Ferrero Rocher
|
| |
| Mahsulot turi | Bonbon |
|---|---|
| Egasi | Ferrero |
| Mamlakat | Italiya |
| Veb-sayt | ferrerorocher.com |
Ferrero Rocher (UK: /fəˌrɛəroʊ ˈrɒʃeɪ/, US: /-roʊˈʃeɪ/, italyancha: [ferˈrɛːro roʃˈʃe]; nomi logotipda toʻliq bosh harflar bilan yoziladi) – Italiyaga mansub Ferrero kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan shokolad va oʻrmon yongʻogʻidan (funduk) tayyorlangan qandolat mahsuloti brendi. U 1979-yilda Michele Ferrero tomonidan yaratilgan. Har bir Ferrero Rocher shar shaklidagi konfet alyumin folga bilan oʻraladi va qogʻoz qolipchaga joylanadi. Mahsulot toʻliq avtomatlashtirilgan usulda ishlab chiqariladi va ishlab chiqarish jarayonining katta qismi sir saqlanadi[1]. Ferrero Rocher butun dunyo boʻylab sotiladi va ayniqsa Mavlud bayrami bilan chambarchas bogʻlangan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ferrero Rocher 1979-yilda Italiyada, 1982-yilda esa Yevropaning boshqa hududlarida taqdim etilgan[2]. Mahsulot ixtirochisi sifatida eʼtirof etilgan Michele Ferrero shokoladga Lourdes shahridagi Rim-katolik ziyoratgohida joylashgan Rocher de Massabielle grotto (gʻor) nomini bergan. Rocher soʻzi fransuz tilidan olingan boʻlib, „qoya“ yoki „katta tosh“ degan maʼnoni anglatadi[3].
Tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Konfet markazida butun holicha qovurilgan funduk boʻlib, u yupqa vafli qobiq ichiga joylangan, fundukli shokolad bilan toʻldirilgan va ustidan sutli shokolad hamda maydalanib sepilgan funduklar bilan qoplangan[4].
Tarkibiga quyidagilar kiradi: sutli shokolad, shakar, kakao moyi, kakao massasi, yogʻsiz sut kukuni, sariyog‘, emulsifikator sifatida lesitin (soya), vanillin (sunʼiy xushboʻy modda), funduk, palma yogʻi, bugʻdoy uni, zardob (sut), kam yogʻli kakao kukuni, natriy gidrokarbonat (koʻtaruvchi modda) va tuz[5].
Ishlab chiqarish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ishlab chiqarish jarayoni qatʼiy sir tutiladi; zavod hududlariga smartfon yoki yozuv daftarlari olib kirish taqiqlangan. 2015-yil holatiga koʻra, juda kam sonli jurnalistlargina ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirish uchun taklif etilgan. Xuddi shu yil maʼlumotlariga koʻra, Alba zavodida kuniga taxminan 24 million dona Ferrero Rocher ishlab chiqarilgan.

Mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish jarayoni yarimshar shaklidagi chuqurchalari boʻlgan tekis vafli qatlamlarning konveyer liniyasi boʻylab harakatlanishidan boshlanadi. Ushbu vafli yarimsharlar keyinchalik shokolad–funduk kremi bilan toʻldiriladi[6]. Shundan soʻng, vaflining ikki qatlami (biri ichiga butun funduk joylangan, ikkinchisi esa fundukli shokolad kremi bilan toʻldirilgan) bir-biriga mahkam yopishtiriladi. Ortiqcha vafli qismlari kesib tashlanadi va natijada shar shaklidagi vafli hosil boʻladi. Hosil boʻlgan vafli sharlar avval shokolad qatlami bilan qoplanadi, undan keyin maydalangan funduk qatlami surtiladi va yakunda sutli shokoladning soʻnggi qatlami bilan oʻraladi. Shundan soʻng, tayyor shokolad shar oltinrang folga bilan oʻraladi[7].
Madaniy taʼsiri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mavlud bayrami
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ferrero Rocher Mavlud va Yangi yil bayramlari mavsumi bilan chambarchas bogʻlangan. 2015-yil holatiga koʻra, Ferrero Rocher savdosining 62 foizi yilning soʻnggi uch oyiga toʻgʻri kelgan.
1990-yillardagi reklama
[tahrir | manbasini tahrirlash]Brend Buyuk Britaniyada, shuningdek Meksika kabi boshqa mamlakatlarda 1990-yillarda suratga olingan mashhur „elchilar“ reklamasi orqali keng tanilgan[8]. Reklama Yevropadagi bir elchining rasmiy qarorgohida oʻtkazilgan ziyofatga asoslangan boʻlib, shokoladlar piramida shaklida joylashtirilgan va nafis, hashamatli mahsulot sifatida tasvirlangan. Ushbu reklama keyinchalik ommaviy madaniyatda koʻp bor parodiya qilingan[9].
2000-yilda ushbu elchilar bazmi reklama roligi Channel 4 tomonidan oʻtkazilgan „The 100 Greatest TV Ads“ soʻrovnomasida 21-oʻrinni egallagan[10].
Immigrant jamoalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ferrero Rocher AQShdagi immigrant jamoalar orasida mashhur boʻlib, bunga uning boshqa hashamatli mahsulotlarga nisbatan arzon narxi, tashqi koʻrinishining nafisligi va marketing uslubi sabab boʻlgan. Ferrero Rocher Xitoyning materik qismida sotuvga chiqishidan avval, u Gonkong aholisi tomonidan Xitoy Yangi yili arafasida materikdagi tanishlariga sovgʻa sifatida olib borilgan. Shu sababli, ular tomonidan Rocher „gold sand“ (oltin qum) laqabi bilan ham atalgan[11] .
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „The Nutella Billionaires: Inside The Secretive Ferrero Family“ (en). Forbes (2018-yil 26-iyun). Qaraldi: 2021-yil 26-mart.
- ↑ Caldwell, Zelda „How Ferrero Rocher chocolates were inspired by the Virgin Mary“ (en). Aleteia (2018-yil 8-may). 2020-yil 28-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 13-yanvar.
- ↑ „rocher - traduction - Dictionnaire Français-Anglais“. WordReference.com.
- ↑ „A Brilliant Idea …“. Ferrero Rocher. 2013-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 13-iyun.
- ↑ „Ferrero Rocher“. ferrero.ca. Qaraldi: 2016-yil 14-iyul.
- ↑ „Loynds Ferrero Rocher Type Production Line“. Loynds (2013-yil 29-dekabr). 2016-yil 10-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 13-iyul.
- ↑ Allen, Lawrence L.. Chocolate Fortunes: The Battle for the Hearts, Minds, and Wallets of China's Consumers (en). AMACOM Div American Mgmt Assn, 1 January 2010. ISBN 9780814414323.
- ↑ „The most memorable TV adverts of the past 40 years“ (en-GB). The Telegraph (2016-yil 7-iyun). Qaraldi: 2021-yil 26-mart.
- ↑ Wood, Zoe. „Family behind Ferrero Rocher linked to deal with Cadbury“. The Guardian (2009-yil 17-noyabr).
- ↑ „The 100 Greatest TV Ads“. London: Channel 4 (2000). 2001-yil 18-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 4-avgust.
- ↑ Aghajanian, Liana. „Why Immigrant Communities Love Ferrero Rochers“ (en). Thrillist (2018-yil 26-aprel). Qaraldi: 2022-yil 6-dekabr.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Vikiomborda Ferrero Rocher haqida turkum mavjud |
