Maʼmura Ergasheva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Maʼmura Zokirjonovna Ergasheva (1951.25.1, Toshkent) — raqqosa, baletmeyster. Oʻzbekiston xalq artisti (1983). Toshkent xoreografiya bilim yurtini (1969), Toshkent chet tillar instituti (fransuz boʻlimi)ni tugatgan (1977). 1969-yildan "Bahor" ansamblida raqqosa, baletmeyster, 1990-yildan ansamblning badiiy rahbari. E. repertuaridan jahon xalqlari raqslari, oʻzbek mumtoz va zamonaviy raqslari keng oʻrin olgan: "Gulsara", "Nozanin", "Munojot", "Larzon", "Lazgi", "Tanavor", "Arabcha", "Yaponcha", "Ispancha", "Kuba raqsi", "Eroncha", "Afgʻoncha", "Fargʻona ruboiysi", "Rohat", "Pilla", "Mustafo", "Alvido, Tokio", "Oʻn sakkiz yoshimda", "Oʻrik gullaganda" va boshqalar shular jumlasidan. Baletmeyster sifatida "Navroʻzi ajam", "Figʻonkim", "Sumalak", "Oʻzbekiston makonim", "Tavois", "Bahor nashidasi" singari raqslarni sahnalashtirgan. Respublikada oʻtkaziladigan katta bayramlar ("Navroʻz", "Mustaqillik" va boshqalar)da bosh baletmeyster sifatida faoliyat koʻrsatib keladi. "Oʻzbektelefilm" tomonidan "Maʼmura Ergasheva raqsga tushadi" nomli videofilm ishlangan (1985). "Mehnat shuhrati" ordeni (1999), "Shuhrat" medali (1998) bilan mukofotlangan.