Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi
Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi — madaniy-maʼrifiy muassasa; Respublikadagi keksa muzeylardan. Fargona shahrida joylashgan.
1897 yilda muzeyning nizomi tasdiqlangan bo‘lsa, 1899 yilning 26 may kuni «Farg‘ona viloyat xalq muzeyi»ning (uning birinchi nomi shunday edi) tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu vaqtga kelib muzeyda 2223 dona buyum va kitoblar yig‘ilgandi.
1911 yilda muzey yopildi va faqat 1920 yilda Farg‘onadagi siyosiy tuzimning o‘zgarishi natijasida, hokimiyat sovetlar qo‘liga o‘tgach, muzey qayta ochildi. Bu paytda uning maqsad va vazifasi ham butunlay o‘zgargandi. Muzeyning nomi esa, «Farg‘ona shahar ilmiy muzeyi» deb ataldi.
1922 – 1927 yillarda muzey ekspozitsiyasida qishloq xo‘jalik, hunarmandchilik, numizmatika, tabiat, tarix va etnografiya bo‘limlari mavjud edi.
1938 yildan esa, muzey «Viloyat o‘lkashunoslik muzeyi» sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi. Eksponatlar soni 15 mingdan oshdi.
Mustaqillik yillarida viloyatning ijtimoiy hayotida muzeyning roli keskin ortdi. Ayniqsa, xalqimizning boy va o‘ziga xos tarixini tiklashda, uni tadqiq etishda malakali muzey xodimlarining xizmatlari beqiyos. Buyuk vatandoshlarimiz Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yillik va Burhoniddin al-Marg‘iloniy ning 900 yillik yubileylari ana shular jumlasidandir.
Ayniqsa, muhtaram yurtboshimiz I.A.Karimovning 1998 yil 12 yanvardagi 1913-sonli «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni [1], Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 martdagi 98-sonli «Muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari to‘g‘risida»gi va 2002 yil 9 yanvardagi «Noyob zargarlik san’ati asarlarini asragan holda foydalanish va saqlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida»gi qarorlari muzey faoliyatini yanada jonlantirib yubordi.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyi barcha turdagi zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlangan bo‘lib, ular ilmiy-tadqiqot ishlarida katta samara bermoqda.
Hozir muzeyda 5 ta (tarix, tabiat, san’at, ilmiy-oqartuv va fond) bo‘lim va 10 ta (tasviriy san’at, metal va sopol buyumlar, maxsus, mato buyumlar, hujjatlar, gazeta va plakatlar, yog‘och buyumlar, arxeologiya va numizmatika, tabiat, fotonegativ va suratlar) zahiraxonalar faoliyat ko‘rsatib turibdi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyining tumanlarda 7 ta tarmog‘i mavjud.[2]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Havolar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 12.01.1998 yildagi PF-1913-son lex.uz 12.01.1998
- ↑ Farg'ona muzeyi tarixidan Wayback Machine saytida arxivlandi (2021-06-12). museumfergana.uz