Darvinizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Darvinizm — organik dunyoning tarixiy rivojlanishi toʻgʻrisidagi Ch. Darvin asos solgan ilmiy dunyoqarash. Darvin koʻrsatishicha, irsiy oʻzgaruvchanlik va tabiiy tanlanish evolyusiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi. Oʻzgaruvchanlik organizmlar tuzilishi va funksiyasida yangi belgilarning hosil boʻlishidan iborat. Irsiyat orqali bu belgilar nasldan naslga oʻtadi. Yashash uchun kurash tufayli muhit sharoitiga eng yaxshi moslashgan belgiga ega boʻlgan individlar yashab, nasl qoldiradi, yaʼni tabiiy tanlanish yuz beradi. Tabiiy tanlanish natijasida yangi turlar paydo boʻladi. Shuning bilan birga organizmlarning tashqi muhitga moslanishi nisbiy xususiyatga ega. Darvin ishlaridan mustasno tarzda ingliz biologi A. Uolles ham xuddi shunday fikrga kelgan. D.ning rivojlanishi va targʻib qilinishiga ingliz tabiatshunosi T. Geksli (1860 y.da "D" terminini taklif etgan), nemis olimlari F. Myuller va E. Gekkel, rus olimlari aka-uka A.O. va V.O. Kovalevskiylar, ota-bola N.A. va A.N. Seversovlar, I.I. Mechnikov, I.I. Shmalgauzen va b. katta qissa qoʻshgan. 20-asrning 20—30-y. larida klassik D.ning genetika fani yutuqlari bilan uygʻunlashtirilishi tufayli sintetik evolyusion taʼlimot shakllana boshladi. D. yaxlit taʼlimot sifatida biol.da revolyusion burilish yasadi; kreatsionizm, vitalizm va lamarkizmga zarba berdi; 19-asrning ikkinchi yarmida tabiiy va ijtimoiy fanlar va umuman madaniyatning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Shunga qaramasdan Darvin tirikligidayoq evolyusiyada tabiiy tanlanishni inkor etuvchi yoki uning taʼsirini cheklashga harakat qiluvchi turli oqimlar paydo boʻla boshladi. Evolyusiyaning asosiy muammolari boʻyicha bahslar za-monaviy biol. fanida ham davom etib kelmoqda.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil