Fargʻona Azot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Farg‘onaazot
Turi AJ
Sanoat kimyo sanoati
Maqomi amalda
Ishga tushgan sanasi 1962-yil avgust
Joylashuvi Farg‘ona shahri, Sanoat ko‘chasi, 222-uy
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Xoʻjayinlar Indorama Corporation (Singapur)
Boshqaruv raisi Dilshod Mannonov
Daromad 1,82 mlrd soʻm
1 819 250 762.00 soʻm (2023-yil 1-chorak)[1]
Operatsion foyda 300,81 mln soʻm
300 810 492.00 soʻm (2023-yil 1-chorak)[1]
Toza foyda 233,82 mln soʻm
233 824 994.00 soʻm (2023-yil 1-chorak)[1]
Vebsayti azot.uz
Til(lar)i oʻzbek

Fargʻona Azot — O‘zbekistonda mineral azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va sellyuloza atsetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri. Toʻliq nomlanishi "FARG‘ONAAZOT" aksiyadorlik jamiyati boʻlib, bosh ofisi Fargʻona shahrida joylashgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sovet davrida[tahrir | manbasini tahrirlash]

1958 yili Fargʻonada azotli oʻgʻitlar ishlab chiqaradigan zavod qurish haqida hukumat qarori qabul qilindi[2].

1962-yil avgustda korxona Fargʻona azotli oʻgʻitlar zavodi nomi bilan ishga tushirilgan. 1962-yil sentabr oyida birinchi mahsulot - ammiakli selitra ishlab chiqarildi. Ayni sanada birinchi marta ammoniy nitrat olindi[2].

Ammiak ishlab chiqarishning birinchi bosqichi 1964-yilda, ikkinchi navbati esa 1968-yilda Moskvadagi Ammiak ishlab chiqarish davlat instituti loyihasi asosida ishga tushirildi.

1965-yildan ammiak suvi, texnik kislorod, magniy xlorat, 1967-yildan kuchsiz azot kislotasi ishlab chiqarila boshlandi.

1982-yilda yirik vaznli ammiak agregati foydalanishga topshirildi.

1985-yilda karbamid ishga tushirildi[2].

Mustaqillik davrida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fargʻona Azot kompaniyasi 1994-yildan davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirildi. 1999-yil—2002-yilning 1-choragida defoliantlar ishlab chiqarish sexi qayta jihozlanib ishga tushirildi. Texnologiya, uskunalar Fransiyaning "TEXNIP"shirkati tomonidan yetkazib berildi[2]. Quyultirilmagan azot kislotasi va ammiak selitrasi sexlari Rossiya va Chexiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlandi.

2005-yildan boshlab korxona "Fargʻonaazot" ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi, keyinchalik "Fargʻonaazot" aksiyadorlik kompaniyasiga 2014-yilda oʻzgartirish kiritildi.

Istiqboldagi rejalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

2019-yil 3-aprel kuni 2019-2030 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan PQ-4265-sonli prezident qarori qabul qilindi. Qarorda Fargʻona Azot kompaniyasining ammiak, karbamid, ammiakli selitra ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish va bo‘sh azot kislotasi ishlab chiqarishni kengaytirish nazarda tutilgan. Xususan, ammiak ishlab chiqarishni yiliga 660 ming tonnaga, karbamid ishlab chiqarishni 600 ming tonnaga yetkazish, ammiakli selitra ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 700 ming tonna va azot kislotasi ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 530 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyilgan[3].

Yuqoridagi qaror asosida yoʻl xaritasi ishlab chiqilgan boʻlib, Fargʻona Azotda ammiak va karbamid ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun $91 mln, ammiakli selitra ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va konsentratsiya qilinmagan azot kislotasi ishlab chiqarishni kengaytirish uchun $45 mln yoʻnaltiriladi [3]. Shuningdek, “Farg‘onaazot” AJ negizida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va yangi turdagi kam tonnali kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun 12,2 mln dollar investitsiya kiritilishi belgilangan.

Egaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Fargʻona Azot" AJ davlat korxonasi sifatida faoliyat boshlagan. Mustaqillikdan keyin ham davlat nazorati saqlanib qoldi. 

2021-yil 13-fevralda imzolangan PQ-4992 sonli Prezident qarorida "Fargʻonaazot" AJ "Dehqonobod kaliy zavodi" AJ bilan birga 2021-yil noyabr oyiga qadar sotuvga qoʻyiladigan kimyo sanoati korxonalari sifatida koʻrsatilgan edi[4].

2021-yil noyabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini maʼlum qildi[5]. Xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish va kompleks tahlil o‘tkazish uchun yetakchi konsultant etib — “Deloitte” xalqaro konsalting kompaniyasi ulushni baholash ishlari uchun — “KPMG” xalqaro baholovchi kompaniyasi belgilandi.

2022-yilning avgust oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Fargʻona Azotning xususiylashtirilishi boʻyicha Amerika, Osiyo va Yevropa mamlakatlaridan 10 ta xalqaro investor qiziqish bildirganini maʼlum qildi. 5 ta talabgor esa dastlabki saralash bosqichi arizalari uchun hujjatlar toʻplamini toʻliq topshirgan. Talabgorlardan birining hujjatlar toʻplami talablarga nomuvofiqligi uchun keyingi bosqichga oʻtkazilmagan. Biroq Davaktiv tender jarayonlarining ushbu va keyingi bosqichlarida talabgorlar nomiga oydinlik kiritmagan[6][7].

2023-yilning 17-yanvar kuni eʼlon qilingan tanlov natijalariga koʻra [Singapur|Singapurning] Indorama korporatsiyasi bilan qariyb $140 mlnlik ($130 mln va 107 mlrd so'm) shartnoma imzolangan [8][9]. Ushbu shartnoma investorga korxonani modernizatsiya qilish uchun 100 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyatini yuklaydi. Yangi xoʻjayinga korxonaning barcha joriy ijtimoiy dasturlarini saqlab qolinishi, jumladan, xodimlar sonini va ish haqlarini qisqartirmaslik, xodimlarning malakasini oshirish hamda zamonaviy ekologik nazorat tizimini ishlab chiqish majburiyati ham berilgan.

Manba[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 „ГОДОВОЙ ОТЧЕТ ЭМИТЕНТА ПО ИТОГАМ 2022 ГОДА“. openinfo.uz. Korporativ axborot yagona portali. Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 „Korxona tarixi“. Azot.uz. Fargʻona Azot. Qaraldi: 9-iyun 2023-yil.
  3. 3,0 3,1 „Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori“. lex.uz. Qaraldi: 9-iyun 2023-yil.
  4. „Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sog‘lomlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori“. lex.uz. Qaraldi: 10-iyun 2023-yil.
  5. „“Farg‘onaazot” tarkibidagi 99,02 foiz davlat ulushi xususiylashtiriladi“. Spot.uz (2021-yil 1-noyabr). Qaraldi: 9-iyun 2023-yil.
  6. „"Farg'onaazot" AJning 99,02 foiz aksiyalar pakiteni sotish bo'yicha dastlabki saralash bosqichi yakunlari yuzasidan axborot“. davaktiv.uz (2022-yil 6-avgust). Qaraldi: 10-iyun 2023-yil.
  7. „“Farg‘onaazot” aksiyalarini sotib olish uchun 4 nafar da’vogar kurashadi“. Spot.uz (2022-yil 6-avgust). Qaraldi: 10-iyun 2023-yil.
  8. „“Farg‘onaazot” AJdagi davlat aksiyalar paketini sotish bo‘yicha kelishuvga erishildi“. davaktiv.uz (2023-yil 17-yanvar). Qaraldi: 10-iyun 2023-yil.
  9. „“Farg‘onaazot” Singapur kompaniyasiga 140 mln dollarga sotilmoqda“. Daryo.uz (2023-yil 17-yanvar). Qaraldi: 10-iyun 2023-yil.