Semiramida

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Eramdan yoʻnaltirildi)

Semiramida (yun. Shammuramat, ossuriycha — Sammuramat) — Ossuriya podshosi (malikasi) (mil. av. 9-asr oxiri), Shamshiadad V (mil. av. 823 — 811)ning xotini. Asli Bobildan. Eri vafot etgach, Adadnerari III balogʻatga yetmagan davrida (mil. av. 810—806 yillar) davlatni amalda vasiy sifatida oʻzi boshqargan. Uning hukmronligi davrida shimolidagi xalqlar va midiyaliklar bilan teztez urushlar sodir boʻlib turgan. Shu tufayli mazkur xalqlarda S. haqida afsona toʻqilgan. Unga koʻra, S. va uning eri Nin Skifiya, Eron, Arabiston, Baqtriya, Hindiston, Misr va boshqa mamlakatlarga ulkan harbiy yurishlar qilishgan, Nineviya va Bobil kabi poytaxt shaharlar bunyod etishgan. S. Hindiston yurishidan qaytib kelgach, Nin tomonidan uyushtirilgan fitnadan xabardor boʻladi va oʻz ixtiyori bilan unga taxtni topshirib kaptarga aylanadi va bir gala kaptarlar bilan saroyni tark etib uchib ketadi. Gerodot va Ktesiy S.ni dunyodagi moʻʼjizalardan biri — Bobildagi saroy tomida yaratilgan mashhur "osma bogʻlar" bunyodkori sifatida taʼriflashgan (qarang Yetti moʻʼjiza).

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Rtveladze E.V., Velikiy shelkoviy put, T., 1999.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil