Eronga qarshi xalqaro sanksiyalar
Eronga qarshi xalqaro sanksiyalar – bir necha mamlakat, jumladan, AQSH va Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar Eronga qarshi joriy qilgan sanksiyalar majmuasi. Sanksiyalar bir necha oʻn yildan beri joriy qilib kelinadi. Sanksiyalarning koʻlami juda keng boʻlib, Eron 2022-yilgacha dunyoda eng koʻp sanksiyaga yoʻliqqan davlat edi[1].
Ilk sanksiyalar 1979-yil noyabrida Tehronda AQSH elchixonasi ishgʻol qilinishi ortidan joriy qilingan. 1981-yilda bu sanksiyalar bekor qilingan, ammo 1987-yilda qaytadan joriy qilingan. 1995-yilda sanksiyalar Eron hukumati bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalarni ham qamrab olish uchun kengaytirilgan[2].
Eron oʻz yadro dasturi doirasida uranni boyitish dasturini toʻxtatishni bosh tortishi ortidan, 2006-yilda BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi doirasida mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilingan. Dastlab AQSH sanksiyalari neft-gaz sektori, bank tizimi, sugʻurta va Eron inqilobiy gvardiyasi bilan hamkorlik qilgan kompaniyalarni qamrab oldi. Keyinchalik esa sanksiyalar koʻlami yanada kengaytirildi.
2015-yilda Eron va AQSH hamda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari Eron yadro dasturini cheklashi evaziga sanksiyalarni bekor qilishga kelishdi, 2016-yilda sanksiyalar amalda bekor qilindi[3]. 2018-yilda AQSH ushbu kelishuvdan chiqdi. Oʻsha yili AQSH Eronga iqtisodiy bosimni kuchaytirdi, 2019- va 2020-yillarda sanksiyalarni yanada kengaytirdi. 2025-yilda Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya Eron oʻz majburiyatlarini bajarmayotganini aytib, Eronga qarshi sanksiyalarni qayta joriy qilish jarayonini boshladi[4].
Sanksiyalar Eron iqtisodiyoti va aholisiga jiddiy taʼsir koʻrsatib keladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Russia Is Now the World's Most-Sanctioned Nation“ (2022-yil 7-mart). 2022-yil 30-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 18-iyul.
- ↑ Zirulnick, Ariel. „Sanction Qaddafi? How 5 nations have reacted to sanctions: Iran“ (2011-yil 24-fevral). 2011-yil 15-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 13-fevral.
- ↑ „UN chief welcomes implementation day under JCPOA“. Islamic Republic News Agency (2016-yil 17-yanvar). 2019-yil 9-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 22-fevral.
- ↑ „European nations start process to impose 'snapback' sanctions on Iran“ (en). euronews (2025-yil 28-avgust). Qaraldi: 2025-yil 31-avgust.