Eshkakoyoqli qisqichbaqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Eshkakoyoqli qisqichbaqa (Soreroba) — qisqichbaqasimonlar sinfiga mansub umurtqasiz hayvonlar turkumi (baʼzan kenja sinfi). Uzunligi 0,1 mm — 3 sm, ayrim parazit turlari 30 sm gacha. Gavdasi murakkab bosh (unga 1 koʻkrak boʻgʻimi ham kiradi), 5 boʻgʻimli koʻkrak va 4 boʻgʻimli qoringa boʻlinadi. Qorin boʻlimida oyoqdari boʻlmaydi; bu boʻlim ayri oʻsimtali telson bilan tugaydi. Faqat nauplius koʻzchasi bor. Antennulalari uzun boʻlib, sezgi organi, suzish va suvda muallaq turish vazifasini bajaradi. Eshkakoyoq suzganda koʻkrak oyoklar eshkak rolini oʻynaydi (nomi shundan). Tana yuzasi orqali nafas oladi. Eshkakoyoqli baliqlar va ularning chavoqlari, moʻylovli kitlar va boshqalar suv hayvonlari uchun oziq. Bir qancha turlari suv hayvonlari, koʻproq baliqlarda parazitlik qiladi. Tana shakli yashash tarziga bogʻliq. Suv qaʼrida yashaydigan eshkakoyoqli qisqichbaqa tanasi suyri shaklda boʻlib, juda uzun tukli oʻsimtalarga ega; suv tubida yashaydigan eshkakoyoqli qisqichbaqa tanasi yassi, tana oʻsimtalari kalta; parazit turlarining tanasi yashash tarzi taʼsirida regressiv oʻzgarib, kuchli morfofiziologik degeneratsiyaga uchraydi (sakkulina). Ayrim turlari odam organizmida parazitlik qiluvchi tasmasimon va toʻgarak chuvalchanglarning oraliq xoʻjayini (mas, chuchuk suvlarda yashaydigan sikloplar tanasida keng tasmasimon chuvalchang va rishta lichinkalari uchraydi). 6000 dan ortiq turi maʼlum. Chuchuk suv va dengizlarda planktonning asosiy qismini tashkil etadi. Chuchuv suv havzalarida, jumladan Oʻzbekistonda sikloplar, dengizlarda kalanuslar keng tarqalgan.