Elektr organlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Elektr organlar — baliqlarning elektr razryad hosil qiluvchi juft organlari. Har qanday baliq tanasi atrofida, odatda, kuchsiz elektr maydoni hosil boʻladi. Elektr organlar konvergent usulda bir qancha baliqlar (olabugʻasimonlar, ilonbaliqlar, skatlar, laqqalar va boshqalar)da vujudga kelgan; hozirgi 300 dan ortiq tur baliqlarda Elektr organlar bor. Elektr organlar turli baliqlarda turlicha joylashadi. Har bir elektr organ ustunchaga oʻrnashgan koʻp sonli elektr plastinkalar (EP)dan tuzilgan. EP shaklan oʻzgargan muskul, nerv yoki bezli hujayralardan iborat. Hujayralar membranasida kimyoviy reaksiyalar natijasida elektr zaryadlari toʻplanadi. Plastinkalarning ostki qismi manfiy, yuqori qismi musbat zaryadlanadi. Elektr organlar plastinkalari va ustunchalari soni har xil: elektrli skatlarda 500 ga yaqin ustunchalarning har qaysisida 400 tadan EP boʻladi. Har bir ustunchadagi EP ketmaket, elektr ustunchalar esa parallel joylashgan. Elektr organlar reagentlar kelib turadigan va kimyoviy reaksiyalar mahsuloti chiqarilib turiladigan boʻlsa, elektr generator singari toʻxtovsiz ishlab turadi. Elektr organlar ishini adashgan, yuz va tiltomoq nervlari boshqaradi. Elektr organlar uchida hosil boʻladigan elektr potensiallar farqi skatlarda 300 V, elektrli ilon baliqlardz. 650 V gacha, impuls razryadi kuchi 1 kVt dan 6 kVt gacha yetadi. Elektr razryadlardan hayvonlar yirtqichlardan himoyalanish, oʻljasiga hujum qilish, tur ichidagi signalizatsiya va loyqa suvda moʻljal olish vositasi sifatida foydalanishadi. Baliqlar boshida joylashgan lorens kapsulalari elektr retseptorlar vazifasini bajarishi taxmin qilinadi. Lorens kapsulalari ingichka naylar orqali teri sirtiga va yon chiziqlari nayiga ochiladi. Boshqa baliqlarni oʻlimga olib keladigan tok kuchi Elektr organlarga ega boʻlgan baliqlar uchun xavf tugʻdirmaydi.