Kontent qismiga oʻtish

Divriği Katta masjidi va shifoxonasi

Koordinatalari: 39°22′16.576″N 38°07′18.574″E / 39.37127111°N 38.12182611°E / 39.37127111; 38.12182611
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Masjid
Divriği Katta masjidi va shifoxonasi
turkcha: Divriği Ulu Cami ve Darüşşifası
UNESCO Jahon madaniy merosi
Mamlakat  Turkiya
Hudud Sivas (viloyat)
Shahar Divriği
Koordinatalar 39°22′16.576″N 38°07′18.574″E / 39.37127111°N 38.12182611°E / 39.37127111; 38.12182611
Umumiy maydoni 2,016 ga (4,980 akr)


Divriği Katta masjidi va shifoxonasi (turkcha: Divriği Ulu Cami ve Darüşşifası) – 1228–1229-yillarda Turkiyaning Sivas viloyati, Markaziy Anadolu mintaqasi, Divriği shahrida mahalliy Mengujekiylar sulolasi tomonidan qurilgan inshoot[1]. Majmua yuqori shaharda, qal’a etagida joylashgan. Majmuaning nafis tosh oʻymakorligi va eklektik arxitekturasi uni Onadoʻlidagi eng muhim meʼmoriy asarlar qatoriga qoʻyadi[2]. 1985-yilda UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan[3].

Shimol tomondan masjid va shifoxona majmuasining koʻrinishi, orqa fonda yuqoridagi Divriği shahri (2014-yil)

Divriği shahri IX asrda Vizantiya hukmronligi ostida tashkil etilgan, biroq Malazgirt jangida (1071) vizantiyaliklarning magʻlubiyatidan soʻng, bu hududni turk qabilalari egallab, mintaqaga joylashib olgan[4]. Bu davrda Onadoʻli hududi mahalliy turk sulolalari va Saljuqiylar sulolasining shoxlari tomonidan boshqariladigan koʻplab raqobatchi beyliklar tomonidan idora qilina boshlangan. XII asrda Divriği va unga yaqin Erzincan kabi shaharlarni Mengujekiylar (Mengüjek) sulolasi nazorat qilgan. Xuddi shu asrda amir Is’hoqning vafotidan soʻng sulola ikkiga boʻlinib, biri Divriğida, ikkinchisi esa Erzincanda hukmronlik qilgan. Mengujekiylar Koʻniya saljuqiylari bilan quda-anda boʻlib, Rum Saljuqiylari saltanati Konya markazida kuchaygan paytda ularni oʻz homiylari va ittifoqchilari sifatida tan olgan[5].

Mengücek hukmdorlari sanʼat, fan va adabiyotning buyuk homiylari boʻlgan. Sanʼatshunos Doğan Kubanning taʼkidlashicha, bu holat aynan shu davrda shaharni masjid va shifoxona qurilishi uchun zarur boʻlgan noyob sanʼatkorlar guruhi bilan boyitgan boʻlishi mumkin[6].  U, shuningdek, bu hududdagi madaniy muhit oʻsha davrda juda xilma-xil va dinamik boʻlganini ham qayd etadi. Turli guruhlarga mansub hunarmandlar va ustalar mintaqada sayohat qilib, turli homiylardan buyurtmalar olgan, natijada, turli madaniyat va anʼanalar taʼsirini oʻzida aks ettirgan eklektik meʼmoriy uslub shakllangan[6].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Majmua masjiddan iborat boʻlib, u janubiy – qibla devori orqali shifoxona bilan tutashgan. Shifoxonaga esa maqbara biriktirilgan[7].

Tashqi koʻrinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjidning asosiy kirish eshigi shimoliy tomonda joylashgan boʻlib, u baland peshtoqli darvoza bilan ajralib turadi, chuqur oʻyma tosh bezaklarining yuqori sifati va zichligi bilan mashhur. Gʻarbiy tomondagi kirish eshigi keyinroq qurilgan boʻlishi mumkin, chunki masjidning bu fasad qismi avval qulab tushgan va keyinchalik qayta tiklangan, shimoli-gʻarbiy burchagiga yumaloq tayanch qoʻshilib mustahkamlangan. Masjidning uchinchi kirish eshigi sharqiy fasadda joylashgan boʻlib, hukmdor va uning yaqinlari uchun ajratilgan masjid ichkarisidagi janubi-sharqiy burchakdagi baland yogʻoch maydonchaga olib boradigan maxsus kirish yoʻlagi boʻlib xizmat qilgan boʻlishi mumkin[8].

  1. „Great Mosque and Hospital of Divriği (fact sheet)“. Archnet. 2006-yil 26-fevralda asl nusxadan arxivlangan.
  2. Kuban, Doğan. The Miracle of Divriği: An Essay on the Art of Islamic Ornamentation in Seljuk Times (en). Istanbul: YKY, 2001. ISBN 975080290X. 
  3. „Great Mosque and Hospital of Divriği“ (en). UNESCO World Heritage Centre. Qaraldi: 2022-yil 2-mart.
  4. „Divriği“, The Grove Encyclopedia of Islamic Art and Architecture M. Bloom: . Oxford University Press, 2009. ISBN 9780195309911. 
  5. Kuban, Doğan. The Miracle of Divriği: An Essay on the Art of Islamic Ornamentation in Seljuk Times (en). Istanbul: YKY, 2001. ISBN 975080290X. 
  6. 6,0 6,1 Kuban, Doğan. The Miracle of Divriği: An Essay on the Art of Islamic Ornamentation in Seljuk Times (en). Istanbul: YKY, 2001. ISBN 975080290X. 
  7. Kuban, Doğan. The Miracle of Divriği: An Essay on the Art of Islamic Ornamentation in Seljuk Times (en). Istanbul: YKY, 2001. ISBN 975080290X. 
  8. Pancaroğlu, Oya (2009). "The Mosque-Hospital Complex in Divriği: A History of Relations and Transitions". Anadolu ve Çevresinde Ortaçağ (Ankara: AKVAD) 3: 169–98.