Deva (buddizm)
Buddizm |
|---|
| Madaniyati |
| Tarixi |
| Buddistlar |
| Maktablar |
| Ibodatxonalar |
| Matnlar |
| Portal |
Deva (Sanskrit va Pali: देव; Mongol: tenger, tenger) Buddizmda samoviy mavjudot yoki xudo turi boʻlib, Buddalarga koʻrsatiladigan darajadagi hurmat ularga koʻrsatilmasa ham, odamlarga qaraganda kuchliroq, uzoq umr koʻrgan va umuman olganda, baxtliroq boʻlish singari xudoniki kabi xususiyatlarga ega.
Buddist matnlarida shunga oʻxshash gʻayritabiiy mavjudotlarni anglatish uchun ishlatiladigan boshqa soʻzlar devatā („xudolar“) va devaputta („xudoning oʻgʻli“) hisoblanadi. Birinchisi deva („samoviylar“) soʻzi bilan sinonim boʻlsa, ikkinchisi yosh va yaqindagina oʻzining samoviy olamida paydo boʻlgan shunday bir qudratli mavjudotlarni anglatadi.
Sharqiy Osiyo Buddizmida deva soʻzi 天 (soʻzma-soʻz „jannat“) yoki 天人 (soʻzma-soʻz „samoviy odam“) deb tarjima qilinadi. Deva ning ayol ekvivalenti devi' baʼzan 天女 (soʻzma-soʻz „samoviy ayol“) deb tarjima qilinadi, masalan 吉祥天女 yoki 辯才天女 kabi nomlarda, garchi 天 yakka holda ham ishlatilishi mumkin.
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Deva mavjudotlar sinfini yoki tugʻilish siklidagi olti yoʻlning birini anglatadi. U oʻtmishdagi tirikliklari davomida toʻplagan fazilatlari darajasiga koʻra iyerarxik tartibda joylashtirilishi mumkin boʻlgan bir-biridan juda farq qiluvchi mavjudotlarni oʻz ichiga oladi. Ushbu mavjudotlarning eng quyi sinflari oʻz tabiatlari jihatidan yuqori sinf devalarga qaraganda odamlarga yaqinroqdir. Devalar oʻzlarining fazilatlari tugagach, odamlar yoki uchta yovuz yoʻldagi mavjudotlar darajasiga tushib qolishlari mumkin.
Devalar qaysi uchta dhātu yoki koinotning qaysi „olamida“ tugʻilishlariga qarab uchta sinfga boʻlinadi.
Ārūpyadhātu devalari jismoniy shaklga yoki maʼlum joyga ega emaslar va ular shaklsiz meditatsiyada yashaydilar. Ular buni boshqa tiriklikda meditatsion darajalarni egallab erishadilar. Ular koinotning qolgan qismi bilan oʻzaro aloqada boʻlmaydilar.
Rūpadhātu devalari jismoniy shaklga ega, ammo jinsiy aloqadan va ehtiroslardan xolidir[1]. Ular yer ustida qatma-qat koʻtarilgan koʻplab „jannatlar“ yoki deva olamlarida yashaydilar. Ular asosan beshta guruhga boʻlinadi:
- Śuddhāvāsa devalari Anāgāminlar, yaʼni Arhat darajasiga erishish arafasida vafot etgan buddist diniy amaliyotchilarning qayta tugʻilishlaridir (Yangi maʼrifat topgan Buddadan oʻz bilimini oʻrgatishini iltimos qilgan Brahma Sahampati oldingi Buddadan qolgan Anagami edi[2]). Ular yer yuzidagi Buddizm anʼanalarini himoya qiladilar va Śuddhāvāsa olamlaridan oʻtgach, Arhat sifatida maʼrifatga erishadilar. Ushbu olamlarning eng balandi Akaniṣṭha deb ataladi.
- Bṛhatphala devalari toʻrtinchi dhyānada erishilgan osoyishta holatlarida qoladilar.
- Śubhakṛtsna devalari uchinchi dhyānaning baxtiyorligida orom oladilar.
- Ābhāsvara devalari ikkinchi dhyānaning lazzatlaridan bahramand boʻlishadi. Ular, shuningdek, yuqoriroq devalarga qaraganda pastdagi dunyoga koʻproq qiziqish bildiradilar va baʼzan maslahat va tavsiyalar berish bilan ham shugʻullanadilar.
Ushbu deva olamlari guruhlarining har biri turli darajadagi devalarni oʻz ichiga oladi, ammo bitta guruh doirasidagi barcha devalar bir-birlari bilan oʻzaro aloqada boʻlishlari va muloqot qilishlari mumkin. Aksincha, quyi guruhlar yuqori darajadagi devalarning mavjudligi haqida ham bevosita bilimga ega emaslar. Shu sababli, baʼzi Brahmalar oʻzlarini oʻz olamlari va oʻzlaridan pastda joylashgan barcha olamlarning yaratuvchilari deb hisoblashib, kibru havoga beriladilar (chunki ular bu olamlar mavjud boʻlishidan oldin paydo boʻlganlar).
Qudrati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Devalar inson koʻzi uchun koʻrinmasdir. Deva mavjudligini „Ilohiy koʻz“ (divyacakṣus), (Pāli: dibbacakkhu), (Xitoycha: 天眼) yaʼni boshqa olamlardagi mavjudotlarni koʻrish imkonini beruvchi gʻayritabiiy qudratni ochgan insonlar sezishi mumkin. Ularning ovozlarini divyaśrotrani rivojlantirganlar, yaʼni xuddi shunga oʻxshash eshitish qudratiga ega boʻlganlar ham eshishlari mumkin.
Koʻp devalar, shuningdek, pastroq olamlardagi mavjudotlarga oʻzlarini namoyon qilishlari mumkin boʻlgan illuzion shakllarni yaratish qobiliyatiga egadir; yuqori va past darajadagi devalar baʼzan buni bir-birlariga nisbatan qilishadi.
Devalar insonlar talab qiladigan kabi ozuqaga muhtoj emaslar, lekin pastroq darajadagi turlari ovqatlanadi va suv ichishadi. Yuqori darajadagi devalar oʻzlarining ichki nurlari bilan oziqlanadilar.
Devalar, shuningdek, katta masofalarni tezda bosib oʻtish va havoda uchish qobiliyatiga egadir. Pastroq darajadagi devalar buni baʼzan uchadigan arava kabi sehrli yordam vositalari orqali amalga oshiradilar.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Budda kosmologiyasi
- ↑ Susan Elbaum Jootla: „Devalarning Oʻqituvchisi“, The Wheel Publication No. 414/416, Kandy: Buddhist Publication Society, 1997
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ; Donald S. Lopez Jr.The Princeton Dictionary of Buddhism. Princeton, New Jersey: Princeton University Press, 2013 — 232–233-bet. ISBN 978-1-4008-4805-8. Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.
- Trainor, Kevin. Buddhism: The Illustrated Guide. Oxford: Oxford University Press, 2004. ISBN 978-0-19-517398-7. Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.
- Norman, K. R. (1981). "Devas and Adhidevas in Buddhism, " Journal of the Pali Text Society 9, 145-155