Kontent qismiga oʻtish

Yoruqqa qaray olmaslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Fotofobiyadan yoʻnaltirildi)

Yoruqqa qaray olmaslik, fotofobiya — koʻzning tabiiy yoki sunʼiy yoruqqa oʻta sezuvchanligi. Bunda koʻzdan yosh oqadi, xuddi bir narsa kadalayotgandek koʻz qovoqlari tortishib, ogʻriqpaydo boʻladi. Odatda, kishi normal yorugʻlikka qaray oladi, agar yoruglik oshib ketsa, nohushlik seziladi, koʻrish yomonlashadi. Bu tabiiy hol boʻlib, kasallik belgisi hisoblanmaydi. Yoruqqa qaray olmaslikda kishi normal yorugʻlikka ham qaray olmaydi. Koʻzga chang , turli zarralar va b. yot jismlar tushganda, koʻz turli gazlardan taʼsirlanganda Yoruqqa qaray olmaslik roʻy beradi. Koʻzning muguz pardasi shikastlanganda, toʻr pardaga ortiqcha yorug taʼsir etganda, uning tashqi pardalari (muguz varangdor pardalar) yalligʻlanganda, baʼzi infeksion kasalliklar (gripp, qizamik va b.)dan asorat qolganda ham kishi yoruqqa qaray olmaydi. Koʻz kasalliklari — konʼyunktivit, keratit, iridotsiklit va b.da yorugʻni sezuvchanlik ortadi. Shuning uchun Yoruqqa qaray olmaslik alomati paydo boʻlganda darhol koʻz doktoriga murojaat qilish zarur. Davosi: asosiy kasallik bartaraf qilinadi, qora kuzoynak taqib yurish tavsiya etiladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil