Daxma (zardushtiylik)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Daxma — (forscha: دخمه, ˈdäχ-mä) — aylana shaklidagi minorasifat inshoot zardushtiylikdan qolgan, mayit saqlangan joy. Yer ustiga ishlangan va bir necha jasad qoʻyilgan inshoot.

Bu dinga koʻra oʻlikni tuproqqa koʻmish mumkin boʻlmagan, shu sababli minora shaklidagi maxsus daxmalar qurilgan. Odatda u toshlardan yasalgan yoki tabiiy tosh qoyalardan foydalanilgan. Unda oʻlik goʻshti hayvonlarga „yem boʻlgach“, goʻshtdan tozalangan suyaklari ostodonlarga (ossuariylarga) solinib, naus degan boshqa inshootga oʻtkazilgan. Eronning Kermon viloyatida va Mumbayda yashovchi zardushtiylar hanuzgacha minora shaklidagi oʻz daxmalariga ega.

Mary Boycening fikricha, daxma soʻzi hind-yevropa tillarida „dafma“ yoki „dxmbx“ shaklida uchrab „dafn qilmoq, koʻmmoq, esdan chiqarmoq, unutmoq, qabr“ kabi maʼnolarni anglatgan[1]. Daxmalar haqidagi ilk maʼlumotlar Avestoda va Gerodot asarlarida qayd etilgan [2][3].  M. Boysning maʼlumotlariga koʻra daxmalarni minoralar  shaklida barpo etish IX asrga toʻgʻri keladi [4].

Forsdagi «Sokinlik minorasi», XIX asr

„Daxma“ soʻzi ingliz tiliga „sokinlik minorasi“ shaklida tarjima qilingan boʻlib, uni tarjimon Robert Murphy amalga oshirgan[5]. Zardushtiylik urf-odatlarga koʻra harom, yaʼni, salohiyatni ifloslantiruvchi moddalar „nasu“, soch va tirnoq orqali odam tanasiga joylashishi uqtirib oʻtilgan[3]. Yer yuzi yoki olovning ifloslanishining oldini olish uchun, marhumlar minora ustida joylashtirilgan, quyoshning va (bahoriy) yirtqich qushlarning taʼsirida suyak etdan tozalangan. Shunday qilib daxma eng taʼsirli soʻzni ifoda etib, mayitning yomonliklar bilan birga chirishi maʼnosini anglatadi[6].

Daxmalar haqidagi maʼlumotlar yozma manbalar va arxeologik topilmalar asosida bizgacha etib kelgan. Jumladan Avestoda daxmalar haqida quyidagi maʼlumotlar mavjud. Axura Mazda dedi: — „Murdalarni qoʻyish uchun eng koʻp daxmalar qurilgan joy oʻta oʻksikdir“[7]. Yoki, qushlar charx urib oʻynagan oʻt-oʻlanlar barq urgan, suvlar (sharaqlab) oqqan, bahor shabadalari yerdan havr koʻtarganda  mazda yoʻlini tutganlar, oʻlikni qurumdan (katadan) olib, oftobda daxma sufasiga qoʻysinlar[8].

Kichik Avestoda esa daxmaga quyidagicha izoh berib oʻtilgan „ … daxmada ular barcha gunohlaridan afsus chekadilar va gunohlaridan forigʻ boʻladilar“.

Bir yil ichida oʻlikni qurumdan( katadan) olib daxmaga qoʻymagan odamning gunohi bir haqparast artavanni oʻldirganning gunohiga teng. Jasad yomgʻir bilan yuvilib, uning suyaklarini qushlar (yirtqichlar) etlarini poklaguncha daxmada turishi kerak[9].

Kimki oʻz boʻyi barobar daxmani buzsa, uning oʻyi-fikrida, soʻzida va amalida sodir boʻlgan gunohlari kechiriladi, goʻyoki islom dinidagi istigʻfor (kechirim) duosi ijobat boʻlgani kabi. Daxmalar devlar yashaydigan joydir, devlarning daxmalarda yashashi uning badboʻy hidi yoʻqolguncha davom etadi [10].

Antik davr mualliflaridan Strabon qoldirgan asarlardan ham daxma singari inshootlar haqida maʼlumotlarni topishimiz mumkin. Unda baqtriyaliklar qariyalarni togʻning tepasiga tashlab kelganligi yoki itlarga yem qilganligi haqida maʼlumotlar mavjud.

Demak, Avesto va yozma manbalarda oʻrganilayotgan inshoot haqida yetarlicha maʼlumotlar keltirilgan. Daxmalar boʻyicha Markaziy Osiyo arxeologiyasida ham yetarlicha maʼlumotlar mavjud.

Shimoliy Baqtriya hududida zardushtiylarning oʻlikni dafn etishga oid inshootlarni kuzatishimiz mumkin. E. V. Rtveladze Videvdatda tilga olingan uch turdagi dafn inshootlari — kata, daxma va uzdana Kampirtepada qayd etilganligini taʼkidlaydi (Rtveladze, 1988. S. 23; Rtveladze, 2001. S. 99-102.). Avestoshunos olima M. Meytarchiyan Kampirtepada oʻrganilgan bu inshootlarga oʻz fikrini bildirib, daxma boʻlishi mumkinligi xususida yozgan[11].

R. X. Sulaymanov 1963-1966-yillarda Qadimgi Naxshab shahar xarobalarini oʻrganishda shaharning shimoliy gʻarbida joylashgan Yerqoʻrgʻon daxmasini ochib oʻrgangan. Yerqoʻrgʻon daxmasining balandligi 7 metr boʻlib, 70 metr kv. maydonni egallaydi. Daxma minora shaklida qurilgan, xom gʻishtdan terilgan. Daxmaning yuqori qismiga tosh yotqizilgan (Suleymanov, 2000. S.115). Tadqiqotchi tomonidan Yerqoʻrgʻon daxmasi mil. av. II asrda bunyod etilgani maʼlum qilingan. U juda yaxshi saqlangan minora shaklidagi Markaziy Osiyodagi klassik daxmalardan biridir.

S. P. Tolstov Qadimgi Xorazm hududida 1940-yillarda mil. av. IV — VI asrlarga oid mashhur Chilpiq yodgorligini oʻrganadi va daxma sifatida eʼtirof etadi. Yodgorlik Nukus va Toʻrtkoʻl shaharlari yaqinida joylashgan. Yodgorlikning asosiy devorining balandli 15 metr boʻlib, xom gʻishtdan qurilgan.

G. A. Pugachenkova 1958-yilda Surxondaryoda joylashgan Xolchayon yodgorligida tadqiqot ishlarini olib borgan. Yodgorlik mil. av. II—I asrlarga tegishli boʻlib, undan bir qancha ossuariylar topilgan va tadqiqotlar natijasida butun shahar yaqinidagi togʻ yon bagʻri toshliklaridan daxma sifatida foydalanganlari maʼlum boʻlgan[12].

Maʼlumki, G. A. Pugachenkova arxitektorlar V. A. Nilsen va A. V. Shukurovlar hamrohligida 1960-yillarda Dalvarzintepaning topografik planini olgan va shundan soʻng tadqiqot ishlari qizgʻin davom etgan. Dalvarzintepada tadqiqotchilar uzdanaga (nausga) duch keladilar. Qazishmalar natijasida uzdananing tepa qismi daxma sifatida foydalanilganligining guvohi boʻladilar. Ikki zardushtiylik inshooti bir joyda qayd etilgan (Pugachenkova, Rtveladze, 1978. S. 109). Dalvarzintepa, Yalangtoʻshtepa, Kampirtepa va Tepai-Shoh yodgorliklarida xam nauslar uchraydi. Shahardan uzoqroqda joylashgan daxmalarda oʻliklar saqlangan va maʼlum vaqt oʻtgach suyaklari yigʻib kelingan[13].

Daxma va nauslar birga qayd etilgan Bittepa (Chagʻoniyon), Munchoqtepa (Fargʻona), Dombrobod, Toshavtomash, Qatortol (Choch), Jetiosor (Orol boʻyi) kabi yodgorliklar mavjud[14]. Ilk oʻrta asrlarda Fargʻona vodiysi zardushtiylari oʻlikni qamishdan toʻqilgan tobutlarga solib, naus sifatli yertoʻlalarda saqlashganligi B. X. Matboboevning mashhur Pop (Munchoqtepa) yodgorligida olib borgan tadqiqotlari natijasida maʼlum boʻldi.

1960-yillarda B. A. Litvinskiy Tojikistonning Shahrituz rayonida joylashgan Ushtur-Mullo, Xisht-tepa va Tepai-Shoh yodgorliklarini oʻrgangan. Qazishmalar natijasida bir nechta nauslar oʻrganilgan, ularning aksariyati tadqiqotchilarning fikricha daxma vazifasini ham bajargan[15].

Markaziy Osiyodan tashqari Kavkazda ham, jumladan Darband yodgorligi yaqinida joylashgan Narin qalʼa yonida togʻ toshlarini oʻyib, 7 ta daxma yasalganligi aniqlangan va ossuariylar topilgan[16].

Eslab oʻtilgan daxmalar antik va oʻrta asrlarga tegishli boʻlib, zardushtiylikning ilk davrida, ular qanday koʻrinishda boʻlgan degan savol tugʻilishi tabiiy hol. Bu savolga Sh. Shaydullaev va L. Stanchoning Surxondaryo viloyati Koʻhitang yon bagʻrida olib borayotgan arxeologik tadqiqot ishlari natijasida javob berish mumkin. Tadqiqotchilar bu hududda, yaʼni Sayrob, Xatak, Xoʻjaanqo, Zarabogʻ, Poshxurt qishlogʻi atroflaridan, jami 200 dan oshiq tosh qalamalari, qoʻrgʻon koʻrinishidagi daxmalarga duch kelishgan. Daxmalarning diametri 14 metrgacha boradi, balandligi, 0,60 metrgacha saqlangan. Zarabogʻ daxmalarining beshtasi oʻrganildi. Natijada, mazkur daxmalar Kuchuk I davriga oidligi, tosh qalamaning tagida hech qanday qurilmaning yoʻqligi, eng asosiysi toshlar orasidan odamlarning suyak qoldiqlarining topilishi mazkur inshootlarni  „ilk daxma“lar deb talqin qilishga imkon bergan (Stančo, Shaydullaev, 2016). Daxmalar sonining koʻpligi, tadqiqotchilarga bir kishiga atab qurilgan yoki oila daxmalari boʻlgan degan fikrni aytishga asos boʻlgan. Bu fikrni qoʻllab va davom ettirib shuni aytish mumkinki, A. Jeksonning taʼkidlashicha Eronlik zardushtiylar oʻzlariga atab bir kishilik daxmalar qurganlarini keltirib oʻtish mumkin[17][18].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Boyce, 1979 & 18.
  2. Gerodot 1972, s. 54.
  3. 3,0 3,1 Avesta 2007, s. 52.
  4. Boyce, 1979 & 56-162.
  5. Stausberg 2004.
  6. Boyce 1979.
  7. Avesta 2007, s. 20.
  8. Avesta 2007, s. 115.
  9. Avesta 2007, s. 33.
  10. Avesta 2007, s. 49.
  11. Meytarchiyan 2001, s. 66.
  12. Pugachenkova 1966, s. 242.
  13. Pugachenkova 1990, s. 82.
  14. Matboboev 2009, s. 251.
  15. Litvinskiy 1983, s. 113.
  16. Gadjiev 2007, s. 51-63.
  17. Jackson 1906, s. 398.
  18. Toshaliyev Q. Oʻrta Osiyo daxmalari

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Avesta „Zakon protov devov“ (Videvdat). Perevod E. Rtveladze i drugie. M., 2008.
  • Avesta. Xorde Avesto (Mladshaya avesta)/Podgotovka avestiyskogo teksta, perevod, predslovie, kommentariy M. V. Chistyakova Sankt-Peterburg, 2005. — 330 s.
  • Avesta: „Videvdat“ kitobi. M. Ishoqov tarjimasi T., 2007.
  • Boys M. Zoroastriysi. Verovaniya i obichai. Perevod s angliyskogo i primechaniya I.M. Steblin-Kamenskogo. M:. „Nauka“, 1988.
  • Gadjiev M. Zopoastriyskiy pogpebalniy kompleks bliz Derbent // Rossiyskaya arxeologiya, 2007 № 4. S. 51-63.
  • Gerodot. Istoriya v devyati knigax / Perevod i primechaniya G.A. Stratanovskogo. Leningrad,1972.
  • Litvinskiy B.A., Sedov A.V. Tepai-Shax. M. 1983.
  • Matboboev B.X. Qadimgi Fargʻonaning ilk oʻrta asrlar davri madaniyati. Tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya.  Samarqand, 2009.
  • Meytarchiyan M. Pogrebalnie obryadi zoroastriysev. M., 2001.
  • Pugachenkova G., Rtveladze E. i dr. Dalverzintepe — kushanskiy gorod na yuge Uzbekistana. T., 1978.
  • Pugachenkova G., Rtveladze E. Severnaya Baktriya-Toxaristan. T., 1990.
  • Pugachenkova G.A. Xalchayan. T., 1966.
  • Suleymanov R. Drevniy Naxshab. T., 2000.
  • Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 3-jild. T.
  • Boyce M. Zoroastrians: Their Religious Beliefs and Practices, London: Routledge, 1979.
  • Jackson A. V. W. Persia Past and Present. N. Y.—L., 1906
  • Stančo L., Shaydullaev Sh. The Fourth of the Good Lands New Archaeological Data on Early Zoroastrianism? Warsaw, 2016
  • Stausberg M. „Bestattungsanlagen“, Die Religion Zarathushtras, vol. 3, Stuttgart: Kohlhammer, 2004. Pp. 204-245.