Kontent qismiga oʻtish

Feride Rushiti

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Feride Rushiti

Rushiti 2023-yilda
Tavalludi 12-sentyabr 1970-yil
Dragance, Serbiya SR, Yugoslaviya SFR
Fuqaroligi Kosovo
Kasbi Doktor, inson huquqlari faoli

Feride Rushiti (1970-yil 12-sentyabr) – kosovolik inson huquqlari faoli, doktor, „Kosovo qiynoqlardan omon qolgan qurbonlarni reabilitatsiya qilish markazi“ (KRCT) direktori[1]. 2018-yil 23-mart kuni AQSh Davlat kotibining „Xalqaro jasur ayollar“ mukofotiga sazovor boʻlgan. Ushbu mukofot AQShning birinchi xonimi Melania Trump tomonidan topshirilgan[2][3][4][5][6].

Taʼlimi va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Feride Rushiti 1970-yil 12-sentyabrda dunyoga kelgan[7]. 1997-yilda Albaniyaning Tirana shahrida tibbiyot fakultetining gastroenterologiya ixtisosligini tamomlagan[8].

1998–1999-yillardagi Kosovo urushidan soʻng, Feride Rushiti urushdan keyin qaytib kelganlar va qiynoqlardan omon qolganlarga yordam koʻrsatish maqsadida Kosovodan 45 nafar sogʻliqni saqlash xodimidan iborat jamoani safarbar qilgan. U, shuningdek, Albaniyadagi qochqinlar lagerlarida shifokor sifatida xizmat qilgan va u yerda jinsiy zoʻravonlikdan omon qolganlar bilan bevosita ishlagan.

Doktor Feride Rushiti Kukesdagi qochoqlar lagerida, 1999-yil.

Urushdan keyin Kosovo qiynoqlardan omon qolgan qurbonlarni reabilitatsiya qilish markazini tashkil qilgan[9]. Markazning asosiy yoʻnalishi qiynoqlar va jinsiy zoʻravonlikdan omon qolganlarni reabilitatsiya qilish hamda ularning huquqlarini himoya qilishdan iborat edi.

Feride Rushiti hamda boshqa faol ayollar tomonidan oʻn yildan ortiq vaqt mobaynida Kosovodagi urushda jinsiy zoʻravonlik va qiynoqlarga uchragan ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning soʻzlarini hukumatga yetkazish yoʻlida faoliyat olib borilgan va hukumatga taʼsir oʻtkazishga urinilgan. Natijada, hukumat bu insonlarni urush qurboni sifatida tan olgan, yaʼni ularga rasman ushbu maqomni bergan. Bu esa qurbonlarga davlat tomonidan har oy kompensatsiya sifatida maʼlum miqdorda pul olish huquqini bergan. Qurbonlarga toʻlanadigan kompensatsiya miqdori past boʻlishi mumkinligi haqida turli mish-mishlar tarqalganida Feride Rushiti moliya vaziri Bedri Hamza bilan uchrashib, bu borada u bilan gaplashgan[10]. 2018-yilning fevral oyidan boshlab roʻyxatga olish ishlari boshlangan. Ushbu davrda jinsiy zoʻravonlikka uchragan qurbonlarga oyiga 280 AQSH dollari (taxminan 228 yevro) miqdorida kompensatsiya toʻlanadi[11].