Emir Buxarskiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Harbiy kemaning koʻrinishi
Mamlakat: Rossiya imperiyasi;
Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi
Maqomi: Harbiy kema
Holati: Saqlanib qolmagan
Tashkilot: Harbiy-dengiz kuchlari
Tayyorlovchi shirkat: "Skandinaviya kemasozlik jamiyati"
(„Общества скандинавского корабельного дока“)
Mema qurilishiga buyurtma berilgan sana: 20-mart 1904-yil
Qurilish boshlangan sana: iyun 1904-yil
Flot roʻyxatiga kiritilgan sana: 11-sentabr 1904-yil
Suvga tushirilgan sana: 30-dekabr 1904-yil
Flot tarkibiga kirgan sana: 15-may 1905-yil
Flot roʻyxatidan chiqarilgan sana: 1-dekabr 1925-yil
Yoʻqotilgan sana: dekabr 1925-yil
Hususiyatlari
Moʻljallangan odam: 99 nafar
Uzunligi: 72,5 m
Eni: 8,2 m
Quvvati: 6200 ot kuchi
Balandligi: 2,9 m
Tezligi: 25 uzel
Commons: Emir Bukharskiy (ship, 1905)

Emir Buxarskiy (Yakov Sverdlov) (ruscha: Эмир Бухарский, ruscha: Яков Свердлов) — harbiy kema. Rossiya esminetsi (eskadra mina tashuvchisi; 1907—1925). Qisqa muddat mina kreyseri (1904—1907) vazifasini bajargan. Rossiya imperiyasi va undan keyin, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi Harbiy-dengiz kuchlarining Boltiq boʻyida va Kavkaz mintaqasida joylashgan flotlari va flotiliyalari tarkibidagi harbiy kemalar safida boʻlgan.

1904-yilda Helsinkida (Helsingforsda; hozirda Finlandiya poytaxtida) ishlab chiqarilgan. „Fin“ turidagi toʻrtta harbiy kemalardan biri boʻlgan. Birinchi nomi, Buxoro amirligi hukmdori Abdulahadxon sharafiga atab qoʻyilgan. Keyinchalik nomi "Yakov Sverdlov"ga oʻzgartirilgan. 1925-yilning 1-dekabrida SSRI Harbiy-dengiz floti tarkibidan chiqarilgan. Shu-yilning oʻzida Astraxonda boʻlaklarga ajratilgan va metallolomga topshirib yuborilgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rus-yapon urushi boshlangandan soʻng, imperator Nikolay II boshchiligidagi rus amaldorlari, urush boshlangandan buyon boʻlib oʻtgan natijalarni tahlil qilib, Imperiya Harbiy kuchlarini modernizatsiya qilish kerak degan xulosaga kelishadi. Shunga koʻra, Dengiz flotini tiklash boʻyicha uzoq muddatli dastur ham qabul qilinadi. Dasturga koʻra Boltiq, Oq, Barens, Qora dengizlardagi va Tinch okeanidagi flotlar uchun bir necha-yil davomida oʻnlab linkorlarni, kreyserlarni, esminetslarni va suv osti kemalarini qurish rejalashtiriladi[1].

Ushbu maqsadda Rossiya imperiyasi byudjetidan yuzlab million rubl ajratilishidan tashqari, harbiy flot foydasiga aholining xayriya toʻplami ham eʼlon qilinadi. Hammasi boʻlib, 1905—1911-yillar oraligʻida 60 ga yaqin esminets yaratilgan boʻlsa, ulardan 19 (yoki 18[2]) nafari ixtiyoriy xayriya hisobiga toʻgʻri keladi. Ixtiyoriy xayriya mablagʻlari evaziga toʻplangan pullarga bir nechta suv osti kemalari ham quriladi. Bulardan tashqari, bir necha oʻn millionlab rubl miqdoridagi xayr-ehsonlarning katta miqdori birinchi harbiy samolyotlar qurilishiga, yaʼni imperiyaning Harbiy-havo flotini yaratishga sarflanadi[1].

Xayriya mablagʻlarini yigʻishni va ulardan foydalanishni, Nikolay II tomonidan tashkil etilgan „Ixtiyoriy xayriya mablagʻlari asosida dengiz flotini kuchaytirish boʻyicha maxsus qoʻmita“ („Особый комитет по усилению военного флота на добровольные пожертвования“) boshqaradi. Qoʻmita hujjatlarida Rossiya imperiyasining har bir mintaqasidan, shu jumladan Oʻrta Osiyodan, toʻplangan xayr-ehsonlar aks ettirilgan. Ushbu hujjatda, Oʻrta Osiyo mintaqasidan umumiy hisobda 1 319 090,04 rubl toʻplanganligi va shundan 1 million rubllik sezilarli miqdor Buxoro amirligi hukmdori Abdulahadxonga va qolgan 319 090,04 rubllik xayr-ehsonlarning asosiy qismi mahalliy aholiga (turli muassasalarning, idoraralarning, mahkamalarning yuqori mansabdagi shaxslari va yuqori mansabdagi harbiylarga), ozchilik qismi esa, din peshvolari va oddiy ishchilarga tegishli boʻlgani aytib oʻtilgan [1].

Helsinkidagi „Skandinaviya kemasozlik jamiyati“ („Общества скандинавского корабельного дока“) verflarida ishlab chiqarilgan va „Emir Buxarskiy“ deya nomlangan esminets, „Fin“ turidagi toʻrtta harbiy kemalardan („Dobrovolets“, „Moskvityanin“, „Fin“, „Emir Buxarskiy“) biri edi[1]. Kemaning qurilish bahosi 52 ming rublga teng boʻlgan[3].

Kema turli-yillarda Boltiq floti (1904—1918), Azov-Kaspiy (1918—1919) va Volga-Kaspiy harbiy flotiliyalari (1919—1920), Kaspiy dengiz kuchlari (1920—1923) va Boku harbiy porti (1923—1925) tarkibiga kiradi; Birinchi jahon urushida, Fevral inqilobida, Rossiyada fuqarolar urushida, Yunkerlarning Petrograddagi qoʻzgʻolonida, Saritsin hududida va Ozarbayjonda aksilinqilobchilarga va qaroqchilarga qarshi janglarda qatnashadi.

Esminets, 1925-yilning 1 dekabrida SSRI Harbiy-dengiz floti tarkibidan chiqarilib, keyinchalik Astraxonda boʻlaklarga ajratiladi va metallolomga topshiriladi.

Texnik xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kemaning sigʻimi 620 tonnaga, kema bugʻ dvigatellarining quvvati 6200 ot kuchiga, tezligi 25 uzelga va sayohat masofasi 1000 milyaga teng boʻlgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „«Эмир Бухарский»“. Topwar.ru. Qaraldi: 2020-yil 29-oktyabr.
  2. „Комитет по усилению военного флота“. Flot.com. Qaraldi: 2020-yil 29-oktyabr.
  3. „Минные крейсеры типа «Финн»“. Alfa-industry.ru. 2020-yil 3-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 29-oktyabr. (Wayback Machine saytida 2020-11-03 sanasida arxivlangan)

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

(Wayback Machine saytida 2020-11-03 sanasida arxivlangan)