Deklamatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Deklamatsiya (lot. declamatio — notiqlik mashqi) — badiiy oʻqish, notiqlik sanʼatining muhim turlaridan biri. Sharqda D. qadimdan rivojlangan. Xitoy, Hind podsholari, Xorazmshohlar, sugd, sak xonlari saroylarida D. ustalari ishlagan. Oʻzbek xonliklari hududida ham D. sanʼatining mohir ustalari (maddoxlar, qissaxonlar, dostonchi, ertakchi va otinlar) yashab ijod etgan. Saroylarda tez-tez uyushtirib turilgan sheʼrxonlik ham aslida D.ning bir koʻrinishidir. 17—18-asr gʻarb mumtoz teatrida D. tushunchasi aktyorlik ijro vositalarini umumlashtirgan. 18-asr oxiri — 19-asr boshlari teatrdagi romantizm va realizm oqimlari klassitsizm qonunlaridan voz kechdi. Romantizm aktyor ijrochiligidagi ilhom hissiyot erkinligini, realizm nutq va aktyorning sahnadagi xatti-harakati tasvirlanayotgan qahramonning oʻziga xos xususiyatlarini boʻysundirdi. Keyinchalik D. soxta, sunʼiy nutq usuli tushunchasini bildiradigan boʻlib qoldi. K. Stanislavskiy D.ga aktyorlik sanʼatining quruq, soxta koʻrinishlaridan biri sifatida qaradi, hayot haqiqatiga asoslangan obraz yaratish yoʻlida D.ga qarshi kurashishga chaqirdi. Estradadagi badiiy asarlarni oʻqish keng qamrovli oʻziga xos sanʼat boʻlib, D. ning zamonaviy koʻrinishlaridan deyish mumkin.

Muhsin Qodirov.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil