Kontent qismiga oʻtish

Firdavsiy maqbarasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Firdavsiy maqbarasi
آرامگاه فردوسی
Umumiy maʼlumot
Turi Maqbara
Shahar Tus, Mashhad
Mamlakat Eron bayrogʻi Eron
Qurilishi tugagan 1934-yil
Texnik holati
Material marmar va fayans[1]
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Hooshang Seyhoun
Firdavsiy maqbarasi

Firdavsiy maqbarasi — fors shoiri Firdavsiy sharafiga bunyod etilgan qabr majmuasi. Eronning Razaviy Xuroson ustonidagi Tus shahrida joylashgan boʻlib, oq marmar poydevor va nafis bezatilgan imoratdan tashkil topgan. 1930-yillarning boshida qurilgan boʻlib, Eronning boy madaniyati va tarixini namoyish etish uchun asosan Ahamoniylar meʼmorchiligi elementlaridan foydalanilgan[2]. Maqbaraning qurilishi va estetik dizayni Eronning oʻsha davrdagi madaniy va geosiyosiy mavqeyini aks ettiradi.

Firdavsiy maqbarasi Tus shahrida, Mashhaddan (Razaviy Xuroson ustonining maʼmuriy markazi) 25 kilometr shimoli-gʻarbda, ikki qishloq – Tus-e Sofali va Eslamiya oʻrtasida joylashgan. Tusga „Mashhad – Kuchan“ avtomagistrali orqali borish mumkin[3].

Majmua anʼanaviy fors bogʻi „Chahorbogʻ“ uslubida barpo etilgan. Bogʻning oʻrtasida maqbara joylashgan boʻlib, uning katta qismi oq marmardan ishlangan. Uni poydevor va uning ustidagi kub shaklidagi inshootga ajratish mumkin. Ushbu inshootning har bir tomoni ustunlar, „Shohnoma“dan olingan sahnalar tasvirlangan boʻrtma naqshlar hamda dostondan parchalar bilan bezatilgan. Fors xattotligining anʼanaviy uslubi – nastaʼliqdan foydalanilgan[4]. Qabr ham gullar bilan bezatilgan.

Inshootning oʻziga xosligi shundaki, u meʼmoriy xususiyatlariga koʻra Pasargadadagi Kir II Buyuk qabrini eslatadi. Bu oʻxshashlik ataylab qilingan, chunki shu yoʻl bilan meʼmor ishnootni Ahamoniylar davrining anʼanaviy uslubiga yaqinlashtirishi kerak boʻlgan[5]. Maqbaraning har bir tomoni zardushtiylik ramzi – faravahar bilan bezatilgan.

Maqbaraning ichki devorlari „Shohnoma“ qahramonlik dostonining asosiy lavhalari bilan bezatilgan. Ichki bezaklar meʼmor Faridun Sodiqiy tomonidan ishlangan. U asar qahramonlarini haykal va boʻrtma tasvirlar orqali juda real tarzda tasvirlangan. Devorlarda chizilgan deyarli barcha lavhalarda pahlavon Rustam obrazi uchraydi. Shundoqqina Firdavsiyning marmar qabri ustiga shoirning fors adabiyotiga qoʻshgan hissasini taʼriflovchi misralar bitilgan. Bu yerda, shuningdek, Firdavsiyning tugʻilgan va vafot etgan sanalari, maqbara qurilgan sana ham bor.

  1. „FERDOWSI, ABU’L-QĀSEM iii. MAUSOLEUM“. iranicaonline.org. Qaraldi: 22-noyabr 2025-yil.
  2. A. Shahpur, Shahbazi „Ferdowsi, Abul-qasem. Mausoleum“. Encyclopedia Iranica. Columbia University (1999-yil 15-dekabr). Qaraldi: 2025-yil 22-noyabr.
  3. آرامگاه فردوسی توس (Wayback Machine saytida 2013-05-12 sanasida arxivlangan) Wayback Machinedagi asl nusxadan arxivlangan arxiv nusxasi. (12-may 2013-yil)آرامگاه فردوسی توس |
  4. „خراسان رضوی مشهد آرامگاه فردوسی“. 2022-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 24-iyun.
  5. „آرامگاه فردوسی(شهر توس- مشهد)“. 2017-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 24-iyun.