Elektr tokini uzatish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Elektr tokini uzatish — elektr st-yasidan elektr energiyasini muayyan masofaga elektr uskunalari va qurilmalari yordamida yetkazib berish. Elektr tokini uzatish u. qurilmalariga kuchlanishni kuchaytiruvchi va pasaytiruvchi transformatorlar, tayanchlarga tortiladigan simli va yerga koʻmiladigan kabelli elektr uzatish liniyalari, avariyaga qarshi va himoyalash avtomatika apparatlari kiradi. Energiya liniya orqali uzatilayotganda sim qarshiligini yengish uchun energiyaning maʼlum qismi yoʻqoladi. Energiyaning yoʻqolish miqdori tok kuchi kvadratiga va simning qarshiligiga mutanosib (proporsional) boʻladi. Sim qarshiligini kamaytirish uchun uning diametrini oshirish zarur. Simni tejash uchun Elektr tokini uzatish u. liniyalari boshiga kuchlanishni kuchaytiruvchi transformatorlar, oxiriga ega pasaytiruvchi transformatorlar oʻrnatiladi. Natijada uzatilayotgan quvvat (energiya) oʻzgarmaydi, kuchlanish qancha koʻpaysa, liniyadan oʻtayotgan tok kuchi shuncha kamayadi. Liniyaning energiya oʻtkazuvchanlik imkoniyati kuchlanish kvadratiga toʻgʻri, liniyadagi energiyaning yoʻqolishi esa kuchlanish kvadratiga teskari mutanosib boʻladi. Uzatish liniyalarining kuchlanishi uzatish masofasiga, uzatilayotgan elektr quvvatiga bogʻliq.

Uzatish liniyalari yer osti yoki suv osti kabellari va havo liniyalari shaklida qurilishi mumkin. Kabelli elektr uzatish liniyalarida energiya oʻtkazuvchanlik imkoniyati liniyaning aktiv qarshiligi bilan, havo liniyalarida esa induktiv qarshilik bilan cheklanadi. Amalda havo liniyalarining induktiv qarshiligi aktiv qarshiligidan bir necha marta katta boʻladi. Shu sababli ham ancha uzoq masofaga oʻta katta quvvatni uzatish uchun oʻzgaruvchan tok havo liniyalarida induktiv qarshilik taʼsirini kamaytirish choralari koʻriladi: sinxron yoki kondensatorli kompensatorlar, liniyaga parallel ulanadigan induktiv qarshilik — drossellar, liniyaga ketmaket ulanadigan sigʻimli qarshilik — kondensator batareyalari qoʻllaniladi. Oʻzgaruvchan tok uzatish liniyalari albatta uch fazali boʻladi. Elektr energiya uzatish liniyalari faqat oʻzgaruvchan tokda emas, balki oʻzgarmas tokda ham elektr uzatishi mumkin. Liniya orqali uzatiladigan quvvat tokning quchlanishiga va liniyaning uzunligiga bogʻliq.

Elektr tokini uzatish u. liniyalari musbat va manfiy qutb simlaridan iborat boʻladi. Liniyada yuqori kuchlanish boʻlishi uchun liniya boshidagi transformatorlar kuchaytirilgan oʻzgaruvchan kuchlanishni toʻgʻrilagichlar yordamida oʻzgarmas tokka aylantiradi. Liniya oxirida invertorlar yordamida oʻzgarmas tok oʻzgaruvchan tokka aylantiriladi, soʻngra transformatorlar yordamida yana past kuchlanishga oʻtkaziladi va isteʼmolchilarga yuboriladi (qarang Elektr tarmogʻi, Elektr taʼminoti).