Kontent qismiga oʻtish

Elektroensefalografiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Elektroensefalografiya (elektro... va yun. bosh miya va... grafiya) — bosh miya faoliyatini tekshirish usuli; bosh miyaning bioelektrik faolligini elektroensefalograf vositasida yozib olish. Bosh miyada sodir boʻladigan bioelektrik faol harakatlarni yozib olish mumkinligi va uni klinik ahamiyatini ilk marta nemis psixiatri Gans Berger aniqlagan (1929).

E.dan tadqiqot va diagnostika maqsadlarida foydalaniladi.

Miya ham oʻz faoliyatida, xuddi boshqa aʼzo va toʻqimalar singari, juda kichik elektr yurituvchi kuch (e.yu.k.) hosil qilib turadi. Uni elektroensefalografda qayd etish mumkin. Buning uchun tekshirilayotgan odam boshiga plastinkasimon elektrodlar qoʻyilib, ular apparatga ulanadi, apparat miyaning biopotensiallarini yozib boradi.

Bemor boshiga elektrodlarni oʻrnatish sxemasi turlicha, eng qulayi bu Yuing usuli boʻlib, unda 12 elektrod ishlatiladi. Har xil chastotali toʻlqinlar, turli faza va amplitudalarni aks ettiruvchi egri chiziq — elektroensefalogramma (EEG) miyaning murakkab tuzilishidagi xususiyatlar, bosh miya poʻstlogʻidagi neyron va sinapslarnshk funksional holatiga qarab har xil koʻrinishda boʻladi. E. miyani nafaqat fiziologik, balki patologik holatlarini ham qayd qilishi mumkin.

Zamonaviy E. apparatlari koʻp kanalli (koʻp tarmokli) boʻlib, uning har bir kanali mustaqil kuchaytirish, filtrlash bloki (keraksiz toʻlqinlardan tozalash uchun va boshqalar), bosh miyaning barcha qismlaridan keragini tanlash uchun toʻplash (kommutator) bloki va oʻziyozar (siyohli) gʻaltakli galvanometr bilan taʼminlangan.

Hozirgi elektroensefalograf apparatlari 8—24, baʼzan 32 kanalli boʻlib, klinik diagnostikada 8 yoki 16 kanalligidan foydalaniladi; tekshiruv oʻtkaziladigan xona yorugʻ va tovushdan himoyalangan, tekshiruvchi yoki bemorga hech qanday taʼsirotlar xalal bermaydigan boʻlishi kerak. Shuningdek, uni bemorga (mijozga) mutlaqo bezarar va ogʻriqsiz ekanligi ham tushuntirilishi lozim.

Maʼlumki bosh miya biopotensiallari juda kichik, shu bois uni yozib olishda kuchli elektron kuchaytirgich (usilitel) zarur boʻladi.

E.ni monopolyar va biopolyar usullarda yozish hamda uni xohlagan kombinatsiyada amalga oshirish mumkin.

E. jarayonida turli funksional qoʻzgʻotish usullarini qoʻllash mumkin, bu sunʼiy qoʻzgʻotish bosh miyani faollashtirib, ayrim yuzaga chiqmayotgan "toʻlqinlarni" jonlantiradi, bu "chaqirilgan" elektrotoʻlqinlar orqali tegishli kasallikni aniqlasa boʻladi.

E. yozish paytida bemorni yoshi, umumiy ahvoli hamda kasallikning kelib chiqishi va boshqalar koʻpgina holatlarga ahamiyat berish lozim. E. shifokorga muhim maʼlumot berishiga qaramay, uni barcha klinik tekshirishlarga qoʻshimcha diagnostika usuli deb qarash mumkin.