Davolash badan tarbiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Davolash badan tarbiyasi - tibbiyot boʻlimi; kasalliklarni davolash va oldini olishda jismoniy mashqlar va tabiiy omillarni, shuningdek, fizioterapiya va massajni birgalikda qoʻllash. Mexanoterapiya, mehnat bilan davolash va davo massaj" D.b.t.ning tarkibiy qismidir. D.b.t. kuch-kuvvatni tiklovchi davo; uni toʻgʻri qoʻllash bemorning tez sogʻayib ketishiga, ish qobiliyatini tiklashga va uni faol mehnatga qaytarishga yordam beradi. D.b.t.ga turli jismoniy mashqlar: gimnastika (ancha joʻn va bemorga moye), sport (changʻida va piyoda sayr etish, suzish va b.) va ochiq havoda oʻtkaziladigan oʻyinlar (voleybol, tennis, basketbol) kiradi. Maxsus tanlangan mashqlar D.b.t.ning asosiy vositasidir. Jismoniy mashqlarni bajarish va organizmni chiniktirishda tabiiy omillar — suv, havo va quyoshdan foydalaniladi. D.b.t. harakat faoliyati pasaygan, kam quvvat, uzoq vaqt betob yotgan bemorlarga buyuriladi. D.b.t. operatsiyadan keyingi organizmni tiklash davrida, akusherlikda, nafas, ovqat hazm qilish, yurak-tomir, nerv sistemasi, tayanch-harakat aʼzolari, rivojlanish nuqsonlari hamda moddalar almashinuvining buzilishi bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda qoʻllaniladi. D.b.t.ni faqat davolovchi vrach buyuradi, mashgʻulotlar D.b.t. boʻyicha mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil