Peltye effekti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Elektro-termik effektdan yoʻnaltirildi)

Peltye effekti, elektro-termik effekt — bir-biriga kavsharlangan turli jinsli ikkita oʻtkazgich yoki yarimoʻtkazgichdan tashkil topgan zanjir orqali oʻzgarmas elektr toki oʻtganda ularning bir-biriga tegib turgan joyida tokning yoʻnalishiga qarab issiqlik ajralish yoki yutilish hodisasi. Tokning yoʻnalishi oʻzgarsa, issiqlik ajralishi issiqlik yutilishi bilan almashinadi. Tokning yoʻnalishidan qati nazar kavsharlangan uchlaridan biri sovisa, ikkinchisi isiydi. Bu hodisani fransuz fizigi va meteorologi J. Sh. A. Peltye (1785— 1845) kuzatgan (1834). Peltye effekti Zeyebek ef-fektining aksidir.

Peltye effekti quyidagicha tushuntiriladi. Tok tashuvchilar (elektron yoki kovaklar) kavsharlanish chegarasining 2 tomonida kontakt potensiallar farqi tufayli turlicha energiyaga ega boʻladi. Agar zaryad tashuvchilar kavsharlangan uchidan oʻtib, kichik energiyali sohaga tushib qolsa, ular ortiqcha energiyalarini kristall panjaraga beradi, na-tijada kavsharlangan uchi qiziydi. Boshqa uchida esa tok tashuvchilar katta energiyali sohaga oʻtadi va yetishmaydigan energiyani panjaradan oladi, na-tijada bu kavsharlangan uchi soviydi.

Peltye effektidan A. F. Ioffe taklif etganidek sovitkich va isitkich qurilmalarini yaratishda foydalaniladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil