Kontent qismiga oʻtish

Dermatit

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Dermatit – terining yalligʻlanishi. Tashqi muhit taʼsirotlari: terining ishqalanib shilinishi, ezilishi, kuyishi, sovuq urishi, unga nur (rentgen, radioaktiv va quyosh nurlari), turli dorilar (sulfanilamidlar, antibiotiklar) va kimyoviy moddalar taʼsir etishi, bit, burga, kandala, chivin, kana chaqishi, shuningdek, baʼzi oʻtlar (masalan, qichitqi oʻt) dermatitga sabab boʻladi.

Shartsiz taʼsirotlar (masalan, qaynagan suv) tufayli roʻy bergan dermatitda yalligʻlanish taʼsirot tekkan joyning oʻzida birdaniga vujudga keladi. Uning bu turi kontakt dermatit deyiladi. U ham oʻz navbatida oddiy yoki sunʼiy xillarga ajratiladi. Shartli, qitiqlovchi omillar taʼsirida paydo boʻlgan dermatit faqat shu omillarga nisbatan, sezuvchanligi yuqori boʻlgan organizmda kuzatiladi va u allergik dermatit deb ataladi. Belgilari: teri qizarib, shishadi, qichishadi, achishadi va qiziydi. Yalligʻlangan joyda katta-kichik pufakchalar koʻzga tashlanadi, ular yorilib, ichidan suyuklik chiqadi. Yalligʻlanish koʻpincha yuza boʻladi. Dermatitni qoʻzgʻatadigan omil uzoq taʼsir etsa, terining ostki qavatlari ham yalligʻlanib, yara boʻlishi mumkin. Namlanib turgan joylar asta-sekin quriydi, qoraqoʻtir boʻladi yoki kulrang tangachalar bilan qoplanadi, ular ham tezda tushib, oʻrnida dogʻ qoladi va keyinchalik yoʻqolib ketadi.

Terining sezuvchanligi hammada har xil; bir kishining terisiga hech qanday taʼsir etmagan omil (masalan, tuxum, baliq, qazi, qulupnay yeganda) ikkinchi kishida dermatit paydo qilishi mumkin. Dermatitning oldini olish uchun uy-joy va korxonalarni ozoda saqlash, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, korjoma, rezina qoʻlqop kiyish, yuzga oftobdan saqlaydigan surtma yoki krem surtish kerak. Davo asosan dermatitning xiliga va belgilariga qarab tayinlanadi. Hayvonlarda oddiy soʻgalli, vezikulyoz yoki pufakchali va gangrenali dermatit uchraydi. Baʼzi ozuqalar (tarkibida solanin koʻp boʻlgan kartoshka bardasi, chiqindilari va b.) toshmaga, ekzantemaga sabab boʻladi. Dorivor moddalarni teriga surtganda, ichirilganda ham dermatit rivojlanishi mumkin. Dermatitning koʻpgina turlari biologik preparatlar – tuberkulin, mallein, saramas, kuydirgi antigenlari, zamburugʻlar (dermatomikozlar), ektoparazitozlar (qoʻtir, mallofagoz, gematopinidoz va b.), endoparazitozlar (gipodermatoz, demodenoz va b.) taʼsirida paydo boʻladi. Qon zardobi, qichitqi oʻt (krapiva) allergik dermatit keltirib chiqarishi mumkin. Hayvonlar jarohatlanganda kelib chiqadigan dermatitda jun qatlami qisman yoki toʻliq tushib ketadi, teri qizaradi, shishadi, katta-kichik pufakchalar hosil boʻladi. Keyinchalik yorilib, suyuqlik chiqadi. Yalligʻlanish kuchliroq boʻlsa, terining ostki qavatlari ham kasallanib, yara boʻlishi mumkin. Yara yuzasi asta-sekin quriydi, qoraqoʻtir boʻlib, keyinchalik yoʻqoladi. Soʻgalli dermatit koʻpincha otlarda uchraydi. Shikastlangan joy qalinlashadi, oʻsimta hosil boʻladi, yoriladi, qoʻlansa hidli suyuklik ajratadi. Vezikulyoz dermatit koʻpincha qoramol va otlarda uchraydi. Qoramollarda dermatit uzoq vaqt barda bilan boqish natijasida kelib chiqadi. Gangrenoz dermatitda teri qizaradi, shishadi, junlari toʻkiladi, qichima va pufakchalar paydo boʻladi, baʼzan teri va teri osti toʻqimalari yaralanadi.

Oʻtkir dermatitda kasallik sabablarini aniqlab, qotiruvchi preparatlar qoʻllanadi. Primochka yoki brilliant yashili, malaxit yashili, metilen koʻki, pioktaninning spirtdagi eritmasi surtiladi. Vishnevskiy mazi, sintomitsin emulsiyasi va boshqalar bilan himoya bogʻlami qoʻyiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil