Effektorlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Effektorlar (lot. — yaratuvchi, ijod qiluvchi) — 1) fiziologiyada faoliyati refleks bilan bogʻliq boʻlgan ijrochi organ; organizmning qoʻzgʻatuvchiga nisbatan javob reaksiyasini taʼminlaydi. E.ga muskullar, bezlar, buyrak, elektr va boshqalar organlar kiradi. Odatda, refleks polieffektor xususiyatga ega boʻlib, uning amalga oshirilishida birdaniga bir necha xil E. qatnashadi. Bu hol refleksning tavsifi va uning biologik mohiyati bilan bogʻliq (mas, jismoniy mehnat qilinganida — muskullar, yurak, qon tomirlari, ichki sekretsiya bezlari va boshqalar organlar faollashadi). E. ishini refleksning nerv markazlari boshqaradi. Ontogenez va filogenezda markaziy boshqarilish mexanizmi ham takomillashib boradi; 2) biokimyoda — moddalar almashinuvining fermentlarga taʼsir koʻrsatadigan va ular faoliyatini kuchaytiradigan yoki kamaytiradigan mahsulotlari; 3) genetikada — repressor bilan birikib, uning operatorga taʼsirini boshqaradigan quyi molekulali moddalar. Agar E. repressorga birikkanida repressorning operatorga taʼsiri toʻxtab, operator transkripsiyasi davom etadigan boʻlsa, uni induktor deb ataladi. Agar E. faol boʻlmagan repressorga birikib, uni operatorga taʼsir koʻrsatadigan va operator transkripsiyasini toʻxtadigan faol shaklga oʻtkazsa, unga korepressor deyiladi (yana qarang Repressor).