Dorian Grayning portreti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Dorian Grayning portreti
Lippincott doriangray.jpg
Asl nomi The Picture of Dorian Gray
Muallif Oscar Wilde
Janr roman
Til ingliz
Tarjimon rus tilidan Ozod Sharafiddinov
Nashriyot Zabarjad media
Nashr etilgan sanasi 1890-2020
Sahifalar soni 320 bet
Bosh muharrirlar Maʼmura Qutliyeva
ISBN ISBN 978-9943-5841-9-8

Dorian Grayning portreti (inglizcha: The Picture of Dorian Gray) — Oscar Wildening yagona chop etilgan asari. Janri roman va ibratli qissalarning qorishmasiga oʻxshaydi. Ikkita versiyasi mavjud 1890-yil iyulidagi 14 bobli va 1891-yilning aprelidagi 20 bobli koʻrinishlari. Wildening eng muvaffaqiyatli asari boʻlib, turli davlatlarda 30 dan ortiq ekranlashtirilgan variantlari bor.

Sujet[tahrir]

Rassom Bezil Xolluord yosh va koʻrkam Dorian Grayning portretini chizadi. Yigit oʻz tasviriga mahliyo boʻlib, rasm qarisayu, oʻzi yosh qolaverishini tilaydi. Keyin u tasodifan Bezilning doʻsti lord Genri Uotton bilan tanishadi va uning gʻoyalari taʼsiriga tushib qoladi. Dorian yosh aktrisa Sibila Veynni sevib qoladi, ammo Bezil va Lord Genrini taklif etgan spektaklining barbod boʻlganidan keyin qizni qattiq xafa qiladi. Ertasiga uning toʻyi boʻlishi kerak boʻladi ammo qiz oʻz joniga qasd qilgani oshkor boʻladi. Dorian qaygʻuga tushadi, tashqi koʻrinishi oʻzgarmasada, portretida istehzoli tabassum paydo boʻlganini sezadi.

Sibilaning jigari, dengizchi Jeyms Veyn qasos olishga qaror qiladi. Genrining taʼsirida Dorian xulqi yomonlashaveradi, bu portretda aks etaversada Dorian avvalgidek koʻrkam boʻlib qolaveradi.

Bezil Xolluord insonning har bir ishi uning yuzida iz qoldirishiga ishonardi, qadamlari qanchalik yomon boʻlsa, inson shunchalik xunuklashib borardi. Bir necha yildan soʻng rassom Dorian bilan yana uchrashadi, Bezil doʻsti uchragan narsalarni eshitganiga qaramay, Dorian avvalgidek xushbichim va koʻrkam edi. Suhbatlarida u Doriandan hisob soʻraydi va Dorian unga juda xunuk va yoqimsiz odam tasvirlangan oʻz portretini koʻrsatadi. Bezil oʻz mehnatini zoʻrgʻa taniydi va eshitganlari rost ekanini tushunadi. Gray oʻsha zahoti Xolluordni oʻldiradi, chunki oʻzining axloqiy tanazzulida uni aybdor deb bilardi. Qotillikdan soʻng uni yashirin qoʻrquv taʼqib qila boshlaydi, bu qasos uchun kelgan Jeyms Veyn bilan uchrashuvda yanayam kuchayadi.

Dorian Veynni oʻzini boshqa birov adashtirganiga ishontiradi chunki u 18 yil avvalgiday koʻrkam yigit edi, ammo Veyn tezda xatosini tushunib yana uni izlay boshlaydi, lekin ovda tasodifan otilgan oʻqdan halok boʻladi.

Xavf ortda qolganiga qaramay, Dorian xotirjam boʻlolmaydi va yaxshi tomonga oʻzgarishga harakat qiladi. Oʻz fikricha uni yoqtirib qolgan dehqon qiziga tegmay, qoʻyib yuborib yaxshi ish qildim deb oʻylab, portret yaxshilangan degan umid bilan tasvirga qaraydi, ammo unday boʻlmaydi. Oʻz gunohlarining yagona guvohi boʻlgan portretni yoʻq qilish uchun unga pichoq sanchadi va oʻzi ham halok boʻladi.

Xizmatkorlar koʻrkam yigit tasvirlangan portret va uning yonida oʻz koʻksiga xanjar urgan yoqimsiz cholni topishadi. Faqat qoʻlidagi uzukka qarab bu chol Dorian ekanini bilishadi.

Qahramonlar[tahrir]

• Dorian Gray — juda koʻrkam yosh yigit. Lord Genri taʼsiriga tushib qolib, hayotini barbod qiladi. Uning obrazi nozik did, romantik va qotillikka qodir tuban shaxsni birlashtirgan. Uning xarakteridagi bu qarama-qarshilik doim ichki kurashda boʻladi.

• Bezil Xolluord — Dorian Gray portreti rassomi. U inson goʻzalligining idealini koʻrgan Dorianga bogʻlanib qolgan boʻladi. Uning qoʻlida halok boʻlishi, Dorianning qoʻriqchi-farishtasining yengilishini anglatadi. Bezilning oʻlimi bilan Dorian himoyasiz qolib ketgan edi.

• Lord Genri Uotton — oqsuyak, yangi gedonizm gʻoyasi targʻiborchisi, paradokslar shahzodasi. Uning fikrlashi viktorian ingliz jamiyatiga nisbatan tanqid edi. Dorian uchun Mefistofel rolini oʻtaydi.

• Sibila Veyn — 17 yoshlardagi aktrisa. Dorian bilan uchrashuviga qadar oʻz olamida, teatrda yashagan iqtidorli aktrisa. Muhabbati unga olamning sunʼiyligini koʻrsatadi. Uning qalbidagi ilk yorqin tuygʻu sababli aktyorlik iqtidori soʻnadi, u saroblar olamidan haqiqiy ehtiroslar olamiga oʻtishga urinadi. Spektalda Dorian qiligʻi uni oʻz joniga qasd qilishga olib keladi.

• Jeyms Veyn — Sibilaning ukasi, Avstraliyaga dengizchi boʻlib ketishni orzu qiladi. Opasining oʻlimidan soʻng hayotga qiziqishi yoʻqotib, faqat qasos istagi bilan yashaydi.

Nashr qilinish tarixi[tahrir]

Roman bor yoʻgʻi uch haftada yozilgan. Birinchi marta 1890 yil Amerikaning Lippimcottʼs Monthly Magazine jurnalida nashr etiladi. 1891-yilda Londonda alohida kitob holida chop etiladi. Bu nashrga yangi olti bob qoʻshiladi va baʼzi boblar butunlay qayta yoziladi.

Nashrdan soʻng jamiyatda janjal yuzaga keladi. Adabiyot intellektuallari uni axloqqa zid nashr deb topib, romanni taʼqiqlashni, muallifni sud qilishni talab qilishadi. Wildeni jamiyat axloqini toptashda ayblashadi. Ammo oddiy kitobxonlar romanni juda ajoyib kutib olishadi.

F. S. Fitjerald fikricha bu roman Balzakning „Sagʻri teri tilsimi“ va Gyuismansning „Teskari“ asarlari namunasida yaratilgan „17 yoshlardagi oʻsmirlarni nimanidir jiddiy oʻylashga majbur qiladigan ertaknamo qissa“ [1]

Wilde har bir kishi qahramonda oʻz taqdiri va gunohlarini koʻradi deydi: „ Har bir kishi Dorian Grayda oʻz gunohlarini koʻradi. Dorianning oʻz gunohlari nima ekanini hech kim bilmaydi. Gunohni koʻrgan odam esa oʻzi olib kelgan boʻladi“.

Oscar Wildening „Skots Observer“ muharririga yozgan xatidan, 1890 y.

Manbalar[tahrir]

  1. Fitsdjerald F. S. Portret v dokumentax: Xudoj. publitsistika. Per. s angl. / Predisl. i komment. A. Zvereva. — M.: Progress, 1984. — S. 154