Emulsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Emulsiya [lot. — sogʻib olingan (sut)] — bir-biri bilan aralashmaydigan suyuq dispersion muhit va suyuq (baʼzan gaz) dispers fazadan iborat sistema. Oʻzaro E. hosil qiladigan 2 suyuqlik birbirida juda oz eruvchan boʻlishi lozim. Mas, E. hosil qiluvchi suyuqliklardan biri suv, ikkinchisi esa suvda oz eriydigan yoki butunlay erimaydigan boshqa bir suyuqlik (mas, yogʻ, benzol, xloroform va h.k.) boʻlishi mumkin. Suvda oz eriydigan suyuqlik shartli ravishda "moy" ("yog") deb ataladi.

Suyuqliklarning qaysi biri dispers faza boʻlishiga qarab E. 2 turga boʻlinadi. Agar "moy" tomchilari suv ichiga tarqalgan boʻlsa (yaʼni "moy" dispers faza boʻlsa), bunday E. moyning suvdagi E.si deyiladi, aksincha,suv tomchilari moy ichiga tarqalgan boʻlsa, bunday E. suvning moydagi E.si deb ataladi.

E. jumlasiga suyuklik bilan gazdan tashkil topgan dispers sistema — koʻpikni ham kiritish mumkin, chunki koʻpiqda dispersion muhit gaz bilan suyuq holatlagi chegara sirt orqali birlashadi. 2 sof suyuqlikni bir-biri bilan aralashtirib, suyultirilgan (konsentratsiyasi 2% dan ortiq boʻlmagan) E. hosil qilish mumkin. Bunday E. bir oz vaqt oʻttanidan keyin undagi dispers faza tomchilari bir-biri bilan birlashishi tufayli 2 qavatga ajraladi.

E. tomchilarining bir-biri bilan birlashish hodisasi koalessensiya deb ataladi. E. olish uchun, birinchidan, E. tarkibiga kiruvchi suyuqliklarni yetarli darajada dispers holatga oʻtkazish va, ikkinchidan, hosil boʻlgan dispers sistemani barqarorlashtirish kerak. Buning uchun sistemaga suyuqliklarning sirt tarangligini kamaytiradigan, suyuqliklar chegarasida mustahkam parda hosil qilib, dispers faza tomchilarining bir-biri bilan birlashishiga yoʻl qoʻymaydigan 3-modda — emulgator kiritish kerak. E.ning xossalari ham, turi ham faqat 3 narsaga bogʻliq: I) dispers faza; 2) dispersion muhit va 3) emulgatorlar. Bu 3 modda orasidagi miqdoriy va sifat nisbatlarining oʻzgarishi E. xossalarini va uning turini tubdan oʻzgartiradi.

E. xossalari jihatidan 3 sinfga boʻlinadi: suyultirilgan E.lar; konsentrlangan E.lar; yuqori konsentratsiyali E.lar. Bir tipdagi E.ning ikkinchi tipdagi E.ga oʻtish hodisasi E. fazalarining almashinuvi deyiladi. Mexanik taʼsir natijasida ham E. fazalarini almashtirish mumkin. Mas, qaymoqni quvlab moy tayyorlashda moysuv tipidagi E. suvmoy tipidagi E.ga aylanadi.

E. texnika va biol.da, oziq-ovqat sanoati va boshqalarda katta ahamiyatga ega. E.lanish (E.ning yemirilish) jarayonlari sovun pishirish, neft tarkibidagi suvni yoʻqotish, neft solinadigan idishlarni tozalash, sariyogʻ va margarin ishlab chiqarish, tabiiy kauchukni qayta ishlash, kerakli suyuqlikdagi surkov moylari tayyorlash va boshqalarda keng qoʻllanadi.