliklar va jonzotlarning kamyob turlari saqlanib qoldi.
Pxanmunchjom posyolkasi – juda ham ko‘p yodgorlik va binolar saqlanib qolgan memorial kompleks sanaladi.
Torasan tog‘idagi kuzatish uchun imkon beradigan kompleks bino – Janubiy Koreyaning asosiy qo‘riqlash postidir. Bu Janubiy Koreyaning hamkor hududni muhofaza qilishi uchun xizmat ko‘rsatuvchi sektoridir. Imoratning peshtoqida: «Osmon ostida joylashtirilgan bizning bo‘linma, boshqalardan oldinga surilgan» yozuvi mavjud. Bu KXDR hududi bu binodan bir necha yuz qadam narida joylashganligidan dalolat beradi. Markaziy bino: bu yerda hech qanday olamshumul voqealar yuz bermaydi, faqat ikki tomondan qo‘riqlash xizmati qarama-qarshiliklarning davom etayotganini yodga soladi. Janubiy Koreyalik askar mushtini qattiq siqqan holda turibdi. Shimoliy Koreyalik askar esa konferensiya zali oldida shimolga qarab turibdi. Konferens-zalda urushni to‘xtatishni nazorat qilish Kengashi muzokaralar olib boradi. Zalning har ikki tomonida ikki kichkina xona mavjud. Zalning markaziga stol qo‘yilgan, stol o‘rtasidagi mikrofon simi, binodan tashqarida va balandligi yarim metr, qalinligi 5 santimetr beton devor bilan qurshalgan, ikki Koreya o‘rtasida chegara hisoblanuvchi demarkatsiya (chegara) chizig‘ini anglatadi. Bu yerda bino sektori nomlari shimoliy va janubiy qurolli kuchlari to‘qnashuvida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar sharafiga qo‘yilgan. Ular sovuq urush yillarining fojeali voqelarini yodga soladi. Koreys xalqining birlashishga intilishini aks ettiruvchi ramziy yodgorlik. 1974 yili BMT vakillari va Koreya Respublikasi hukumati taqiqlangan hududda chegaraning janubiy qismlariga olib boruvchi bir qancha yer osti yo‘llarini topishdi. Taxminlarcha, bu yer osti yo‘li Shimoliy Koreya askarlarini tashlash uchun mo‘ljallangan. Yer osti yo‘llari – granit qatlamini teshib o‘tish uchun sarflangan mashaqqatli hamda samarasiz, og‘ir mehnat natijalaridir. Bunday yer osti yo‘llari taxminan 20ta bo‘lgan, ammo faqat 4 tasi topilgan. 1975 yili 19 martda Shimoliy Koreya harbiylari tomonidan qurilgan ikkinchi infiltratsiya (sizib o‘tish) yer osti yo‘li topildi. Yer osti yo‘li chuqurligi 50 – 160 m, umumiy uzunligi – 3, 5 kmdan iborat. Yer osti yo‘li ostida uchta chiqish yo‘li, armiyani to‘plash uchun katta maydon mavjud. Ikkinchi yer osti yo‘li topilganda Shimoliy Koreyalik harbiylar tomonidan yettita Janubiy Koreyalik harbiylar o‘ldirilgan. Bu yer osti yo‘li orqali 30 ming soldat, hatto tank ham o‘ta oladi. «№3 Yer osti yo‘li» yoki «Yer osti kurash yo‘li» (uni shunday deb ham atashadi), Seuldan bor-yo‘g‘i 44 km uzoqlikda joylashgan, janubga qochib kelgan injener ko‘rsatmalariga ko‘ra topilgan. Chuqurligi 73 metr, uzunligi 2 kmdan ortiq. Koreys urushi davridan keyin asl holida qoldirilgan yagona ko‘prik – Imjingakka yaqin Pxanmunjomdagi Sachxon daryosi ustiga qurilgan. Birinchi prezident Li Sin Man unga «Qaytmas ko‘prik» deb nom qo‘ydi. Shimol va Janub o‘rtasidagi urushdan so‘ng bu ko‘prikdan ozodlik istagan 12773 kishi o‘tgan. Ko‘prikdan faqat bir tomonga qarab o‘tish mumkin bo‘lgan, ko‘prikdan o‘tgan har qanday odam har qanday holatda ham orqaga qaytishga huquqi bo‘lmagan. Ortga yo‘l yo‘q edi. Shu bilan birga ko‘prikni «Ozodlik ko‘prigi» deb ham atashgan va undan asirga olingan Janubiy Koreyalik askarlar vataniga qaytishgan. So‘nggi yillarda bu ko‘prik uzilgan masofani ulaydigan, ajralish emas, balki yarashish ramzi – Shimoliy va Janubiy Koreyani bog‘lovchi zvenoga aylanishiga umid tug‘ildi. Imjingak stansiyasi devorlariga bog‘langan tasmalar – ikki davlatdagi bir millatning birlashishiga umid qiluvchilar tilagidir. Qachonlardir parovozlar qatnagan Volchjonni temiryo‘l stansiyasi Koreya Respublikasi tomonidan chegaraga eng yaqin stansiya hisoblanadi. Bu yerda xuddi vaqtincha to‘xtab qolish ramziy ma’nosidagi poezdning oxirgi qismi o‘rnatilgan (uning oldingi qismi KXDRsi hududida qolgan). Bundan bir necha yillar oldin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi tomonga o‘zgara boshlagach, Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaga boradigan temiryo‘l stansiyasini qurishni rejalashtirishdi. Shuningdek, temiryo‘lning bir yo‘nalishini Trans Sibir magistrali bilan bog‘lash ko‘zda tutilgan edi. Ammo stansiyaga AQSh prezidenti tashrif buyurgandan so‘ng, KXDR bu loyihani «to‘xtatib qo‘ydi». Qachonlardir vayron qilingan, ajralgan millat va shu bilan birga tinchlik ramziga aylangan betaraf hudud so‘nggi o‘nyilliklarda jannat bog‘iga aylantirildi.