Enterobioz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Enterobioz (entero... va yun. — hayot) — ostritsalar qoʻzgʻatadigan gijja kasalligi. Ular odam ichagida parazitlik qiladi. Urgʻochi gijjalar vaqtvaqti bilan orqa chiqaruv teshigidan oʻrmalab chiqib (koʻpincha kechasi) shu teshik atrofidagi teri burmalariga tuxum qoʻyadi. Tuxumlar 4—6 soat davomida lichinkalarga aylanadi. Bu davrda orqa chiqaruv teshiga sohasi qattiq qichishadi; qashinish davomida bemor parazit tuxumini qoʻliga ilashtiradi, tuxum oʻrinkoʻrpaga, kiyimkechakka ham tushadi; oʻrinkoʻrpa yigʻilganda esa tuxum baʼzan havoga oʻtadi, oʻyinchoqlarga, roʻzgʻor buyumlariga, suv, oziq-ovqatlarga, ogʻiz va burun shilliq pardalariga oʻtirib qoladi. Parazitning organizmda (ichakda) yashash davri 3—4 hafta. Shunday qilib, odamning ostritsa bilan zararlanishi doimiy ravishda davom etadi. Ostritsalar ichak devorining shilliq qavatiga boshi bilan yopishib olib, oʻsha joyda qon sizib turadigan mayda yuza yaralar hosil boʻlishiga olib keladi. Ostritsalarning yashash davomida ajratgan mahsuloti taʼsirida va unga bakterial infeksiya qoʻshilishi oqibatida ichak shilliq qavatining yalligʻlanishi, teri qattiq qichishishi bilan kechadigan allergik holat (qarang Allergiya), shuningdek, bemor qichinaverishi natijasida uzoq vaqt bitmaydigan, jzemaga oʻxshash yara hosil boʻlishi, atrofi qizarib yalligʻlanishi mumkin. Bemor uyqusizlikdan qiynaladi, ishtahasi yoʻqoladi, boshi, qorni ogʻriydi, ichi ketib, kuchaniq keladi, asabi, ruhiyati buziladi. E. bilan kasallangan bolalarda uyqusizlik, bosh ogʻrishi, tez toliqish, ishtaha pasayishi, uyquda tish gʻijirlatish, kechasi siyib qoʻyish, burun qichishishi va boshqalar qolatlar kuzatiladi. E. boʻlgan qizlarda ostritsalar jinsiy aʼzolarga oʻrmalab chiqishi va qattiq qichishtirishi oqibatida onanizm kelib chiqadi.

E.ni vrach davolaydi.