Eleonora Ter-Parsegova-Maxviladze
| Eleonora Ter-Parsegova-Maxviladze | |
|---|---|
| ელეონორა [ლოლა] ტერ-ფარსეგოვა-მახვილაძე; | |
|
| |
| Tavalludi |
1875-yil 18-avgust |
| Vafoti | taxminan 1930-yillar |
| Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi, Gruziya Demokratik Respublikasi va SSSR |
| Kasbi | siyosatchi |
Eleonora „Lola“ Ter-Parsegova-Maxviladze (gruzincha: ელეონორა [ლოლა] ტერ-ფარსეგოვა-მახვილაძე; 1875-yil 18-avgustda tugʻilgan – taxminan 1930-yillarda vafot etgan) – gruzin-arman millatiga mansub siyosatchi. Sotsial-demokratik partiya aʼzosi, 1919-yildan 1921-yilga qadar Gruziya Taʼsis majlisining aʼzosi boʻlib xizmat qilgan. 1921-yilda Sovet Ittifoqi Gruziyani bosib olganidan soʻng yerosti (yashirin) muxolifat harakatida ishtirok etgan va keyinchalik oʻqituvchi boʻlib ishlagan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Eleonora Ter-Parsegova 1875-yil 18-avgustda oʻsha vaqtda Rossiya imperiyasi tarkibida boʻlgan Tbilisi shahrida dunyoga kelgan. Ulgʻaygach, gruzin shifokori Vladimir Maxviladze bilan turmush qurgan. 1902-yilda Sotsial-demokratik partiyaga aʼzo boʻlgan. 1905-yilda eri bilan birga Suxumiga koʻchib oʻtgan. U yerda oʻqituvchi boʻlib ishlagan hamda inqilobiy harakatlarga faol qoʻshilgan. Oktyabr manifestidan koʻp oʻtmay, Ter-Parsegova aʼzo boʻlgan Rossiya Sotsial-demokratik ishchilar partiyasining Batumi qoʻmitasi Suxumi boʻlimi shahar boshqaruvini oʻz qoʻliga olgan va qisqa muddat imperiya maʼmuriyatining oʻrnini egallagan. Eleonora oʻsha vaqtda koʻpincha namoyishlarning old qatorlarida yurishi bilan mashhur boʻlgan. U oʻz oʻquvchilari orasida inqilobiy gʻoyalarni targʻib qilgan va ularga „La Marseillaise“ (Fransiya milliy madhiyasi)ni oʻrgatgan, shuningdek, ushbu qoʻshiq soʻzlariga Rossiya imperatori Nikolay II haqida iqtiboslar ham kiritgan. Inqilob muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Eleonora 1908-yilda qamoqqa olingan va 1917-yilda Rossiyada imperiyasi agʻdarilib ketgunga qadar yana ikki marta hibsga olingan[1][2].
Gruziya mustaqil davlatga aylangach, 1919-yilda Eleonora Ter-Parsegova-Maxviladze Sotsial-demokratik partiya roʻyxati boʻyicha Taʼsis majlisiga saylangan. Shu tariqa u Gruziya tarixidagi birinchi demokratik tarzda saylangan, 130 nafar aʼzodan iborat parlamentga kirgan besh nafar ayoldan biriga aylangan. Majlisda Eleonora mehnat va sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha komissiya aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan. 1921-yilda Gruziya respublikasi bolsheviklar bosqinidan keyin qulagach, Ter-Parsegova-Maxviladze yangi sovet tuzumiga qarshi yerosti siyosiy qarshilik harakatiga qoʻshilgan. Eleonora Gruziya Sotsial-demokratik partiyasi huzuridagi Ayollar qoʻmitasi aʼzosi boʻlgan hamda siyosiy mahbuslar va ularning oilalariga yordam koʻrsatgan. 1922-yilda ushbu qoʻmita koʻp partiyali yerosti tashkiloti – Gruziya Siyosiy Qizil Xochiga aylantirilgan. 1926-yilga kelib, Ter-Parsegova hibsga olinib, Gruziyadan surgun qilingan. 1930-yillarda esa Eleonora vataniga qaytib kelgan. Eleonora Ter-Parsegova-Maxviladzening qachon vafot etgani nomaʼlum[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ugrekhelidze. „The five women who crafted the Georgian constitution“. JAMnews (2018). Qaraldi: 2020-yil 8-fevral.
- ↑ Khvadagiani. „Eleonora /Lola/ Ter-Parsegova-Makhviladze“. Feminism and Gender Democracy: Women's Museum. Heinrich Böll Stiftung South Caucasus (2014). Qaraldi: 2020-yil 8-fevral.
- ↑ Khvadagiani. „Eleonora /Lola/ Ter-Parsegova-Makhviladze“. Feminism and Gender Democracy: Women's Museum. Heinrich Böll Stiftung South Caucasus (2014). Qaraldi: 2020-yil 8-fevral.