Kontent qismiga oʻtish

Elizabeth Cady Stanton

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Elizabeth Cady Stanton

Stanton, 65 yosh
Tavalludi 1815-yil 12-noyabr
Johnstown, New York, AQSH
Vafoti 26-oktyabr 1902
Ijod qilgan tillari Ingliz tili
Fuqaroligi AQSh
Ota-onasi

Daniel Cady

Margaret Livingston
Qarindoshlari

James Livingston (bobosi) Elizabeth Smith Miller (amakivachchasi)

Nora Stanton Barney (nevarasi)
Imzosi

Elizabeth Cady Stanton (1815-yil 12-noyabr – 1902-yil 26-oktabr) – amerikalik yozuvchi va aktivist boʻlib, XIX asr oʻrtalari va oxirlarida AQShda ayollar huquqlari harakatining yetakchisi boʻlgan. U 1848-yilgi ayollar huquqlarini muhokama qilishga qaratilgan birinchi konvensiya – Seneca Falls konvensiyasi asoschilaridan biri va Sentiments deklaratsiyasining asosiy mualliflaridan biri edi. Uning ayollarning ovoz berish huquqi haqidagi talabi konvensiyada bahs-munozaralarga sabab boʻldi, ammo tezda ayollar harakatining asosiy tamoyiliga aylandi. U boshqa ijtimoiy sohalarda, ayniqsa abolitsionizmda faol edi.

U 1851-yilda Susan B. Anthony bilan uchrashdi va ayollar huquqlari harakatining rivojlanishi uchun juda muhim boʻlgan oʻnlab yillar davom etgan hamkorlikni tuzdi. Amerika fuqarolar urushi davrida ular qullikni bekor qilish uchun Womenʼs Loyal National Ligasini tuzdilar. Ular 1868-yilda ayollar huquqlarini himoya qilish uchun „ Inqilob“ nomli gazetani nash qilishdi.

Stanton Ayollarning saylov huquqi milliy assotsiatsiyasi prezidenti boʻldi. Yigirma yildan koʻproq vaqt davomida, Stenton tashkilotning birinchi prezidenti maqomida boʻldi. Bu faxriy lavozim edi. Stanton tashkilotning ayollarning ovoz berish huquqiga tobora koʻproq eʼtibor qaratayotganiga qaramay, ayollar huquqlarining keng doirasi ustida ishlashda davom etdi.

Stanton „Ayollarning saylov huquqi tarixi“ uch jildlik kitobining asosiy muallifi edi. Shuningdek, „Ayollar Injili“ kitobining ham asosiy muallifi boʻlgan. Bu kitob ayollarga boʻlgan munosabat va notoʻgʻri qarashlarni oʻzida aks ettiradi.

Elizabeth Cady Nyu-Yorkning Johnstown shahrida tugʻilgan. Shaharning bosh maydonidagi ularning oilaviy saroyini oʻn ikki xizmatkor boshqargan. Uning konservativ otasi Daniel Cady, shtatdagi eng boy yer egalaridan biri edi. U Federalistlar partiyasining aʼzosi hamda AQSh Kongressida bir muddat ishlagan edi[1].

Uning onasi Margaret Cady 1867-yilda ayollarning saylov huquqi uchun petitsiyani imzolagan. U boʻyi olti fut, kuchli irodali va oʻziga ishongan… U uydagi oʻzidan 12 yosh katta boʻlgan eridan qoʻrqmaydigan yagona odam edi" deb taʼriflangan. Elizabeth oilada oʻn bir bolaning yettinchisi edi, ulardan olti nafari, barcha oʻgʻil bolalar voyaga etmasdan vafot etgan edi. Koʻp bola tugʻib, ularning koʻpining oʻlimini koʻrish iztirobidan charchagan onasi oʻzini oʻzi ayblab, tushkunlikka tushgan edi. Katta qizi Tryphena eri Edward Bayard bilan birga kichik bolalarni tarbiyalash mas’uliyatini oʻz zimmasiga oldi.

Stanton oʻzining „Eighty Years & More“ xotira kitobida uning yoshligida uyida uchta afro-amerikalik xizmatkor boʻlganini aytdi. Tadqiqotchilar ulardan Peter Teabout qul boʻlganini va 1827-yil 4-iyulda Nyu-York shtatidagi barcha qullar ozod qilinmaguncha shunday boʻlib qolganligini aniqlaganlar. Stanton uni mehr bilan eslab, u va uning opa-singillari bilan Episcopal cherkovida qatnashganini aytdi. Elizabeth Teabout va u oq tanlilar bilan emas, balki cherkovning orqa tomonida oʻtirganini eslaydi.

Taʼlimi va intellektual rivojlanish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Stanton oʻz davridagi aksariyat ayollarga qaraganda yaxshiroq taʼlim olgan. U 15 yoshigacha tugʻilgan shahri Johnstown Akademiyasida tahsil olgan. Matematika va til boʻyicha ilgʻor sinflardagi yagona qiz boʻlgan Stanton, maktabda yunon tili boʻyicha oʻtkazilgan tanlovida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan va mohir munozarachi sifatida tanilgan. U maktab yillarida qiynalmay taʼlim olganini aytgan va u yerda jinsiy kamsitishga duch kelmaganini taʼkidlagan[2][3].

U jamiyatning ayollarga past nazar bilan qarashi his qilgan, ayniqsa, bu holat yagona tirik qolgan akasi Eleazar Union Collegeni (Schenectady) tugatgandan soʻng, 20 yoshida vafot etganida kuchli sezilgan. Uning ota-onasi chuqur qaygʻuga botgan. Oʻsha paytda oʻn yoshda boʻlgan Stanton otasini yupatishga harakat qilib, akasining oʻrnini bosishga harakat qilishini aytgan. Biroq otasi unga:"Oh, qizim, koshki sen oʻgʻil boʻlganingda!" deb javob qaytargan[4][3].

Stanton yoshligida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlgan. Qoʻshnisi, ruhoniy Simon Hosack unga yunon tili va matematikani oʻrgatgan. Kelinoyisi Edward Bayard, yaʼni Eleazarning Union Collegedagi sobiq sinfdoshi, unga falsafa va ot minish boʻyicha saboq bergan. Otasi esa unga huquq kitoblarini olib kelib, kechki ovqat paytida huquqshunos shogirdlari bilan bahslarda qatnashishiga sharoit yaratib bergan.

Stanton kollejga borishni juda xohlardi, biroq oʻsha davrda hech bir oliy taʼlim muassasasi qizlarni qabul qilmas edi. Bundan tashqari, otasi avvaliga unga qoʻshimcha taʼlim kerak emas deb hisoblagan. Ammo oxir-oqibat u qizini Nyu-Yorkning Troy shahrida Emma Willard tomonidan tashkil etilgan va boshqarilgan Troy ayollar seminariyasiga oʻqishga joylashtirishga rozi boʻlgan[3].

Stanton oʻz xotiralarida Troyda talabalik yillari davrida olti hafta davom etgan diniy uygʻonish harakati uni chuqur larzaga solganini yozgan. Ushbu diniy harakat evangelist voiz va xristian uygʻonish harakatining asosiy yetakchilaridan biri boʻlgan Charles Grandison Finney tomonidan boshqarilgan.

Bolaligidagi kalvinistik presviterianlik taʼlimoti bilan uygʻunlashgan ushbu vaʼzlar uni oʻzining oxirat kunida azob chekishi ehtimoli sabab qoʻrquvga solgan: „Hukm kuni qoʻrquvi qalbimni qamrab oldi. Jazoga hukm qilinganlarning azob chekish manzaralari tushlarimda meni taʼqib qila boshladi. Ruhiy azoblanish salomatligimga jiddiy ziyon yetkazdi.“[5]

Stantonning otasi va pochchasi uni Finneyning ogohlantirishlariga eʼtibor bermaslikka ishontirishgan. Ular uni olti haftalik safarga Niagara sharsharasiga olib ketishgan va bu vaqt davomida u ratsionalist faylasuflarning asarlarini oʻqib, aqlini va ruhiy muvozanatini tiklashga erishgan.

Biroq, Stantonning biograflaridan biri Lori D. Ginzberg bu hikoyada muammolar borligini aytib oʻtgan. Uning fikricha, Finney Stanton Troyda boʻlgan paytda u yerda olti hafta davomida vaʼz qilmagan[6].

Turmushi va oilasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Elizabeth Cady Stanton va qizi, Harriot

Yoshligida Stanton tez-tez amakivachchasi Gerrit Smithning uyiga borib turardi. U ham Nyu-York shtatining shimoliy qismida yashagan, biroq uning qarashlari Stantonning konservativ otasinikidan butunlay farq qilardi.

Smith abolitsionist boʻlib, qullikka qarshi kurashgan va „Secret Six“ guruhining aʼzosi boʻlgan. Ushbu guruh John Brownning Harpers Ferryga hujumini moliyalashtirgan boʻlib, maqsadi qullikda boʻlgan afro-amerikaliklarning qurolli qoʻzgʻolonini boshlash edi[7].

Smithning uyida, u toʻliq yoz faslini oʻtkazib, „oila aʼzosi“ sifatida qabul qilingan vaqtida[8], Stanton taniqli abolitsionist faol Henry Brewster Stanton bilan tanishadi. Otasining ikkilanishiga qaramay, juftlik 1840-yilda turmush qurishadi. Nikoh marosimida ruhoniy nutqidan „boʻysunish“ soʻzi ataylab chiqarib tashlangan.

Stanton keyinchalik shunday deb yozgan: „Men teng huquqli munosabatga kirishayotganimni hisoblab, unga boʻysunishdan qatʼiyan bosh tortdim.“[9] Bu holat kamdan-kam uchrasa-da, butunlay noyob emas edi[10].

Stanton turmush oʻrtogʻining familiyasini oʻz ismining bir qismi sifatida qabul qilib, Elizabeth Cady Stanton yoki E. Cady Stanton deb imzo cheka boshlagan, biroq Mrs. Henry B. Stanton (Henry B. Stantonning xotini) deb yozishni istamagan[11].

Yevropadagi asal oyidan qaytganlaridan koʻp oʻtmay, Stantonlar Johnstowndagi Cady oilasi uyiga joylashadilar. Henry Stanton qaynotasi qoʻl ostida huquqshunoslikni oʻrganadi va 1843-yilda Stantonlar Massachusetsning Boston (Chelsea) shahriga koʻchib oʻtishadi, u yerda Henry advokatlik firmasiga ishga kiradi. Boston hayoti Elizabetga ham juda yoqdi, chunki u doimiy ravishda abolitsionist yigʻilishlarga qatnashib, ijtimoiy, siyosiy va intellektual muhitdan zavq olgan. Aynan shu yerda u Frederick Douglass, William Lloyd Garrison va Ralph Waldo Emerson kabi mashhur shaxslarning qilgan ishlaridan ilhomlangan[12]. 1847-yilda Stantonlar Nyu-York shtatining Seneca-Folls qishlogʻiga koʻchib oʻtishadi. Hozirda Ayollar huquqlari milliy tarixiy bogʻi tarkibiga kiradigan Elizabeth Cady Stanton uyi Elizabetning otasi tomonidan yosh oila uchun sotib olingan[13].

Ayollarning saylov huquqi milliy assotsiatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1869-yil may oyida, yakuniy konvensiyasidan ikki kun oʻtgach, Stanton, Anthony va boshqalar Stanton prezident boʻlgan Milliy Ayollar Saylov Assotsiatsiyasini tuzdilar. Olti oy oʻtgach, Lucy Stone, Julia Ward Howe va boshqalar raqobatdosh Amerika Ayollar Saylov Assotsiatsiyasini tuzdilar, u kattaroq va yaxshiroq moliyalashtirildi. Amerika Ayollar Saylov Assotsiatsiyasi siyosiy jihatdan mustaqil edi. Ular Respublikachilar partiyasi bilan yaqin aloqada boʻlish, ularni qoʻllab-quvvatlashiga olib keladi degan umidda edi. Milliy Ayollar Saylov Assotsiatsiyasi birinchi navbatda milliy darajada saylov huquqini qoʻlga kiritishga eʼtibor qaratdi, Amerika Ayollar Saylov Assotsiatsiyasi esa shtatlar boʻyicha bir necha strategiyani amalga oshirdi. Milliy Ayollar Saylov Assotsiatsiyasi dastlab Amerika Ayollar Saylov Assotsiatsiyasiga qaraganda kengroq ayollar muammolari, jumladan, ajralish va ayollar uchun teng ish haqi masalalari boʻyicha islohotlar olib borishgan[14][15].

  1. „Griffith-Williams, Brig. Eric Llewellyn Griffith, (2 May 1894–5 March 1987)“, Who Was Who, Oxford University Press, 2007-12-01, qaraldi: 2024-07-12
  2. Stanton, Eighty Years & More, pp. 33, 48
  3. 3,0 3,1 3,2 Griffith, pp. 6–9, 16–17
  4. Stanton, Eighty Years & More, p. 20
  5. Stanton, Eighty Years & More, p. 43
  6. Ginzberg, pp. 24–25
  7. Griffith, p. 24
  8. Dann, Norman K.. Ballots, Bloomers and Marmalade. The Life of Elizabeth Smith Miller. Hamilton, New York: Log Cabin Books, 2016 — 67-bet. ISBN 9780997325102. 
  9. Stanton, Eighty Years & More, p. 72
  10. McMIllen, p. 96
  11. Antal, Lara. The Women's Suffrage Movement, The Interwar Years Ser. New York, NY: Cavendish Square Publishing LLC, 2017 — 46-47-bet. ISBN 978-1-5026-2711-7. 
  12. Stanton, Eighty Years & More, p. 127
  13. Baker, p.110–111
  14. DuBois, Ellen (1994-12-31), „THE RADICALISM OF THE WOMAN SUFFRAGE MOVEMENT: NOTES TOWARD THE RECONSTRUCTION OF NINETEENTH-CENTURY FEMINISM“, Women Suffrage, DE GRUYTER SAUR, 3–11-bet, ISBN 978-3-598-41473-2, qaraldi: 2024-07-12
  15. DuBois, Ellen (1994-12-31), „THE RADICALISM OF THE WOMAN SUFFRAGE MOVEMENT: NOTES TOWARD THE RECONSTRUCTION OF NINETEENTH-CENTURY FEMINISM“, Women Suffrage, DE GRUYTER SAUR, 3–11-bet, ISBN 978-3-598-41473-2, qaraldi: 2024-07-12